O‘zbekistonda aholi tomonidan energiya tejamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 16-aprel kuni qabul qilingan elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish to‘g‘risidagi qarorida keltirib o‘tilgan.

Energetika vazirligi ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ushbu dasturni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun hukumatga taqdim etishi kerak.

Shu muddatda yoqilg‘i-energetika resurslaridan nooqilona (noqonuniy) foydalanganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni joriy etish hamda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilish uchun belgilangan tariflarga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham topshirildi.

2024-yilda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1858 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan. Ularning 247 tasi elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik hisoblanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 100-moddasiga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yil oktabr oyida energiyani tejash madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidlagandi.

Oxirgi marta aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yilning avgust oyida oshirilgan edi. Hukumatning 16-apreldagi qarori bilan 1-maydan energoresurslar narxi oshirildi, shuningdek, ijtimoiy normalar joriy etildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining aniqlik kiritishicha, gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi munosabati bilan O‘zbekistonda 1,5 millionga yaqin ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatiladi. Kambag‘allik chegarasi, pensiya va nafaqa miqdorini oshirish, isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilgan.