Nukus shahridagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, kutubxona ma’muriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd so‘mlik pudrat ishlari o‘rganilgan va jami 530,4 mln so‘mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo‘lsa-da, hisobotlarga qo‘shib yozish yo‘li bilan budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

“Kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta Brayl printeri uchun 90 mln so‘m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln so‘m mablag‘lar ham o‘zlashtirib yuborilgani oqibatida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan ta’minlash imkoni cheklangan”, — deyiladi BP xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish; BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) hamda 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi; BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda, deya qo‘shimcha qildi prokuratura.