Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida Damas yo‘ldan o‘tayotgan 11 yoshli piyodani urib ketdi. Bu haqda viloyat YHXB xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 31-mart kuni soat 11:30 atrofida tumanning Boltali mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-46 avtomobil yo‘lining 14-kilometrida Damas piyodalar o‘tish joyidan yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan 2013-yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborib YTH sodir etgan. Oqibatda voyaga yetmagan piyoda olgan tan jarohatlari bilan RSHTYOIM Samarqand filialida statsionar tartibda davolanmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.