Tarmoqlarda Namangan viloyati Chortoq tumanidagi bog‘cha bolalari Damas mashinasiga me’yordan ortiq miqdorda o‘tqazilgani, shuningdek, ziyorat uchun qabristonga olib borilgani bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va Maktabgacha ta’lim agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat “Zukko Bolajon” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan.

“Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan Xotira va qadrlash kunini qay tarzda o‘tkazish bo‘yicha berilgan tavsiya xatiga qaramay, 8-may kuni mazkur maskan rahbari, tadbirkor O‘g‘ilxon Muhiddinova 17 nafar tarbiyalanuvchini „Tol mozor“ qabristoniga ziyorat qilish uchun olib borgan”, — deyiladi boshqarma xabarda.

Holat “Iftixor” MFY raisi, qator nuroniylar hamda 20 nafar tarbiyalanuvchining ota-onalari ishtirokida muhokama qilinib, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish, bolaning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda ishlab chiqilgan maktabgacha ta’lim muassasasining davlat o‘quv dasturi doirasida amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangan.

Vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan yondashgan muassasa rahbari jiddiy ogohlantirildi, deya qo‘shimcha qildi boshqarma.

Agentlikning ta’kidlashicha, maskan rahbari Damas avtomashinasiga sig‘imdan ortiqcha miqdorda bolalarni olib, tuman markazida joylashgan Xotira maydoniga borgan. Tarqalgan videolavhada mashinaning o‘rta va orqa o‘rindiqlarida 12−14 nafar bolani ko‘rish mumkin.

U yerdan qaytishda bir yo‘nalishda bo‘lgani uchun tarbiyalanuvchilar qabristonga ham olib kirilgan.

Holat yuzasidan tadbirkor Muhiddinova jazolanishini bildirgan agentlik Damas haydovchisiga ham chora ko‘rilishini ta’kidladi.

“Agentlik tomonidan bu kabi tadbirlarga topshiriq berilmagan. „Ilk qadam“ davlat dasturida bu kabi mashg‘ulotlar va tadbirlar o‘tkazilishi va bolalarni qabristonga olib borish taqiqlangan”, — deb qo‘shimcha qildi Maktabgacha ta’lim agentligi.