FOTO: SHOHRUH HAYDAROV / "GAZETA.UZ"
Fotosessiya saroyiga aylangan amir qabulxonasi.
Uni Abdulahadxon Rossiya imperatorini kutib olish uchun qurdirgan edi
Buxoroning temiryoʻl vokzali yoʻq — ushbu koʻhna shaharga poyezdda yoʻl olgan kishi uning "yoʻldosh shaharchasi" hisoblangan Kogonga borib tushadi. Vokzaldan chiqishingiz bilan, sizni bundan qariyb bir yarim asr avval Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan qurdirilgan, Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi anʼanalarini oʻzida mujassam qilgan uch qavatli muhtasham majmua — Kogon saroyi qarshi oladi.
Buxoroning temiryoʻl vokzali yoʻq — ushbu koʻhna shaharga poyezdda yoʻl olgan kishi uning "yoʻldosh shaharchasi" hisoblangan Kogonga borib tushadi. Vokzalidan chiqishingiz bilan, sizni bundan qariyb bir yarim asr avval Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan qurdirilgan, Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi anʼanalarini oʻzida mujassam qilgan uch qavatli muhtasham majmua — Kogon saroyi qarshi oladi.
Oʻzim buxorolik boʻlsam-da, Kogonning tashrif qogʻozchasi hisoblangan bu tarixiy saroyni ilk bor oʻtgan yili, Mustaqillik bayrami nishonlangan kunning ertasiga borib, bafurja tomosha qildim: kecha tantana joyi boʻlgan saroy oldi bugun sahardan tozalab, yigʻishtirilayotgandi…
Tarix
Nafaqat saroy, balki umuman Kogonning butun zamonaviy tarixi temiryoʻl bilan bogʻliq. Buxoro amirligi Rossiya protektoratiga aylanganidan 20 yil oʻtib — 1888-yili imperiyaning Kaspiyorti temiryoʻli Buxorogacha, aniqrogʻi, undan 12 kilometr masofadagi (oʻsha vaqtda Yangi Buxoro deb atalgan) Kogongacha tortib kelinadi.

Bir tomondan, bu chorizm Buxoroni yanada kuchli qaramlikda saqlab turish uchun qilgan navbatchi ishlaridan biri edi — temiryoʻl Rossiyaniki, eng muhimi, unda nafaqat yuk va yoʻlovchi, zarurat tugʻilganda hatto armiyani ham tashish mumkin. Boshqa tomondan, Buxoroda tashqi dunyo bilan aloqa qilish imkonini beruvchi oʻz davrining eng ilgʻor transport vositasi paydo boʻlgandi.
Bu vositadan birinchi galda amirning oilasi faol foydalangan: Buxoroga "poyezd neʼmati" kirib kelgach, amir Abdulahadxon oilasi va ayonlari bilan birga muntazam ravishda Peterburg, Moskva, Qrimga sayohat qiladi, "dunyoni koʻrgach" Yalta, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk kabi kurortlardan yer olib, qarorgohlar qurdira boshlaydi (ularning ayrimlari hozirgacha saqlanib qolgan).

"Rossiya, Kavkazorti va Qrim shaharlarida boʻlib, u yerdagi aslzodalar hayoti bilan tanishgan amir barcha qulayliklarga ega, xorijiy mehmonlarni kutib olishga moʻljallangan milliy va yevropacha uslubda saroy barpo etishga farmon beradi", deyiladi tadqiqotchi Zilola Hamidovaning 2017-yili "Moziydan sado" jurnalida eʼlon qilingan maqolasida.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Shavkat Bobojonovning qayd etishicha, amir ushbu saroyni Rossiya imperatori Nikolay Ikkinchini Buxoroga taklif qilish maqsadida qurdirgan.
Amir Peterburgda boʻlib qaytgach, rus podshosi Nikolay Ikkinchini Buxoroga taklif etmoqchi boʻladi. Shu maqsadda imperatorlar xonadoniga toʻla mos va xos uslubda, oʻsha davr arxitektura talablari asosida saroy qurish reja qilinadi. Amir saroyni uch qavat qilib muhtasham va ulugʻvor, bir qarashda kishini oʻziga rom etadigan darajada chiroyli qilib qurish talabini qoʻygan
Shavkat Bobojonov.
