2035-yilga borib Toshkentda aholi soni 25 foizga oshib, 4 million kishini tashkil etishi, avtomobillar soni esa 120 foizga oshib, 1,29 milliontaga yetishi kutilmoqda. Bu haqda poytaxtni rivojlantirishga bag‘ishlangan IQ City Planning Tashkent hisobotida ma’lumot berilgan. Hisobot tijoriy ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan. Mualliflarning qayd etishicha, jadal urbanizatsiya bilan bir qatorda, aholi sonining o‘sishi va avtomobillar sonining keskin ortishi ekologik muammolarni yanada kuchaytiradi va kommunal sohaga nisbatan bosimning saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.

“Gazeta.uz” CMWP Uzbekistan bosh direktori Denis Sokolov bilan bu kabi hisobotlarning maqsadi, Yangi Toshkent qurilishi va uning poytaxtning kelgusidagi taraqqiyotiga ta’siri, shuningdek, maktabdan boshlab o‘rgatilishi kerak bo‘lgan shahardan foydalanish madaniyati haqida suhbatlashdi.

— Bevosita hisobot natijalari to‘g‘risida so‘z yuritishdan oldin, CMWP nima bilan shug‘ullanishi haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.

— Jamoamiz Toshkentda 2018-yildan buyon faoliyat yuritadi. Biz tijoriy ko‘chmas mulk sohasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatamiz. Bu juda umumiy eshitilishi mumkin, lekin aslida har qanday shahar va biznes uchun muhim funksiya.

Har qanday kompaniyaning vazifalari, u qanday faoliyat bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar, har doim ko‘chmas mulk — ishlab chiqarish va savdo obyektlari, ma’muriy binolar, logistika majmualari bilan bevosita bog‘liq. Har qanday kompaniyaning xarajatlari tarkibida ko‘chmas mulk 80 foizgacha ulushga ega bo‘lishi mumkin.

Ko‘chmas mulkni samarali boshqarilgan taqdirda, xarajatlarni kamaytirish imkoni bor. Misol uchun, umumiy maydonlardan oqilona foydalanish va ish joylarini samarali joylashtirish orqali, xodimlar uchun qulaylikni saqlab qolgan holda, joyga bo‘lgan ehtiyojni 20 foizgacha qisqartirish mumkin. Boshqa tomondan, sifatli shamollatish va mikroiqlim, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlarning ish unumdorligini 15−30 foizga oshirish imkonini beradi.

Zamonaviy ko‘chmas mulk tobora murakkablashib bormoqda, uni boshqarish uchun butun boshli jamoalar, turfa xil ko‘nikmalar va mutaxassisliklar zarur. Jamoamizda g‘oyatda xilma-xil tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar yig‘ilgan. Biz kompaniyalarga o‘z aktivlari va ko‘chmas mulkidan samarali foydalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz.

Bugungi kunda Toshkent nihoyatda faol rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda — shaharlashuv (urbanizatsiya) jadal, aholi va avtomobillar soni keskin ko‘paymoqda. Aynan shu vaziyatda arzimas xarajatlar evaziga samaradorlik, qulaylik va hayot sifatini oshirish imkonini beruvchi kichik o‘zgarishlar ayniqsa muhim. Bu, masalan, turg‘un bo‘lmagan savdoni tashkil etish, avtoturargohlarni tartibga solish, jamoat joylarini loyihalash va fuqarolar uchun faollik markazlarini yaratishga taalluqli.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

— Siz shaharning ayni paytdagi holati yuzasidan tahlil o‘tkazdingiz va kelgusi o‘n yillik davr uchun ayrim prognoz ko‘rsatkichlarni aniqladingiz. Bu hisobot nima uchun kerak?

— [Umuman olganda,] biz o‘tirib, “keling, shunday tahlil o‘tkazamiz”, deb qaror qilmaganmiz. Biz bilim, ko‘nikma va ma’lumotlar bilan ishlaymiz va doimo kelajakni ko‘rishga intilamiz. Chunki agar mijoz ko‘p funksiyali majmua qurmoqchi bo‘lsa, bunday majmua qurilishi 3−4 yil davom etishi, ijarachilar unga 5 yildan keyin ko‘chib kirishi, odamlar bu obyektdan 20 yildan keyin foydalanishini hisobga olish kerak. Ushbu obyektga tashrif buyuradiganlarning ko‘pchiligi hatto hali tug‘ilmagan. Shuning uchun, ko‘chmas mulk sohasida ayni paytda atrofingizda mavjud kishilar uchun emas, balki keyinroq dunyoga keladiganlar uchun ishlayotganingizni doimo yodda tutishingiz kerak.

