Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi xalqaro aeroportda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentga uchishga hozirlik ko‘rayotgan samolyotida ikki yo‘lovchi o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi.

Transport va turizm obyektlarida xavfsizlik departamentining xabar berishicha, 16-aprel kuni yo‘lovchilar HY334-sonli reysga chiqib o‘tirgan, eshiklar yopilgan va trap olib tashlangan. Biroq noqulay ob-havo tufayli parvoz kechiktirilgan. Shu vaqtda yo‘lovchilardan biri — 45 yoshli O‘zbekiston fuqarosi (ayol) janjal chiqargan.

U ekipaj a’zolarining bir necha bor tinchlantirishi va tushuntirishiga qaramay, samolyotdagi 200 nafar yo‘lovchidan iborat jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan baland tovushda so‘kingan. Shu tariqa, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, shovqin ko‘targan va samolyotdan chiqishni talab qilgan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ayol uni tinchlantirishga harakat qilgan hamyurti — 42 yoshli yo‘lovchi ayol bilan ham janjallashib, bezorilik harakatlarini sodir etgan. Shundan so‘ng favqulodda trap texnikalari jalb qilingan, samolyot eshiklari ochilgan va Dubay aeroportining huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari janjallashgan fuqarolarni samolyotdan tushirib qoldirgan.

Holat oqibatida reys yana kechiktirilgan. Boshqa aviareyslarning ham belgilangan jadval vaqtlari o‘zgartirilgan. Oqibatda Uzbekistan Airways`ga 5037 dollar moddiy zarar kelib chiqqan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan departament xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilib, bezorilik harakatini sodir qilgan shaxslardan moddiy zarar to‘liq undirilgan. Ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini hal qilish uchun hujjatlar sudga yuborilgan.