Tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” tabletkalarini ishlab chiqaruvchi Samo farmatsevtika kompaniyasi litsenziyasining amal qilishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda SSV Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.

2023-yilning sentabr oyida bolalar ommaviy zaharlangach, “Antistrumin” dorisi sotuvi vaqtincha taqiqlangan va Samo MCHJda farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlangandi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, korxona tomonidan qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan. 2023-yil dekabr oyida MCHJ litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida markaz tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.

Namanganda 71 bolaning zaharlanish holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari olib borilgani sababli mazkur iqtisodiy ish bilan bog‘liq sud, javobgarning iltimosnomasiga ko‘ra, 2024-yil 19-yanvarda to‘xtatilgan, deyiladi markaz xabarida.

Ta’kidlanishicha, aholining hayoti hamda sog‘lig‘i uchun tahdid yuzaga kelishining oldini olish maqsadida markazning yuqoridagi iqtisodiy ish bo‘yicha yakuniy sud hujjati qabul qilinguniga qadar Samo MCHJning litsenziyasini to‘xtatib turish to‘g‘risida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan iltimosnoma sudning tegishli ajrimiga muvofiq qanoatlantirdi.

Shundan so‘ng MCHJga tegishli (dori vositalarini ishlab chiqarish uchun 2020-yil 30-martda berilgan) 15571-sonli litsenziyaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatildi.

“Antistrumin” voqeasi

O‘zbekistonda 2023-yil 20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlangandi. Unga ko‘ra, har chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichirilishi belgilgan.

Ammo oradan 2 kun o‘tib, Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — jami 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berildi.

Shu kunning o‘zida prezident Chustdagi vaziyatdan “qattiq tashvishda” ekani uning matbuot kotibi tomonidan ma’lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa o‘rganishlar yakuniga yetguniga qadar tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” №100 mahalliy dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etdi.

Voqeadan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Chust tumaniga borib, bolalar dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanmaganini, bolalarning sog‘lig‘i yomonlashishiga zaharlanish emas, O‘RVI sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Keyinroq prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Namanganga borib, ommaviy zaharlanish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish… odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

25-sentabrga kelib, “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqaruvchi Samo kompaniyasi faoliyatini tekshirish boshlangani xabar qilingan. Shunindek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Samo kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so‘mga tendersiz sotib olgani ayon bo‘lgan.

Shuningdek, Samo farmatsevtika kompaniyasi hamta’sischisi Nodir Yunusov AQShda qidiruvda ekani aniqlangan. Yod preparati bilan bog‘liq mojaro fonida u ta’sischilar safidan chiqqan.

O‘sha kunlarda Toshkentda ham o‘nlab bolalar RSHTYOIM toksikologiya bo‘limiga zaharlanish alomatlari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar ular yod ichganidan so‘ng xastalanganini ma’lum qilgan. Shifokorlar esa holatning preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. “Gazeta.uz” vaziyatni o‘rgangan (tafsiloti bu yerda).

Noyabr oyida “Antistrumin” ishi bo‘yicha uch shifokor ayol qamoqqa olingan. Shundan so‘ng Vrachlar assotsiatsiyasi prezidentga murojaat yo‘llagandi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov esa bolalar yod tarkibli “Antistrumin” dorisidan ommaviy zaharlangani haqida gapirib, preparatni berishda doza oshirib yuborilganini tan olgan.