Darhaqiqat, XX asr boshida Rossiya imperatorining Turkiston oʻlkasiga safari rejalashtirilgan.
Ammo 1905-yil 9 (22) yanvarda yuz bergan "Qonli yakshanba" voqealari, bu voqealar turtki bergan 1905-yilgi rus inqilobi sabab Nikolay podshoning Turkistonga safari amalga oshmay qoladi. Bobojonovning qayd etishicha, saroyda imperatorning togʻasi, knyaz Konstantin mehmon boʻlgan.
Dastlabki reja boʻyicha, saroy shahar ichida qurilishi kerak edi. Ammo, Zilola Hamidovaning yozishicha, Buxoro ulamolari shaharga gʻayridinlarning kirishiga norozilik bildirgani bois, saroyni Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda, oʻsha vaqtda Yangi Buxoro, keyinchalik esa Kogon deb atala boshlagan manzilda qurishga qaror qilinadi.
Saroy loyihasi oʻz davrining koʻzga koʻringan arxitektorlaridan biri Aleksey Leontyevich Benua tomonidan ikki yil davomida tayyorlangan. Qurilish ishlariga muhandis Dubrovin rahbarlik qilgan. Qurilish ishlariga mahalliy ustalar bilan birga Rossiya, Boltiqboʻyidan kelgan mutaxassislar ham jalb etilgan. Aksariyat manbalarda saroy qurilishi 1895-yil avgustda boshlanib, 1898-yilda tugatilgani aytiladi. Shavkat Bobojonov esa, boshqa manbalarga tayanib, qurilish 1903-yilgacha davom etganini taʼkidlaydi.
Saroy uzunligi 65, kengligi esa 34 metr boʻlgan toʻrtburchak shakldagi maydonda qurilgan. Uning poydevorini kavlashning oʻziga bir yil vaqt sarflanib, qazib olingan qum aravalarda olib chiqilgan.

Amirning "tashrif qogʻozchasi"ga aylanishi lozim boʻlgan saroy namlik va zax koʻrmasligi, atrofidagi botqoqlikni yoʻqotish uchun mukammal irrigatsiya-drenaj tizimi qurilgan. Ostidan tuz koʻtarilmasligi uchun poydevorga dastlab uch qator togʻ xarsangtoshlari terilgan.
Shavkat Bobojonovning qayd etishicha, loyihada saroy qurilishi 300 ming rubl (hozirgi kun qiymati boʻyicha taxminan 272 mlrd soʻm)ga tushishi koʻrsatilgan boʻlsa-da, amalda 50 ming rubl koʻproq — 350 ming rubl (taxminan 318 mlrd soʻm) sarflangan.
Saroy
Saroyga uning uch tomonidan joylashgan uchta darvoza orqali kirish mumkin boʻlgan. Shavkat Bobojonovning qayd etishicha, zinali kirish yoʻlaklarini tunda ikki tomondan mashʼalalar yoritib turgan. "Benua bino loyihasini shu qadar mahorat bilan ishlaganki, bir eshikdan kirgan kishi butun saroyni aylanib, mutlaq boshqa eshikdan chiqib ketishi mumkin boʻlgan", deb yozadi Zilola Hamidova.
Saroyning birinchi qavatida 17 ta xona boʻlib, ular orasida toʻrtta yotoqxona, yirik kutubxona (bu xona hozir ham kutubxona va u ishlayapti), Gʻarb uslubida qurilgan oshxona, qabul zallari, shuningdek, ball zali va maestro xonasi ham boʻlgan. Aynan ball zali — uzunligi 17 metrga choʻzilgan boʻlma — saroyning eng mahobatli xonasi hisoblanadi.
Keng va yorugʻ zal devorlariga tabiat manzaralari aks etgan oval shakldagi kartinalar solingan.
