Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali gaz yetkazib berish rasman 7-oktabrdan boshlanadi. Bu haqda juma kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va RF prezidenti Vladimir Putin muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

“Ertaga (7-oktabr — tahr.) Shavkat Miromonovich, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Tokayev va men “Gazprom”ning O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berish tantanali marosimida ishtirok etamiz. Bu mazkur transport tizimlarining butun tarixida birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Rossiyadan ishlab chiqarilgan va Rossiyaniki bo‘lgan gaz Rossiyadan hech qachon Markaziy Osiyo yo‘nalishida yuborilmagan”, — dedi Putin.

Rossiya prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bu borada bir necha oy avval kelishuvga erishilganini aytdi. “O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston qisqa vaqt ichida, rekord darajada ishladi va bunday yetkazib berish uchun sharoit yaratdi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berilishini “strategik loyiha” deb atadi.

Prezidentlar qo‘shma bayonotida mamlakatlar energetika xavfsizligini mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikni o‘zaro uzoq muddatli manfaatlarga javob beradigan deb bilishlarini ta’kidladilar. Buning uchun, jumladan, birgalikda o‘zlashtirilayotgan konlardan chiqqan gaz va neftni tashish uchun yangi infratuzilmalarni qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yangi elektr energiyasi obyektlarini barpo etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energetika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Prezidentlar tinch atom energetikasi sohasidagi hamkorlik rejalarini ham tasdiqladilar. “Tomonlar Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish sohasida erishilgan kelishuvlarni mamnuniyat bilan qayd etadilar”, — deyiladi qo‘shma bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekiston hukumati va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, yonilg‘ini qabul qilish va tashish uchun gaz tashish tizimini tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Keyinroq O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” bilan shartnoma ikki yilga tuzilgani, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metr, yillik hajmi qariyb 2,8 milliard kub metr bo‘lishini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzit orqali yetkazib berish oktabr boshida boshlanishi kutilgan edi, biroq 4-oktabr kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga shu oy oxiridan boshlab yuborishini ma’lum qildi.