16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev transport va qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

2022-yilning 29-avgustida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘yilgandi. U yerda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.

Loyihaga ko‘ra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo‘ladi, 4 ming talaba ta’lim oladi. Universitet qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham bo‘ladi. Shu tariqa, bu yerda o‘qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim klasteri yaratiladi, deyiladi xabarda.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Al-Xorazmiy universiteti Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali ekanini aytdi. Endi u mustaqil universitetga aylanadi.

Prezident “universitet konsepsiyasini yangi mazmun bilan to‘ldirish” bo‘yicha topshiriq berdi. U yoshlarning tadqiqotlari uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yo‘nalishlarini joriy qilish muhimligini ta’kidladi.

Prezident tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani markazida muzey tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli bo‘lib, eng ilg‘or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniyning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Taqdimot chog‘ida Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirishning bir qancha variantlarini ko‘rib chiqdi va ularni yanada takomillashtirish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq ushbu taqdimotda Toshkent xalqaro aeroporti negizida yangi kargo terminalini qurilishi ko‘rsatilgani xabar qilingandi. Buning natijasida xizmat ko‘rsatish quvvati sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnaga yetadi. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, hozirgi terminal sifatli va vaqtida xizmat ko‘rsatish imkonini bermayapti.

“Gazeta.uz”, shuningdek, aeroportni rekonstruksiya qilish loyihasiga batafsil to‘xtalgan.