Fikrlashning ushbu xususiyati — juda muhim komponent. Biz konsalting kompaniyasi sifatida vaqti-vaqti bilan o‘z bilim va qarashlarimizni hisobotlarga kiritamiz, ularni nashr qilamiz hamda bozor va boshqa kompaniyalar bilan baham ko‘ramiz. Buni bozorda muloqot va faoliyatni osonlashtirish maqsadida amalga oshiramiz.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Masalan, ko‘pchilik bizga “O‘zbekiston bozori shaffof emas”, deydi. Ular, shaffof bozor — bu barcha ma’lumotlar ochiq-oydin ko‘rinib turgan bozor, deb hisoblashadi. Aslida esa, shaffof bozor — bu odamlar u haqda, eng kamida, bosh qotiradigan va biladigan bozordir.

Mana, shu bugun butun dunyo bo‘ylab global shaharlar o‘zaro taqqoslab chiqilgan hisobot bilan tanishib chiqdim. Unda Ostona, Olmaota bor, Toshkent — yo‘q. Toshkent kiritilmagan. Demak, ushbu hisobotni o‘rganib chiqadigan kishilar Toshkent haqidagi ma’lumotga duch kelmaydi. Bozor shaffofligi, shuningdek, e’lon qilingan hisobotlar va shaharda u yoki bu muammo to‘g‘risida bosh qotiradigan odamlar soniga bog‘liq. Shuning uchun, bizning nazarimizda, bunday hisobotlar nafaqat biznes, balki rezidentlar uchun ham muhim. Ular o‘ziga xos tafakkur maktabini yaratadi va odamlarni o‘z shahrining kelajagi haqida qayg‘urishga o‘rgatadi.

— Bosh rejasi bo‘lmagan shaharning kelajagi haqida qanday qilib hisobot tuzish mumkin?

— Prognozlar ikki turda bo‘ladi: ehtimoliy va orzudagi kelajak prognozlari. Ehtimoliy prognoz voqealar rivojining eng mumkin bo‘lgan ssenariylarini ko‘rib chiqadi: agar bosh reja mavjud bo‘lmasa, demak, shahar tabiiy ravishda rivojlanmoqda. Bu prognozlashni murakkablashtiradi, biroq, shunga qaramay, tabiiy rivojlanish prognozning bir qismidir.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Yana orzudagi kelajak prognozlari ham mavjudki, bunda siz prognozning o‘zida yaxshi rivojlanish uchun nima va qanday qilinishi kerakligi haqida fikr yuritasiz. To‘g‘ri, buning uchun bosh reja kerak. Orzudagi kelajakning har qanday prognozi birinchi bandda aynan shuni nazarda tutadi: bosh reja bo‘lgani yaxshi.

Bizning hisobotimiz, albatta, ehtimoliy. Chunki biz birinchi navbatda biznes va mahalliy hokimliklar uchun ishlaymiz. Va orzudagi kelajakni prognoz qilishning muammoli jihati shundaki, agar, aytaylik, siz istagan voqea sodir bo‘lmasa, prognoz o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

— Hisobotingiz qanday ma’lumotlarga asoslangan?

— Bozor monitoringi, Toshkent shahridagi mavjud vaziyat to‘g‘risidagi bilimlarga, prognozlar, jumladan, xalqaro moliya tashkilotlari, masalan, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy vaziyatga oid prognozlariga. Shuningdek, biz jamoaning, jumladan, boshqa bozorlardagi tajribasidan ham foydalanamiz. Chunki aksariyat hollarda shaharlar, bozorlar va mamlakatlar rivojlanish asnosida boshqalar bosib o‘tgan yo‘lni takrorlaydi.

Masalan, ayni paytda biz tayanadigan ishchi farazlarimizdan biri shundan iboratki, Toshkent qaysidir ma’noda Varshava taqdirini takrorlashi mumkindek tuyuladi. 90-yillarda Varshavaning rivojlanishi juda murakkab kechgan, biroq vaqt o‘tib u Sharqiy Yevropaning yulduzi, sanoat va postindustrial nuqtasiga, Sharqiy Yevropadagi eng asosiy iqtisodiy markazga aylandi.

Nima uchun Toshkent bilan Varshavani solishtiryapmiz? Bular kattaligi va mintaqadagi roli jihatidan o‘xshash shaharlardir. Varshava — bu Sharqiy Yevropa, Toshkent — bu Markaziy Osiyo. Uzoq vaqt davomida Varshavaning rivojlanishi juda murakkab kechgan. Biroq islohotlar va iqtisodiy rivojlanish unga barcha qo‘shnilarini amalda ortda qoldirish imkonini berdi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Bundan tashqari, Minsk, Budapesht, Lagos (Nigeriya), Mexiko va Tehronda loyihalar amalga oshirganman. Agar shaharlarning rivojlanishi bo‘yicha muayyan tajriba va kuzatuvlarga ega bo‘lsangiz, ayrim tendensiyalarni aniqlashingiz mumkin.

