16-aprel kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi istirohat bog‘ida attraksion trosi uzilib ketishi oqibatida 4 kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ushbu holat shaharning At-Termiziy ko‘chasida joylashgan Termiz avenue park MCHJga qarashli Bolajon madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 4 nafar — 11 va 15 yoshli qizlar hamda 27 va 29 yoshli ayollar jarohatlangan.

Ulardan 2 nafari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan. Jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.

“Attraksion mavsum oldidan to‘liq texnik shahodat sinovlaridan o‘tkazilmagan. Uni tayyorlash va texnik tekshiruvdan o‘tkazish uchun mas’ul shaxs tayinlanmagan, mavsumga tayyorligi to‘g‘risidagi dalolatnoma ham tuzilmagan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mitaning tushuntirishicha, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun tashkilotning istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish bo‘limi tomonidan joyiga chiqib o‘rganiladi.

Hozirda holat yuzasidan Termiz shahri IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.