Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) mutaxassislari O‘zbekiston Qurolli kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, dastlab delegatsiya a’zolariga markazning o‘quv-moddiy bazasi va o‘quv xonalarida yaratilgan sharoitlar tanishtirilgan. Shundan so‘ng mehmonlarning o‘zaro tanishuv suhbati hamda mas’ul shaxslar ishtirokida brifing o‘tkazilgan.

Brifing davomida markaz shaxsiy tarkibi va kursantlarga NATO harbiy hamkorligi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar berildi, deyiladi xabarda.

нато, қуролли кучлар кичик mutaxassislar tayyorlash markazi

NATO xodimlari markazda o‘qiyotgan kursantlar uchun harbiy alyansga a’zo davlatlarda serjantlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bir qator mavzularda mashg‘ulotlar tashkil etgan hamda mavzu bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashgan.

Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, hamkorlikdagi o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar 20-aprelga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil oktabrida O‘zbekistonning NATOdagi missiyasi rahbari, elchi Dilyor Hakimov Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha maxsus vakil Xaver Kolomin bilan uchrashgandi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston NATOni zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashishda muhim hamkor deb bilishi va tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan masalalarning butun ko‘lami bo‘yicha aloqalarni rivojlantirish tarafdori ekani ta’kidlangan.

2023-yil oktabr oyida Mudofaa vazirligi harbiylari Janubiy Koreyada NATO standartlari asosida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik musobaqasida g‘olib bo‘lgandi. Ikkinchi o‘ringa AQSh va Koreya jamoalari ega chiqqan.