Bu, shahar qanday rivojlanishini aniq bilamiz, degani emas. Bu, hozir mavjud ma’lumotlarga asoslanib, shunday istiqbollarni ko‘rayotganligimizni anglatadi. Har yili o‘z hisobotlarimizni yangilaymiz, ish modellarimizni o‘zgartiramiz va moslashtiramiz. O‘ylaymanki, siz bilan keyingi yil yana uchrashamiz, o‘shanda men sizga nima o‘zgarganini aytib beraman.

— Demak, shunda bu IQ City Planning hisobotining beshinchisimi?

— Biz Toshkent haqida savdo va ofis ko‘chmas mulki, ko‘cha savdosi singari turli yo‘nalishlarda 15 ga yaqin hisobotlarni allaqachon e’lon qilganmiz. Biroq hozir muhokama qilayotganimiz esa shaharning umumiy rivojlanishiga bag‘ishlangan ilk hisobot.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Potensial investor shaharning qaysi hududida, aytaylik, do‘kon ochgani yaxshiroqligi, aholi faolligining eng katta konsentratsiyasi hatto hozir emas, balki ikki yildan keyin qayerda bo‘lishini bilishi kerak. Chunki shundagina u hozircha nisbatan arzon bo‘lgan, biroq bir-ikki yildan so‘ng faollashadigan, investitsiya osonlik bilan o‘zini oqlaydigan hududdan do‘kon sotib olishi mumkin bo‘ladi. Chunki markazda hamma narsa oson, biroq qimmat bo‘lishi mumkin.

— Siz avvalboshdanoq Toshkent jadal rivojlanayotganini aytib o‘tdingiz. Toshkentning bugungi kundagi o‘sishi va shaharning o‘sish prognozlari bilan biz hozir guvohi bo‘lib turgan transport va ekologiya bilan bog‘liq muammolarning oldini olish mumkinmi?

— Bu borada aholi zichligi yuqori bo‘lgan shaharlar muayyan xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lgan juda katta afzalliklarga ega ekanligini hisobga olish kerak. Megapolislar aholisi avvaldan murosaga kelishga majbur bo‘lgan.

Masalan, ko‘pchilik Toshkentdagi transport muammolari haqida gapiradi. Masalan, odamlar mashinalarini hatto chiziqlarga qaramay qoldirib ketadi. Avtomobilni yo‘l o‘rtasida qoldirib ketishlari yoki to‘xtab turishlari ham mumkin. Bu odamlar yomon bo‘lgani uchun emas, balki yo‘l-transport harakati uzoq vaqt davomida bu darajada gavjum bo‘lmagani va odamlar boshqalar bilan hisoblashishga odatlanmaganligi sababli sodir bo‘ladi. Va endi ular xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majbur.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Transport muammolarini hal qilish mumkin. Biroq bu ikki narsaga bog‘liq. Birinchisi, shaxsiy transportdan foydalanish narxini oshirish: pullik avtoturargohlar, yoqilg‘i narxining oshishi, qandaydir yig‘imlar va avtomobillarga qo‘shimcha soliqlar. Kelajakda shunday bo‘lishi muqarrar, chunki u cheklash vositasidir. Odamlar o‘zini cheklashga majbur bo‘ladi.

Kishi novvoyxonaga borish uchun shaharning yarmini kezib chiqmasligi uchun ushbu chora-tadbirlar qulay jamoat transportini rivojlantirish, xatti-harakatlarning o‘zgarishi bilan bir vaqtda kechishi kerak. U eng yaqin novvoyxonaga borishi kerak, demak, novvoyxonalar butun shahar bo‘ylab taqsimlanishi va yetib olish uchun qulay bo‘lishi kerak.

Toshkentning ekologik muammolari asosan texnologik jihatdan ortda qolish bilan bog‘liq. Chunki London kabi tirband shaharlarga nazar tashlasak, iflos havo muammosi hal qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Biroq bu muammo aholi soni kamroq bo‘lgan paytda hal qilinmagan. Aksincha, aholi soni oshgan. London bu muammoni atmosferaga chiqindilarni cheklash orqali hal qildi: avtomobillar uchun ekologik standartlarni oshirish, ko‘mir yoqib isitishdan voz kechish, kabi. O‘tgan yilgi energiya inqirozi Yevropaning ayrim shaharlari aholisini yog‘och yoqib isinishga qaytardi, bu esa havo sifatiga darhol ta’sir ko‘rsatib, hukumatni shoshilinch choralar ko‘rishga majbur qildi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Shahar aholisi uchun shahardagi hayot o‘z-o‘zini cheklashni talab qilishini tushunish juda muhim. Buning evaziga u piyoda 10 daqiqada yetib olish mumkin bo‘lgan ajoyib novvoyxona, kafelar, do‘konlar tarmog‘i, universitetlar, yaxshi maktablar, ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shahar aholisi juda ko‘p narsadan bahramand bo‘ladi, biroq, albatta, bu ne’matlardan foydalanishning o‘z to‘lovi bor.

