Ish haftasi oxirida havo keskin soviydi

11-oktabrda O‘zbekistonga Qora dengiz hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib kela boshlaydi. Harorat kechalari +6…+11, shimolda +2…+7, kunduzi +12…+17 darajagacha pasayadi. Vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Bu ushbu mavsumda birinchi haqiqiy kuzgi sovuq bo‘ladi, deydi O‘zgidromet.

O‘zbekistonda bir yilda atmosferaga 874 ming tonna sanoat chiqindilari chiqarildi. Qayerdan?

2022-yil sanoat korxonalari havoga 874 ming tonna chiqindi chiqardi. Ularning katta qismi neft-gaz, energetika, metallurgiya korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Vazirlar Mahkamasi 2023-yilda 145 korxonada 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlab, tashlanmalarni kamaytirmoqchi.

O‘zbekiston Rossiya bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli shartnomalarni muhokama qilmoqda

O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” (Rossiya) bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar muzokarasini boshladi, deya ma’lum qildi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekistonda bloklangan TikTok soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

TikTok ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonda 2021-yilning yozidan buyon bloklanganiga qaramay, soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Endilikda xizmatlar uchun to‘lov 12 foizlik QQSni o‘z ichiga oladi.

1-noyabrdan ayrim hududlarda elektr energiyasiga hisoblagich orqali 10−15 kV quvvat doirasida cheklov kiritiladi

O‘zbekistondagi eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan hududlarda hisoblagich orqali 10−15 kV quvvat doirasida cheklov kiritiladi. Bu qish va yozdagi noqulay ob-havo sharoitida tarmoqlarga yuklama tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.

Sanjar Erdanov “O‘zbekkonsert” direktori v.v.b. bo‘ldi

Sanjar Erdanov “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hududiy bo‘lim rahbarlarining ayrimlari oxirgi marotaba ogohlantirildi.

Poytaxt tumaniga ilk bor ayol hokim tayinlandi

Toshkentning Yakkasaroy tumaniga Nilufar Allabergenova hokim etib tayinlandi. U 2019-yildan buyon shu tuman prokurori sifatida ishlab kelayotgandi.

“O‘ztransgaz” boshqaruv raisiga o‘rinbosarlar tayinlandi

Muhsin Raxmonov va Shohjahon Safarov “O‘ztransgaz” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosarlari, Jahongir Baybayev esa rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Partiyalar O‘zbekistonda aralash saylov tizimiga o‘tish masalasini muhokama qilishni boshladi

O‘zbekistonda partiyalar fraksiyalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini saylashning majoritar-proporsional (aralash) tizimiga o‘tish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilishni boshladi.

Prezident Osiyo o‘yinlari tarixida eng yaxshi natija ko‘rsatgan sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida 71 ta medalga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabriklab, oltin medallarning yarmini qizlar qo‘lga kiritganidan mamnunligini ta’kidladi. Prezident, shuningdek, 2024-yilda Parijda o‘tadigan Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Falastin-Isroil mojarosidan jiddiy xavotirda — TIV

O‘zbekiston TIV Falastin-Isroil mojarosi tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgani va Yaqin Sharqdagi vaziyatni murakkablashtirganidan jiddiy xavotir bildirdi. Mamlakat tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatda tugatish va inqirozni diplomatik vositalar orqali hal qilishga chaqirdi.

Isroildan O‘zbekistonga aviareyslar bekor qilingani yo‘q — elchixona

O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi Isroilda bo‘lib turgan fuqarolardan O‘zbekistonga uchish uchun bemalol aviachipta olishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, fuqarolardan Isroildagi yaqinlari yo‘qolgan yoki yaralangan bo‘lsa, konsullik bo‘limini xabardor qilish so‘raldi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Isroil — Falastin mojarosi. Asosiy yangiliklar

Isroilda qurbonlar soni 700 nafardan oshdi, 2200 dan ortiq odam jarohatlangan. G‘azo sektorida esa kamida 413 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 2300 kishi yaralangan. OAV Eron HAMASga yordam bergani haqida yozdi, Eronning o‘zi esa buni rad etdi.