Hindistonning Mumbay shahrida reklama banneri qulashi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi, deb xabar bermoqda BBC News.

13-may kuni tushdan keyin jala va chang bo‘roni vaqtida Gatkopar tumanidagi turar joy binolari va yoqilg‘i quyish shoxobchasi ustiga 70×50 metr o‘lchamdagi reklama banneri qulab tushgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda reklama inshooti gavjum yo‘l yaqinidagi binolar ustiga qulashdan oldin shamolda chayqalayotganini ko‘rish mumkin.

Favqulodda xizmatlar qutqaruv operatsiyasini davom ettirmoqda; bir qancha qurbonlarning jasadlari hali ham banner ostida.

Mahalliy hokimlik bilbordning o‘lchami ruxsat etilgan o‘lchamdan bir necha barobar katta ekanini va reklama agentligi uni noqonuniy ravishda o‘rnatganini ma’lum qildi. Kompaniyaga konstruksiyani zudlik bilan demontaj qilish va shahar atrofidagi barcha ana shunday reklama bannerlarini olib tashlash buyurilgan.

Times of India nashrining aniqlik kiritishicha, kompaniya mas’ul idoralardan ruxsat olmasdan jami sakkizta bilbord o‘rnatgan. Yiqilgan inshootning og‘irligi 250 tonnani tashkil etgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, kuchli shamol daraxtlarni ildizi bilan yulib ketgan, yo‘llarda tartibsizlik va shaharda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Noqulay ob-havo tufayli xalqaro aeroportda bir nechta reyslar kechiktirilgan.