— Hisobotingizda Yangi Toshkentga katta e’tibor qaratgansiz. Ko‘p jihatdan u Toshkent rivojiga hissa qo‘shishi mumkin, deyapsiz. Biroq, ba’zi shaharsozlar (yaqinda rossiyalik shaharsoz Gershman ham bu haqda yozgan edi) Yangi Toshkentni qurishdan ko‘ra O‘zbekistonning boshqa shaharlarini rivojlantirish samaraliroq va arzonroq, deb hisoblaydi. Bu haqda qanday fikrdasiz?

— Keling, bunga oddiy odam nuqtai nazaridan qaraylik. Odamlar Toshkentga kelyapti, chunki bu yerda yashashni hohlaydi, chunki bu yerda maktablar, universitetlar bor. Qayerdadir turar-joy qurish mumkin, lekin odamlar qayerda ishlaydi? Ish o‘rinlarini yaratish kerak. Aslida, eng katta shahar iste’dodlar va biznesni eng ko‘p jalb qiladi. Ochig‘ini aytsam, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng muhim shaharga aylanishi kerakligiga ishonaman.

Shaharsozlar ko‘pincha orzudagi kelajak haqidagi prognozlar bilan ish ko‘rishadi: hamma odamlar boshqa shaharga ko‘chib o‘tishsa va u yerda ish o‘rinlari yaratilsa, qanday soz.

Biz, yetarlicha amaliyot va tijorat sohasi kishilari sifatida, buning uchun Toshkentda hayotni qulaylashtirish natijasida yuzaga kelgan bir qator murakkab vazifalarni bajarishimiz kerakligini tushunamiz.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Men dunyoning ko‘plab shaharlarida, ehtimol 100 dan ortiq shaharlarda bo‘lganman. Shuning uchun, bugungi kunda Toshkent juda qulay shahar, deb ayta olaman. To‘g‘ri, hamma uchun ham qulay emas, aholi o‘z shahrini tez-tez va haqli ravishda tanqid qiladi. Biroq, Toshkentda boshqa shaharlarda mavjud bo‘lmagan narsalar juda ko‘p: ko‘plab yashil maydonlar, keng yo‘laklar, juda keng ko‘chalar. Chunki Varshava uchun bunday ko‘p sonli piyodalar yo‘laklari — bu hashamat degani. Boshqa bir jihati shundaki, Yevropaning barcha shaharlarida har bir qarich yer allaqachon obodonlashtirilgan, u yerda hamma narsa chiroyli. Toshkentda jamoat joylariga g‘amxo‘rlik qiladiganlar kam.

Toshkent xususiy hovlilar soni bu qadar ko‘p bo‘lgan kam sonli megapolislardan biridir. Bunday hodisa umuman hech qayerda yo‘q. Amerika va Yevropaning har qanday shaharlarida xususiy hovlilar shahar tashqarisida joylashgan (suburbs deb ataladi). Toshkentda turmush tarzi butunlay boshqacha. Toshkentda yaxshi narsalar juda ko‘pligi va shahar hayotini qulaylashtirish uchun ko‘p imkoniyatlar mavjudligini unutmaslik kerak.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

— Ayni paytda hukumat Samarqandni rivojlantirishga kirishdi. U, jumladan, rivojlanadi, o‘sadi va boyiydi. U ichki migratsiya uchun jozibador shaharga aylanishi mumkinmi?

— Samarqand sayyohlik markazi sifatida rivojlanmoqda, ya’ni bu O‘zbekistonning, hatto, balki butun mintaqaning o‘ziga xos vitrinasi. Bu tarixiy markaz, sivilizatsiya beshigi.

Biroq jadal rivojlanayotgan mamlakatlar ichki migratsiya bitta, eng yirik shaharga yo‘nalgan markazga intiluvchi shaharlashuv bilan tavsiflanadi Bu rivojlantirishda faqat poytaxtga urg‘u berish kerak, degani emas. Mintaqaviy shaharlar ham turmush tarzi, ham imkoniyatlar nuqtai nazaridan muqobil taklif qilishlari kerak. Agar Toshkent biznes-poytaxtga aylansa, Samarqand madaniy poytaxt maqomiga da’vo qilishi mumkin. Qolaversa, transportning rivojlanishi Toshkent va Samarqandni go‘zal mamlakatning ikki tomoni — in va yan kabi yagona tizim sifatida qabul qiluvchi tasavvurni shakllantirish imkonini beradi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Menimcha, faraz nuqtai nazaridan Toshkent biznes markazi, Samarqand esa tarixiy-madaniy markaz. Lekin shaxsan men buni ko‘p ham zamonaviy yondashuv deb o‘ylayman. Shuni yodda tutish kerakki, turizm — bu sayohat, harakat demak. Sayyoh Samarqandga kelib, Registonni ko‘rib, uchib ketsa — bu turizm emas. U Toshkentga — zamonaviy kosmopolit shaharga kelsa, muzeylar, teatrlarga borsa, keyin poyezdga o‘tirib Samarqandga borsa, u yerda tarixdan bahramand bo‘lsa, boshqa gap. Lekin, biznesni rivojlantirish va boylik nuqtai nazaridan men baribir Toshkent uchun bahs boylagan bo‘lardim.