Ball zali
Foto: Behzod Boltayev / "Gazeta.uz"
Tantanalarga moʻljallangan bu xona ikki qavatli boʻlib, ikkinchi qavatida orkestr va xor jamoasi uchun oʻrinlar boʻlgan. "Xonaning musiqa tovushlariga moslangani, qurilishda ovoz chastotalarining barcha jihatlari inobatga olingani tengsiz muhandislik ishi hisoblanadi", — deydi Shavkat Bobojonov.
Ikkinchi qavatda, ashula va xor xonalaridan tashqari, nazoratchi soqchilar xonasi ham joylashgan. Uchinchi qavatdagi xonachalardan ham asosan xavfsizlik maqsadida foydalanilgan — masalan, u yerdan turib ajnabiylarning suhbatlarini maxfiy tarzda tinglash mumkin boʻlgan.
Shu bilan birga, ikkinchi qavatda ham, uchinchi qavatda ham maxsus tomosha maydonchalari tashkil etilgan. Oʻz vaqtida, Kogonda undan-da baland biror bino boʻlmagan zamonlarda, saroyning uchinchi qavatidan butun Kogon shahri kaftdagidek koʻrinib turgan.
Tom qismi
Foto: Behzod Boltayev / "Gazeta.uz"
Saroyni bezatishda meʼmorchilikning klassitsizm, mavritan, gotika, barokko, ampir uslublaridan foydalanilgan. Masalan, Shavkat Bobojonovning taʼkidlashicha, ustunlar toʻliq italyancha uslubda ishlangan. Bir qator ravoq va kichik minoralarda mavritan uslubiga xos belgilarni koʻrish mumkin.
"Sharqona uslubni esa girihlar, islimiy naqshlar orqali teran anglash mumkin", — deydi tarixchi. Saroyning ikkinchi qavat ayvonida Qurʼon oyatlari arab imlosida ganchkori bezaklar bilan gulkori qilib bitilgan. Xuddi shunday badiiy bezakni saroyning gʻarbiy kirish joyidagi ayvonning yogʻoch ustunlarida ham koʻrish mumkin.
Saroy xonalari ganchdan ishlangan golland pechlari yordamida isitilgan. Zilola Hamidovaning yozishicha, devorlar orasida maxsus yoʻlakchalar qoldirilgan, pechlardan chiqqan issiqlik esa mana shu yoʻlakchalari orqali "suzib", butun binoni bir maromda isitgan. Yozda esa, uch metr chuqurlikdagi yertoʻlaning tuynugi ochilib, yana boyagi yoʻlakchalar boʻylab salqin havo "yugurtirilgan".
"Benua loyihasining ushbu tahsinga sazovor qismi yordamida saroy qishda issiq va yozda salqin harorat bilan muntazam taʼminlangan", deya qayd etadi Zilola Hamidova. Tarixchi Shavkat Bobojonov ham xonalardagi devor ustunlari (kolonnalar) nafaqat bezak, balki, zamonaviy til bilan aytganda, konditsioner vazifasini oʻtaganini taʼkidlaydi. "Ustunlar ichidagi suv toʻldirilgan quvurlar xonalarga salqinlik ulashgan", — deydi u.
Amir Abdulahadxon davrida saroy hovlisining sharqiy va janubiy qismida favvoralar boʻlgan, ammo bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Saroyning 4 gektarlik bogʻiga Braziliya katalpasi, rus akatsiyasi, kashtan, qaragʻan, eman kabi xilma-xil manzaralari daraxtlar ekilgan.
Shavkat Bobojonovning manbalarga tayanib maʼlum qilishicha, bogʻdagi daraxtlarni koʻkartirish uchun avval yerga saksovul ekilib, shoʻrlanish yoʻqotilgan. "Bogʻni barpo etish uchun yetti yil mehnat sarflangan", — deya qoʻshimcha qildi tarixchi.
