Ijtimoiy tarmoqlarda “Rinotin kids” siropi sifati haqida tanqidiy postlar e’lon qilindi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bu bo‘yicha o‘rganish olib bordi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Sanepidqo‘mita aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlarini kelib chiqishining oldini olish maqsadida sirop mahsulotlariga berilgan ruxsatnomalar bekor qilinganini ma’lum qildi.

Shu bilan birgalikda “CYNERGY PHARMCO” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga respublika hududlaridagi barcha savdo tarmoqlari hamda dorixonalardagi “Rad Gida Laboratuvarive Ilac Sanayi Ticaret Limited” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Rinotin kids” sirop mahsulotlarini qaytarib olish topshirig‘i berilib, ijrosi nazorat ostiga olindi. Bugungi kun holatiga korxona tomonidan 28 ta dorixonalardan mahsulotlar qaytarib olindi. Mazkur holat yuzasidan profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda, deyiladi qo‘mita xabarida.

“Rinotin kids” siropi — dori vositasi emas, balki biologik faol qo‘shimcha bo‘lib, Italiya davlatida ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotni O‘zbekistonga olib kirish uchun “Gricar Chemical S.R.L.” kompaniyasining ishonchnomasiga binoan “CYNERGY PHARMCO” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2022-yil 29-aprelda Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 30-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 131-sonli qaroriga muvofiq ruxsatnoma berilgan.

Mahsulotga Vazirlar Mahkamasining 318-sonli qaroriga binoan belgilangan tartibda xavfsizligini tasdiqlovchi Sanitariya-epidemiologik xulosa olingan.

“Hurmatli fuqarolar biologik qo‘shimchalarni xarid qilishdan avval ularning xavfsizligi tekshirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Sanepidqo‘mitaning sanepid.uz saytiga joylashtirilgan elektron katalog orqali tekshirib olishingizni tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘mita kundalik turmushda belgilangan sanitariya-qoida va me’yorlari buzilish holatlariga duch kelinsa @Sanepidmurojaatbot ga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tgan.