Siyosat
Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonga boradi
18−19-aprel kunlari Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ladi. Dushanbeda oliy darajadagi muzokaralar, qator ikki tomonlama uchrashuv va qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
NATO mutaxassislari O‘zbekiston Qurolli kuchlari kursantlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda
NATO xodimlari O‘zbekiston Qurolli kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlar harbiy alyans to‘g‘risida ma’lumot berib, NATOga a’zo davlatlarda serjantlar qanday tayyorlanishi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etdi. Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari 20-aprelgacha davom etadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda davlat ko‘mir narxini tartibga solishdan voz kechmoqchi
Davlat ko‘mirning Tariflar bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladigan va tasdiqlanadigan ulgurji va chakana narxlarni tartibga solishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda hukumat qarorida keltirib o‘tilgan.
Mart oyida ko‘chmas mulk bozorida sezilarli pasayish kuzatildi
Fevraldagi kichik o‘sishdan so‘ng mart oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sezilarli pasayish qayd etildi. Xususan, Toshkent ko‘chmas mulk bozorida faollik 20,7 foizga pasaydi. Ikkilamchi bozor pasayishni boshladi, oyiga o‘rtacha narx atigi 0,5 foizga oshdi. Poytaxt ijara bozoridagi faollik ham yanada kamaydi.
Xorazmda Eron kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilishi mumkin
O‘zbekiston va Eron hukumatlari vakillari Xorazmda Eron kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etish va 23 ta investitsiyaviy loyiha bo‘yicha hamkorlar topish istiqbollarini muhokama qildi.
Energiya resurslaridan nooqilona foydalangan yuridik shaxslar jarimaga tortilishi mumkin
O‘zbekistonda aholi tomonidan energiya tejamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan dasturlar qabul qilish rejalashtirilmoqda. Yoqilg‘i-energetika resurslaridan nooqilona (noqonuniy) foydalanganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda yana bir mozaikali bino reklama bannerlaridan tozalandi (+foto)
Toshkent shahri Beruniy-1 massivida mozaika chizilgan binodan reklama bannerlari olib tashlandi. Bu mozaik pannolar madaniy meros obyektlari qatoriga qo‘shilganidan buyon yuz bergan bu kabi kamida ikkinchi holat. Foto.
Toshkentda niqobli shaxslar tunda ekskavator yordamida daraxtni qo‘porib oldi
Yunusobod tumanida kechasi bir guruh niqobli shaxslar davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida bir tup safora daraxtini qo‘porib oldi. Ekologiya vazirligi ularning shaxsini aniqlashtirish ishlari ketayotgani, daraxt esa to‘yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda qayta ekilganini bildirdi.
Qashqadaryoda prokuratura tergovchisi 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi imtiyozli kredit maqsadli yo‘naltirilmagani yuzasidan fuqaroga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 5 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Unga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentda 5 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
16-aprel yarim tunda Toshkentning Shayhontoxur tumanida 5 ta mashina ishtirokida to‘qnashuv yuz berdi. Jarohat olganlar yo‘q. YHXB surishtiruv ishlarini boshladi.
Toshkent metrosida qizga shilqimlik qilgan yana bir yigit 5 sutkaga qamaldi
Toshkentda metro vagoni ichida qizning beldan pastki qismiga teginib, shilqimlik qilgan 25 yoshli yigit 5 sutkaga qamaldi. Ayblanuvchi sudda tiqilinchda qizga bilmay tegib ketganini aytdi. Qiz yigit bu ishni qilayotganida qo‘lidan ushlab olganini va gaplashib olmoqchi bo‘lganida yigit qochib ketganini bildirdi.
Toshkentda o‘quvchisi tok urishidan vafot etgan maktabning direktori va uning o‘rinbosariga hukm o‘qildi
O‘tgan yili Toshkent shahridagi 99-maktabda o‘quvchining elektr toki urishi oqibatida vafot etgani ortidan maktab ma’muriyatiga sud hukmi chiqarildi. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 4 yilga qamaldi, direktorga esa 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi berildi.
Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminali quriladi
Toshkent xalqaro aeroporti negizida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilmoqda. Natijada xizmat ko‘rsatish quvvati sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnaga yetadi. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, hozirgi terminal sifatli va vaqtida xizmat ko‘rsatish imkonini bermayapti.
