“Milliy banklararo protsessing markazi” (Humo) mas’uliyati cheklangan jamiyati aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu bo‘yicha agentlikning tegishli buyrug‘i qabul qilingani haqida xabar berdi.

Prezidentning 2023-yil 30-noyabrdagi qaroriga asosan 2024-yil 1-iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi belgilangan.

“Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida „Milliy banklararo protsessing markazi“ mas’uliyati cheklangan jamiyatini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish to‘g‘risida Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi va jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2024-yil 13-may kuni Davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda “Milliy banklararo protsessing markazi” aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotgani aytilgan.

Aprel oyi yakunida Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) xususiylashtirilishi ma’lum bo‘lgandi. Bu prezidentining 19-apreldagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Undan avval prezidentning 30-noyabrdagi qarori bilan Markaziy bankning Bosh axborotlashtirish markaziga tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi (100 foiz) to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA)ga o‘tkazilgandi.

O‘shanda Humo to‘lov tizimining Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emas, deya ma’lum qilgandi agentlik “Gazeta.uz”ga. Ta’kidlanishicha, Markaziy bank balansida banklararo protsessing markazining mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.

Humo to‘lov tizimi haqida

Ma’lumot uchun, milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida yaratilgan. O‘shanda chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyalashuviga yo‘l qo‘ymaysligi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib kelishi ta’kidlangandi.

Humo o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan keyin tuzilgan.

“Kap Depo” investitsiya kompaniyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Humo to‘lov tizimining 2023-yildagi sof foydasi 2022-yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshib, 114,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Infografika: Telegram: @kapdepoInfografika: Telegram: @kapdepo

Yil davomida Humo to‘lov tizimidagi kartalar soni 8 mln donaga oshib, 23,3 mlnga yetdi, shundan virtual kartalar ulushi 15 foizni tashkil etdi. 2023-yilda jami 1,62 mlrd tranzaksiya amalga oshirilgan. Bitimlar soni va summasi yil davomida mos ravishda 2,2 va 2,1 baravarga oshgan. Bir daqiqada amalga oshirilgan o‘rtacha tranzaksiyalar soni 6 ming 700 tani tashkil etgan.

2024-yil birinchi chorakda esa Humo`ning foydasi 2023-yilning mos davriga nisbatan 88 foizga oshgan va 37,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

humo, aksiyadorlik jamiyati, milliy banklararo protsessing markazi, xususiylashtirish