O‘zbekistonda ko‘mir narxini davlat tartibga solishidan voz kechilishi mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining 16-apreldagi elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish to‘g‘risidagi qaroridan kelib chiqadi.

Hozirda aholiga, budjet tashkilotlariga va issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotiladigan ko‘mir ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar qatoriga kiritilib, uning narxi davlat tomonidan tartibga solinadi.

Ko‘mirning ulgurji va chakana narxlari yiliga kamida bir marta (1-iyungacha) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tariflar bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Chakana narx deganda ko‘mir mahsulotlarining Tariflar bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan tasdiqlangan narxi tushuniladi. U “Ko‘mir ta’minot” kompaniyasiga tegishli ko‘mir omborlari orqali aholiga sotiladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Energetika vazirligiga boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘mirning ulgurji va chakana narxini “bozor tamoyillari asosida” shakllantirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.

2023-yilda mamlakatda ko‘mir qazib olish hajmi 2022-yilga nisbatan 15,5 foizga oshib, 6,19 mln tonnaga yetdi. Shu bilan birga, ko‘mir, koks va briket importi ham oshdi — 204,4 mln dollargacha (+67,8 foiz).

Qozog‘istondan ko‘mir yetkazib berish 1,4 mln tonnaga oshib, 3,1 mln tonnaga (+82,3 foiz) yetdi. Qirg‘izistondan ko‘mir importi o‘tgan yilning 10 oyi davomida ikki baravar ko‘payib, qariyb 900 ming tonnani tashkil etdi.