Gid Mehriniso Qodirovaning soʻzlariga koʻra, saroy hovlisida Buxorodagi Arkkacha borish mumkin boʻlgan 12 kilometrlik yerosti yoʻlining kirish qismi bor — unda ot-arava bilan ham erkin harakatlanish mumkin boʻlishi uchun yerosti yoʻlining kengligi 5 metr qilib qurilgan. "Lekin bu yertoʻlaga oʻzimiz kirib koʻrmaganmiz, aniq qanday joyligini ham bilmaymiz. Eshitishimcha, yarmi axlat va suv bilan toʻlgan, shuning uchun kirib koʻrishning imkoni yoʻq", — deya qoʻshimcha qildi gid.
Yerosti yoʻliga kirish qismi
Foto: Behzod Boltayev / "Gazeta.uz"
Bugun
2009-yili Madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgani tarixiy inshoot 1947-yildan boshlab Temiryoʻlchilar madaniyat saroyiga aylangan. "Saroy temiryoʻlchilar hududida — Temiryoʻlchilar bogʻi, depo, vokzal, hammasi shu yerda — joylashgani uchun temiryoʻlchilarga madaniyat uyi sifatida foydalanishga berilgan. Binoni saqlash xarajatlari ham temiryoʻlchilar hisobidan amalga oshirilgan", — deya tushuntiradi Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohabbos Sharofiddinov.
Saroy 2024-yil yanvarida Kogon shahar hokimligi, koʻp oʻtmay shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufiga oʻtkazildi. Shahar hokimligi matbuot kotibi Muhammadali Narzilloyevning soʻzlariga koʻra, "Buxoro mintaqaviy temiryoʻl uzeli" saroyni restavratsiya qila olmagani sabab bino hokimlik ixtiyoriga qaytarilgan.
Restavratsiya haqida kamida 2021-yildan beri gapiriladi. 2022-yil yanvarida esa viloyat Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari Kogon saroyini restavratsiya qilish loyihasi ishlab chiqish uchun tanlov eʼlon qilingani, loyiha tegishli davlat tashkilotlari bilan kelishilgach, saroy 2022−2023-yillarda Jahon banki ajratgan mablagʻlar hisobidan toʻliq restavratsiyadan chiqishini maʼlum qilgandi.
Shohabbos Sharofiddinov 2023-yilda yakunlanishi lozim boʻlgan restavratsiya nima uchun 2024-yilda ham boshlanmaganining sabablarini tushuntirarkan, bunga restavratsiya loyihasining kechikkanini sabab qilib koʻrsatdi. Restavratsiya uchun Jahon banki ajratgan pulni taqsimlovchi milliy tuzilma — Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish guruhi restavratsiya loyihasini faqat 2023-yil oxirida taqdim etgan.
"Madaniy meros agentligi ilmiy-ekspertlar kengashi loyihani maʼqulladi. Loyiha hozirda Qurilish vazirligi huzuridagi Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi davlat unitar korxonasiga ekspertiza uchun kiritilgan. Ekspertizadan oʻtgach, tender eʼlon qilinadi. Tenderda pudratchi aniqlangach, vazirlikdagi Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish guruhi restavratsiyani boshlash uchun dastlabki avansni toʻlaydi", — deydi mutaxassis…
Saroyning 200 kishini sigʻdira oladigan majlislar zali bor. Oʻz vaqtida undan kinoteatr sifatida ham foydalanilgan. Hozir esa bu yerda Buxoro viloyati va Kogon shahar hokimligining turli yigʻilishlari oʻtkaziladi. Ball zalidan yaqin-yaqingacha nikohni qayd etish joyi sifatida foydalanilayotgan edi, hozir esa u fotosessiyalar makoni. Saroyning bir necha xonasi sport toʻgaraklariga berilgan.
Majlislar zali
Foto: Behzod Boltayev / "Gazeta.uz"
Masʼullarning taʼkidlashicha, restavratsiya qilingach, saroydan muzey, kutubxona va yuqori martabali mehmonlarni kutib olish uchun moʻljallangan qabullar uyi sifatida foydalanish rejalashtirilgan.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar mualliflari — Behzod Boltayev, Shohruh Haydarov.

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar “Gazeta.uz" nashriga tegishli. “Gazeta.uz" internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.