Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 16-aprelga o‘tar kechasi bir guruh niqobli shaxslar tomonidan daraxtlar davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida qo‘porib olinayotgani tasvirlangan videoxabar tarqaldi.

Unda bir ayol va erkak noma’lum shaxslarga gapirgani, tasvirga olish boshlanganidan so‘ng esa mazkur shaxslarning qochib ketganini ko‘rish mumkin. Holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, tumanning Mingchinor mahallasi hududidagi ko‘p qavatli 16-uyning orqa qismida 1 tup safora daraxti ildiz qismi bilan olib tashlangan. Shundan so‘ng tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari tomonidan daraxtga agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilgan.

Foto: Ekologiya vazirligiFoto: Ekologiya vazirligi

Xususan, biologik o‘g‘itlar bilan to‘yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda o‘z o‘rniga qayta ekilgan.

Ushbu qonunbuzilishi holatini sodir etgan huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlari tomonodan tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.