— Yangiliklarda davlat apparati Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi haqida bir necha bor qayd etildi. Siz buni shaharni yanada rivojlantirish uchun harakatlantiruvchi kuch deb atadingiz. Nima uchun bunday deb o‘ylaysiz?

— Shaharni emas, aynan Yangi Toshkentni. Ko‘chmas mulk bo‘yicha maslahatchilar sifatida biz doimo birinchi nima paydo bo‘lishi haqida o‘ylaymiz — tovuqmi yoki tuxum. Chunki, masalan, siz savdo markazi ochyapsiz, ijarachilarni jalb qilyapsiz, “Zara, bizga keling, do‘kon oching”, deysiz. Zara esa xaridorlar bor-yo‘qligini so‘raydi. Siz hozircha xaridorlar yo‘q, deysiz, lekin reklamani boshlaysiz. Siz reklama qilasiz va mijozlar “Qani do‘kon?” deb so‘rashadi. Ko‘chmas mulkdagi eng katta qiyinchilik — bu atrofida biror narsani rivojlantirish mumkin bo‘lgan langarni topish.

Davlat apparatini boshqa joyga ko‘chirish bitta imzo bilan hal bo‘ladigan ish. Avvaliga, albatta, odamlar, jumladan, amaldorlarga noqulaylik tug‘iladi. Biroq, boshqa tomondan, amaldorlar o‘z mamlakatini rivojlantirish uchun ishlaydi va shuning uchun haq oladi. Yangi joyga ko‘chib o‘tar ekan, ular faqat kundalik faoliyatlarida ishtirok etish bilan cheklanib qolmaydilar. Agar ular Yangi Toshkentdan ko‘chmas mulk sotib olishsa yoki u yerda ishlash uchun “eski” Toshkentdan qatnashsa, do‘konlar va xizmatlarga talab vujudga keladi. Shunday qilib, hudud rivojlanadi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Misol uchun, Parijda vazirliklarni jinoyatchilik yuqori bo‘lgan tushkun hududlarga o‘tkazish uchun butun boshli dastur mavjud. U yerda hatto maxsus transport ham tashkil qilinishi mumkin, chunki jinoyatchilik darajasi eng yuqori bo‘lgan hududlar borki, agar ishda ushlanib qolsangiz, metrogacha piyoda borish xavfsiz emas. Biroq vazirlik ko‘chib o‘tishi natijasida bir yarim yil ichida vaziyat yaxshilanadi va hudud yanada jozibali bo‘ladi. Bu juda muhim.

Darvoqe, xavfsizlik haqida gap ketganda, O‘zbekiston xavfsizlik bo‘yicha dunyoda salkam 8-o‘rinda turadi. O‘zbekistonga kelayotgan barcha yevropalik do‘stlarim va hamkasblarim Toshkentdagi xavfsizlik va qulaylik hissidan hayratda. Bu shunchaki ajoyib! Mahalliy aholi bu afzallikni yetarlicha baholamaydi.

— Chunki biz ketmaymiz. Yozda Parijda bo‘ldim. U yer xavfli bo‘lishi mumkin, degan hissiyot samolyotdan tushmasingizdanoq seziladi.

— To‘g‘ri. Men buni bejiz aytib o‘tmadim: hissiyot. Buning boshqa belgilari ham bor: do‘konlarda panjara yo‘q, shisha eshiklar, har bir burchakda qo‘riqchilar yo‘q. Umuman olganda, xavfsizlik shahardagi qulaylik reytingidagi birinchi bandlardan biri. Chunki chiroyli bog‘lar va istirohat bog‘lari bo‘lishi mumkin, biroq bu bog‘da siz biror tahdidni his qilsangiz, uning go‘zalligidan ma’ni yo‘q.

— Agar hukumat apparati Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tsa va bu Yangi Toshkentning rivojlanishiga turtki bo‘lsa, eski Toshkentning taqdiri nima bo‘ladi?

— Toshkent kabi global shaharlar yo juda tez rivojlanadi yoki umuman rivojlanmaydi. Bu yerda biri ikkinchisining hisobiga rivojlanadi, degan narsa yo‘q.

Davlat apparati Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi uchun binolarni loyihalashtirish, infratuzilma, elektr tarmoqlarini o‘rnatish, yo‘llar qurish kerak; bu binolarni qurish, ularni boshqarish, tegishli xizmatlarni qurish va hokazo. Bularning barchasi ish o‘rinlarini yaratadi. Ularni Toshkent shahri aholisi egallaydi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Agar davlat apparati ko‘chib ketsa, “eski” Toshkent yanada ko‘ngilocharroq harakterga ega bo‘ladi. Bu aholi uchun o‘ziga xos shahar, odamlar uchun shahar bo‘ladi. Chunki hozir ko‘chalarning yopilishiga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Shahar markazi ulkan ma’muriy kvartal bo‘lib, unda na turar-joy va na savdo bor. Faqat ma’muriy binolar.

