Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyoda demokratik ko‘rsatkichlar ketma-ket 20 yil davomida pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkilotining mintaqadagi 29 davlatni qamrab olgan “O‘tish davri mamlakatlari — 2024” yillik hisobotida so‘z boradi.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro va so‘nggi yillardagi boshqa voqealar mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlarni tezlashtirdi. “Mamlakatlar ikki qarama-qarshi blokka bo‘lingan: liberal, demokratik tuzumga sodiq bo‘lganlar va uni keskin rad etuvchilar”, — deyiladi hisobotda.

O‘tgan yil davomida mintaqaning 10 ta davlatida demokratiya reytingi pasaygan, faqat beshtasida yaxshilanish kuzatilgan. Mutaxassislar mintaqaning demokratiyani mustahkamlashdagi “muvaffaqiyatsizligi"ni avtoritar va antidemokratik yetakchilar bilan bog‘laydi.

Freedom House Ozarbayjon, Belarus, Rossiya va barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarini “konsolidatsiyalangan avtoritar rejimlar” sifatida tasnifladi. “Tranzit yoki gibrid rejimlar” qatoriga esa Armaniston, Gruziya, Moldova, Vengriya, Ukraina va boshqalar: jami 11 ta davlat kirdi.

“Yarim konsolidatsiyalangan demokratik davlatlar” toifasidan 10 ta davlat, jumladan, Bolgariya, Latviya, Litva, Polsha va Estoniya o‘rin oldi.

Freedom House`ning qayd etishicha, avtoritar rejim toifasiga kiruvchi sakkiz mamlakatning barchasi o‘tgan yil davomida “pastga qulash poygasida yetakchilik qilishda” davom etgan. Tashkilotga ko‘ra, avvallari “avtoritar diapazonning kamroq repressiv uchida” bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston hozirda “avtoritar konsolidatsiyaning nisbatan kengroq Markaziy Osiyo tendensiyasiga” mos keladi.

O‘zbekiston, Freedom House ma’lumotlariga ko‘ra, maksimal 7 balldan 1,18 ball oldi. O‘tgan yili O‘zbekistondagi demokratiya holati 1,21 ball bilan baholangan edi.

Qirg‘izistonning demokratik ko‘rsatkichi 1,64 ballgacha (1,68), Qozog‘istonniki esa 1,29 ballgacha (1,32) pasaydi. Tojikiston va Turkmaniston uchun ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,04 va 1 ballni tashkil etdi.

Belarus 1,11 ball, Rossiya va Ozarbayjon 1,07 ball to‘pladi.

Mintaqada eng yuqori ballga Estoniya ega bo‘ldi — 6. Uning pastida 5,79 ball bilan Latviya va Sloveniya joylashdi. Ukrainaning demokratik rivojlanishi 3,43 ballga baholandi, Armanistonniki — 3,07 ball, Gruziyaniki — 3,04 ball.

  • Mart oyida Freedom House yillik erkinlik reytingini e’lon qilgandi, unda O‘zbekiston mumkin bo‘lgan 100 balldan 12 ball to‘plagan. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari “erkin emas” maqomini olgandi.