Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni BMT bosh kotibi o‘rinbosari — “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

BMT delegatsiyasi shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlar forumi dasturi doirasida mamlakatda bo‘lib turibdi.

bmt-ayollar

Uchrashuvda O‘zbekistonning “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan konstruktiv hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda “BMT-ayollar” tuzilmasining vakolatxonasini ochish masalasi qo‘llab-quvvatlandi.

Xabarda O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va manfaatlarini ilgari surish sohasidagi barcha asosiy xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani va BMTning tegishli komissiyasi ishida faol ishtirok etayotgani qayd etilgan.

bmt-ayollar

Tomonlar Osiyo xotin-qizlari forumining samarali natijalarini yuqori baholadi va uni Osiyo mintaqasida ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot maydoniga aylantirish muhimligini ta’kidladi.

O‘zaro hamkorlik bo‘yicha, shu jumladan, mintaqaviy darajadagi aniq loyiha va dasturlarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturni qabul qilish zarurligi qayd etildi.