Bu ham rivojlanish uchun imkoniyat. Umuman olganda, Toshkentning dunyodagi kam sonli tabiiy ko‘p markazli shaharlardan biri ekanligi juda qiziq: eski shahar bor, Rossiya imperiyasi qura boshlagan mustamlaka shahar bor. Endi esa Yangi Toshkent. Bu shahar rivojlanishining mantiqiy davomi.

— Yangi Toshkent haqida ko‘p narsa bilmaymiz. Sizningcha, u haqidagi ma’lumotlar qanchalik ochiq?

— Bozor shaffofligi haqida takror aytaman. Afsuski, shaffoflik ko‘pincha faqat ma’lumotni e’lon qilish sifatida qabul qilinadi. Biroq, boshqa tomondan, bunda ma’lumotni idrok etish madaniyati juda muhim.

Aytaylik, Jahon banki O‘zbekiston va Toshkent haqida juda qiziqarli hisobotlarni e’lon qiladi. Saytda yuklab olish hisoblagichi mavjud. Men yuklab olgan oxirgi hisobotni yana 40 kishi yuklab olgan. Taxminimcha, ulardan 20 nafari ushbu hujjatni o‘qib chiqqan. Bu dahshatli darajada kichik raqam.

Shahar rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar juda murakkab. Buni qanday izohlashni va muhokama qilishni biladigan ekspertlar hamjamiyati yoki fuqarolik faollari jamoasi bo‘lishi kerak. Chunki nashr qilish va joylashtirish boshqa masala. Esingizda bo‘lsa, “Avtostopda galaktika bo‘ylab” filmida Yer sayyorasini qayta qurish rejalari yerto‘laning uchinchi qavatida joylashgan edi. “Va ularni o‘qimaganingiz uchun o‘zingiz aybdorsiz”, deyiladi.

Aslida, shahar rasmiylari faol fuqarolik pozitsiyasining shakllanishiga imkon yaratishi kerak. Hattoki, zamonaviy shaharlik uchun shaharni tushunish va undan foydalanish madaniyatiga ega bo‘lish juda muhim, degan bo‘lardim. Darhaqiqat, odam shahardan foydalanishni maktabdan boshlab o‘rganishi kerak. Masalan, Yevropa davlatlarida maktablarda shaharsozlik bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiladi. Biz smartfonlardan foydalanishni o‘rganamiz, lekin, ayni paytda, shahar o‘zining barcha murakkabligi va tuzilishi bilan tabiiy narsadek tuyuladi. Aslida unday emas.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

— Bu darslarda nima o‘rgatilishi mumkinligini tasavvur qilish men uchun qiyin. Shahardan foydalanishni o‘rganish — bu nima degani?

— Rossiyada ishlagan vaqtim, jumladan, maktablarda shahar umuman qanday tuzilgani haqida ma’ruzalar o‘qiganman. Masalan, Toshkentda ko‘chmas mulkni qurilishga ruxsatnomasiz sotish holatlari allaqachon kuzatilgan. Va odamlar sotib olishadi. Aslida, buning hech qanday yomon joyi yo‘q, lekin xaridor qanday xatarga borayotganligini bilishi kerak.

Yoki agar quruvchi kompaniya maktab va’da qilsa, lekin uy-joy arzon bo‘lsa, odam bunday kvartiraning narxiga maktab qurib bo‘lmasligini tushunishi kerak. Har bir inson nima qancha turishi va narx qanday shakllanishini bilib qo‘yishi lozim.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Transport bilan ham xuddi shunday. Quruvchi kompaniya hozir do‘zahdek tirbandliklar kuzatilayotgan hududda yo‘l qurilishini va’da qilganda, siz borib, bu yo‘l qayerdan o‘tishini ko‘rasiz. Agar uning o‘rnida hali ham binolar mavjud bo‘lsa, tushunishingiz kerakki, bu binolar sotib olinib, hammasi kompensatsiya qilinib, buzib tashlangunicha yana 15 yil o‘tadi. Agar ular allaqachon metro stansiyasini qazishayotgan bo‘lsa, demak transport bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.

— Balki davlat ham qaysidir yo‘l bilan quruvchi kompaniyalarni maktablar va yo‘llar qurishga rag‘batlantirishi kerakdir?

— Davlat quruvchi kompaniyalarni soliq to‘lash va ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirishi kerak. Biroq maktablar, ayniqsa, yo‘llar qurish va transport o‘tkazish quruvchi kompaniyaning vazifasi emas. Davlat o‘z funksiyalarini quruvchi kompaniyalar zimmasiga yuklamasligi kerak.