Surxondaryoda attraksion trosi uzilib ketishi oqibatida 4 kishi jarohatlandi
Termiz shahridagi Bolajon madaniyat va istirohat bog‘ida attraksion trosi uzilib ketishi sababli 2 qiz va 2 ayol jarohatlandi. Ulardan 2 nafari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan. Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi attraksion mavsum oldidan sinovdan o‘tkazilmaganini bildirdi.
Endi Uzbekistan Airways xalqaro aviaqatnovlariga ro‘yxatdan o‘tish vaqti qatnov jo‘nashiga 1 soat qolganda tugaydi
Uzbekistan Airways endi xalqaro aviaqatnovlarga ro‘yxatdan o‘tish vaqti qatnov jo‘nashiga 40 daqiqa emas, 1 soat qolganda tugatilishini e’lon qildi.
Prezident Al-Xorazmiy shaharchasi va Beruniy muzeyini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi va universiteti hamda Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani markazida muzey qurilishi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Toshkentda fuqaro profilaktika inspektorini pichoqladi
Yangihayot tumanida janjal bo‘layotgan xonadonga borgan profilaktika inspektorini mast holdagi uy egasi pichoqladi. IIB xodimiga shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatildi. Holat bo‘yicha uy egasiga jinoyat ishi ochildi.
“Rinotin kids” siropi ruxsatnomasi bekor qilinib, dorixonalardan qaytarib olindi
Sanepidqo‘mita ovqatdan zaharlanish holatlarini kelib chiqishining oldini olish maqsadida “Rinotin kids” biologik faol qo‘shimchasiga berilgan ruxsatnomalarni bekor qildi. Respublika hududlaridagi barcha savdo tarmoqlari hamda dorixonalardan siropni qaytarib olish topshirig‘i berildi.
Sport
O‘zbekiston sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatini 7 ta medal bilan tamomladi
Sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonda o‘tgan Osiyo chempionatini 2 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan yakunladi.
Jahon
Ukrainaning Chernigov shahriga raketa zarbasi berildi, 10 dan ortiq odam halok bo‘ldi
Rossiya Ukrainaning Chernigov shahri markaziga raketa hujumini uyushtirdi, oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rasmiylar turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rganini bildirdi.
Markaziy Osiyoda demokratiya darajasi pasayishda davom etmoqda — Freedom House
Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyoda demokratik ko‘rsatkichlar pasayishda davom etmoqda, Ukrainadagi urush va boshqa mojarolar esa mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlarni tezlashtirdi, deya ta’kidladi Freedom House. O‘zbekistondagi demokratiya darajasi 7 dan 1,18 ball sifatida baholandi.
Madaniyat
Toshkentda “Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi “Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. 20-aprelga qadar ko‘rgazma zallarida TURKSOY tashkilotiga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston rassomlarining 70 dan ortiq asarlarini tomosha qilishingiz mumkin.
“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maxsus materiallar:
“Davlat o‘z funksiyalarini quruvchi kompaniyalarga yuklamasligi kerak”. Ko‘chmas mulk bo‘yicha ekspert — Toshkentni rivojlantirish haqida
Toshkentning o‘sish sur’atlari transport va ekologiya bilan bog‘liq muammolarni yanada kuchaytirmoqda. Denis Sokolov “Gazeta.uz” bilan suhbatda davlat uchun xatarlarni yumshatish, aholi uchun ularning oldini olish yo‘llari hamda toshkentliklarni jamoat transportiga o‘tkazish nega qiyin kechishi haqida so‘z yuritdi.
Fotosessiya saroyiga aylangan amir qabulxonasi. Uni Abdulahadxon Rossiya imperatorini kutib olish uchun qurdirgan edi
Buxoroga poyezdda yo‘l olgan kishi uning “yo‘ldoshi” — Kogonga borib tushadi. Vokzaldan chiqishingiz bilan, sizni Buxoro amiri qurdirgan uch qavatli muhtasham majmua — Kogon saroyi qarshi oladi. “Gazeta.uz” muxbiri saroyda bo‘lib, uning o‘tmishi va hozirgi ahvoli bilan tanishdi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!