— Hisobotda aytilishicha, hozir odamlar xonadonning maydoniga kamroq qiziqish bildirmoqda, shuning uchun xonadonlarning o‘rtacha maydoni qisqarmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?

— Xonadonning maydoniga unchalik qiziqmaslik hamma ham taalluqli emas. Bunda shahar kabi hodisaning o‘ziga xosligi bor. Ko‘p odamlar shahardagi xonadonni faqat kvadrat metr deb bilishadi. Aslida, shahar — inson kapitali fabrikasiga chipta demak: ijtimoiy aloqalar, ta’lim, daromad, ish, istiqbollar. Havosi toza bo‘lgan qishloqda ham yashash mumkin, lekin sizda ijtimoiy aloqalar, yaxshi tanishuvlar, atrofdagi yoqimli aqlli odamlar yoki madaniy obyektlarga kirish imkoni bo‘lmaydi.

Kishi shaharda xonadon sotib olayotganda, u kvadrat metr bilan birgalikda ana shu bu chipta uchun haq to‘laydi. Rivojlangan shaharlardagi tendensiyalar kichik kvadratli xonadonlarga talabni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Yevropada 20−25 kvadrat metrlik uy-joylar mavjud. U yerda oilalar yashamasligi aniq. U yerda talaba yoki yosh mutaxassis yashaydi. Uning uyidan ishiga yoki universitetiga piyoda 15 daqiqalik yo‘l. Uning uyi yonida kafe, kir yuvish shoxobchasi bor — u barcha xizmatlarni uydan tashqariga olib chiqadi va uning uchun uy — boshpana xolos.

U ishlaydi, maoshi oshadi, oila qurgach, vazifalari ortadi — u kengroq, lekin maktabga yaqinroq xonadonga ko‘chib o‘tadi. Buning uchun ishga piyoda 15 daqiqada emas, mashinada 40 daqiqada yetib borish orqali haq to‘laydi. Biroq uning bolalari yaxshi maktabda o‘qiydi. Shaharda yashash — bu murosalar to‘plami.

Toshkentda quruvchi kompaniyalar allaqachon kichikroq kvadratli xonadonlarni taklif qilmoqda. Yaqin vaqtgacha ular 100−120 kvadrat metr edi. Endi maydoni 30−40 kvadrat metrlik xonadonlarni ko‘ryapmiz. Kvadrat metr narxi qimmatlashyapti, lekin xonadonlarning o‘zi — ular arzonlashyapti, deb aytolmayman — lekin boshpananing narxi o‘zgarmagan.

— Uy-joy hamyonbop bo‘lishi uchun uni qurish kerak. Hisobotda aytilishicha, Yangi Toshkent narxlarni muvozanatlashtiradi. Bu shahar falsafasining o‘zi uy-joy sotib olishning imkonsizligini anglatmaydimi?

— Yo‘q, albatta. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, hamyonbop uy-joy — bu bir yil davomida pul yig‘ish va xonadon sotib olish, degani. Aslida esa uy-joy sotib olish imkoniyati — bu kelajakka ishonch: hayotdagi rejalaringizdan kelib chiqib, buni o‘zingizga ravo ko‘rasiz.

Masalan, Yevropada uy-joy sotib olish imkonsizdek tuyuladi, biroq past ipoteka foizlari va ijtimoiy kafolatlar tufayli 50 yildan ortiq bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan uy sotib olish mumkin. Ko‘pgina yevropaliklar o‘z ipotekalarini butun umrlari davomida ham to‘lamaydi yoki hatto to‘lamoqchi ham bo‘lmaydi. Biror joyga ko‘chib o‘tish kerak bo‘lganida, uyni ipoteka qarzi bilan birga sotadi va xaridor bankdan qarzdor bo‘lib qoladi.

Menimcha, O‘zbekiston bunday rivojlangan moliya va kreditlash tizimiga o‘tishiga kamida 5−7 yil vaqt bor. Kelgusi yilda maoshingiz 20 foizga, keyin yana 20 foizga, keyin yana 30 foizga oshishini bilsangiz, bugunning o‘zidayoq sizga ko‘p narsalar hamyonbop bo‘ladi.

commonwealth partnership, hududlarni rivojlantirish, toshkent, yangi toshkent

Yangi Toshkentga kelsak, bu juda katta hudud. Umid qilamanki, bu shaharning ma’nosi — barqaror ijtimoiy muhitdir. Siz Navoiydan kelib, Toshkentdagi institutga o‘qishga kirib, kichkinagina xonadonni ijaraga olasiz. Institutni tugatib, ishga joylashsangiz, xuddi shu hududdan kattaroq xonadonni ijaraga olasiz. Lavozimingiz oshgach, katta xonadonni ijaraga olasiz va o‘zingiz uchun pul yig‘ishni boshlaysiz. Vaqt o‘tadi, oilani quriladi, oila uchun kredit mablag‘lari yordamida ko‘chmas mulk sotib olinadi — va bularning barchasi bitta hudud yoki turar-joy majmuasining o‘zida bo‘lishi mumkin.

Hozir, afsuski, sobiq Ittifoqning ko‘plab mamlakatlarida turar-joy majmualari aniq maqsadli auditoriya uchun — 35−40 yoshdagilar uchun qurilgan. 20−30 yildan keyin bular — nafaqaxo‘rlar bo‘ladi. Yana 15−20 yildan keyin ular dunyodan o‘tadi. Bir hududda faqat yoshlar, boshqasida esa faqat pensionerlar yashashi — bu beqaror muhit. Barqaror muhit — bu bitta hududda yoki turar-joy majmuasida talabalar yashashi. Kunduzi o‘qishadi, kechqurun esa kimgadir uy ishlarida yordam berishlari yoki enagalik qilishlari mumkin. Inson kapitali fabrikasi va farovonlik fabrikasi shunday xilma-xillikda ishlaydi.

— Hisobotda meni juda tashvishga solgan bir jihat bor. Unda aytilishicha, shaharning hozirgi tuzilishi bilan odamlarni jamoat transportiga o‘tkazish juda mushkul vazifa. Shahar tuzilishida nima va nega noto‘g‘ri?

— Transport stereotiplari va xulq-atvor stereotiplari, degan narsa bor. Toshkentdagi ko‘plab haydovchilarning boshqalarga qaramay to‘xtab turishi yoki avtomobilni qoldirib ketishi haqida biroz avval aytib o‘tdim. Yoki hamma to‘xtab turgan paytida kimdir orqadan kelib urishidan qo‘rqadi, shuning uchun “avariya” chiroqlarini yoqib oladi. Bularning barchasi stereotipga asoslangan xatti-harakatlar. Aslida, bu soxta, noto‘g‘ri, lekin juda barqaror stereotiplar.

Yevropalik shaharsozlar shunday deydi: transport bilan bog‘liq xulq-atvorning shakllanishi uchun siz avval ochiq maydonda metro yotqizishingiz, poyezdlarni ishga tushirishingiz va keyin qurilishni boshlashingiz kerak. Bu, albatta, foydasiz, lekin odam birinchi marta yangi turar-joy majmuasidagi kvartirani ko‘rish uchun kelganidayoq, o‘ylaydiki, ha, demak, metroda qatnayman, mashina sotib olmayman.

Bu narsa Toshkentda ish bermaydi. Birinchidan, avtomobillar [bu yerda] ijtimoiy maqom ramzi. Vaholanki, urbanistlar boy shahar hamma mashina haydaydigan shahar emas, balki boylar jamoat transportidan foydalanadigan shahardir, deydi. Biroq, postsovet mamlakatlarida jamoat transportidan foydalansangiz, mashina uchun puli yo‘q ekan-da, degan qarash bor. Bu stereotiplardan qutulish juda qiyin.

Ikkita yondashuv mavjud. Birinchisi, Moskva ma’muriyati tomonidan amalga oshirilgan “murosasizlik” yondashuvi. Ya’ni, shahar “bundan buyon avtomobildan foydalanishni chidab bo‘lmas holga keltiraman”, degan qaror qabul qiladi. “Avtomobilni mumkin bo‘lmagan joyda qoldirib ketish va haydash vaqtidagi xatolar uchun sizga shunday jarimalar solinadiki, dodlab yuborasiz. Mashinangizdan voz kechish haqida jiddiy o‘ylay boshlaysiz. Sizni jamoat transportiga o‘tkazamiz”.

Yumshoqroq yondashuv ham mavjud — siz qulayroq muhit yaratasiz va odamlarga o‘z transport odatlarini o‘zlari to‘g‘rilab olishlariga qo‘yib berasiz. Bu qiyin, ko‘p vaqt oladi. Ochig‘i, O‘zbekistonda tizim boshqacha bo‘lgani sabab qattiq yondashuv noto‘g‘ri bo‘lardi, deb o‘ylayman. O‘zbekistonliklar uchun bunday shafqatsiz transport zo‘ravonligini maqbul emas, deb hisoblayman. Shuning uchun buni asta-sekin qilishga to‘g‘ri keladi. Biz hozirning o‘zidayoq elektrobuslar va ajratilgan yo‘laklarni ko‘rib turibmiz. Bularning barchasi bir tekisda ketmasligi mumkin, biroq yumshoq yondashuv 5−10 yil vaqt talab qilishini hisobga olish lozim.

Suhbatning ikkinchi qismida IQ City Planning Tashkent hisoboti muallifi Aleksey Letunovskiy O‘zbekistondagi shaharlar haqidagi ma’lumotlar qanchalik ochiqligi, ularni e’lon qilish nega rasmiylar uchun manfaatli ekanligi va nima uchun “eski” va Yangi Toshkent o‘rtasida mablag‘larning notekis taqsimlanishi falokatga olib kelishi haqida so‘z yuritadi.