Rafael Nuritdinov yashaydigan uy Sergeli tumanining Quruvchilar massivida baland metro o‘tkazgich ostida joylashgan. Kechasi kuchli portlash sodir bo‘lgan Inter Logistics kompaniyasining maydoni va ombor bu uydan bir necha metr uzoqlikda, xolos.

Portlash bo‘lgan kuni ombor tomondan uning uyiga og‘irligi taxminan 7 kg bo‘lgan metall buyum uchib kirgan. U uyning tomini teshib, koridorga tushgan.

Bolalar xonasida ikkita karavot bor. Devorda uzun yoriq paydo bo‘lgan, bolalar uxlayotgan karavotda singan shisha parchalarini ko‘rish mumkin edi. “Yo‘q, bundan hech kim jarohat olmadi”, — deya holatga aniqlik kiritdi Rafael.

portlash, sergelidagi portlash

Uy egasi bolalar xonasini ko‘rsatayotganda, uning ayoli xonada ibodat qilayotgandi. Namozni tugatgandan so‘ng, u muxbirlar bilan salomlashdi va voqeadan so‘ng uzoq vaqt davomida o‘ziga kela olmaganini aytdi.

“Men sog‘ qolganimiz uchun ibodat qildim. Tirik ekanligimizga shukurlar aytdim”, — dedi u.

portlash, sergelidagi portlash

Nuritdinovlar oilasi singari, massivning boshqa ko‘plab aholisi uyqudan tirik uyg‘onganidan, shuningdek, rasmiylarning tezkor yordam berganidan minnatdor.

Portlash soat 2:52 da sodir bo‘lgan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, dastlab omborda yong‘in kelib chiqqan (Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in haqida 2:43 da xabar olganini va voqea joyiga 2:48 da o‘t o‘chiruvchilar kelganini xabar qilgandi). Keyin kuchli portlash yuz bergan.

Favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan joydan 1,5 kilometr uzoqlikda yashaydigan Nuriddin Sultonovning aytishicha, uning uyida deraza va romlar qimirlagan.

portlash, sergelidagi portlash

3B uyda yashovchi Go‘zal Nurmatovaning kvartirasida yangi plastik ramka ko‘chib tushib, parchalari yerga sochilib ketgan. Portlashdan oldin u onasi bilan omborxonada chiqqan yong‘inni ko‘rgan va oshxona balkoniga yaqinlasha boshlagan. Portlash sodir bo‘lganda, zarba to‘lqini ularni oshxonaga uloqtirib yuborgan. Oqibatda Go‘zal Nurmatova bo‘ynidan jarohat olgan, onasi esa boshini yerga urib olgan.

“To‘lqin kuchli bo‘ldi. Mening kvartiramda moy shishasi portlab ketdi. Hamma qo‘shnilarning hayoliga urush boshlandi degan fikr keldi”, — dedi u.

Xuddi shu uyda yashovchi Ollomurod Janibekov yong‘indan keyin qutqaruvchilar kelishni boshlaganini payqaganini aytadi. U derazadan nima bo‘layotganini videoga olgan. Keyin u portlashni ko‘rgan va zarrachalar uchib kelgan payti xona burchagiga yashirinishga ulgurgan. Ammo to‘lqin shunchalik kuchli bo‘lganki, hatto otasining portretidagi shishali ramka yorilib ketgan. O‘sha paytda uning xotini oshxonaga ketayotgan bo‘lgan. Bir parcha stakan bo‘lagi uning o‘ng qoshiga tekkan.

portlash, sergelidagi portlash

Toshkent shahar Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov “Gazeta.uz” bilan suhbatda portlash yo‘l bo‘yida joylashgan birinchi qatordagi asosiy uylardagi aksariyat xonadonlarga yengil yoki og‘ir darajada shikast yetkazganini aytdi. Bu 9A, 3B, 3 V, 3D, 34 va boshqa uylardir. Bu uylarning deraza va romlari, eshiklari sinib, shikast yetgan.

Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning xabar berishicha, 592 xonadonning 26 ta ko‘p qavatli binosi va 8 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta bog‘chaning tashqi fasadi, deraza romlari va oynalari shikastlangan. 24 ta ko‘p qavatli va 25 ta hovli uylarning tomlari ham zarar ko‘rgan.

portlash, sergelidagi portlash

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, voqeada 163 kishi jarohatlangan. Ulardan 24 nafari kasalxonaga yotqizilgan. 2006-yilda tug‘ilgan o‘smir yigit vafot etdi. Aholining aytishicha, bola deraza romlari va shisha siniqlaridan yaralangan.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, ular portlashdan so‘ng vahima ichida ko‘chaga yugurishgan. Ko‘pchilik tunni skameykalarda yoki mashinalarda o‘tkazgan.

“Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan kvartiralarni tark etish, hovliga tushish va vaqtincha boshqa hududga ko‘chib o‘tish so‘raldi”, — dedi Go‘zal Nurmatova.

“Butun hovli „tez yordam“ bilan gavjum edi. Ular bizga birinchi yordam va psixologik ko‘mak ko‘rsatishdi. Ularga katta rahmat”, — deya ta’kidladi Nargiza Abduraxmanova.

Massiv aholisining aytishicha, voqea joyiga soat 5:30 da O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov yetib kelgan.

Jabrlanganlarga yordam berish uchun Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va boshqa xizmatlar xodimlari kelishgan. Joyida tezkor shtab tashkil etildi.

portlash, sergelidagi portlash

Harbiylar va obodonlashtirish xizmati xodimlari aholiga kvartiralarni tozalashda yordam berdi. Ular parchalangan buyum va jihozlarni yig‘ib chiqdi, deraza romlarini, eshiklarni ko‘chirishdi va kvartiralardan olib chiqib tashlashdi. Chiqindilar yuk mashinalariga yuklandi.

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi xonadon egalariga yetkazilgan zarar qoplanishini va’da qildi. Go‘zal Nurmatovaning aytishicha, rasmiylar derazalarni ikki-uch kun ichida almashtirishga va’da bergan. Mutaxassislar deraza romlarini o‘lchab, allaqachon yangilarini o‘rnatishni boshlagan.

portlash, sergelidagi portlash

Harbiylar hovlilarda chodir o‘rnatdi. U yerda aholiga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatilmoqda, kuniga uch mahal ovqat tayyorlanmoqda. Xizmatchilar, shuningdek tibbiy psixologlar kvartiralarga kirib, aholi bilan muloqot qilmoqda.

“Portlash oqibatlarini bartaraf etish ishlariga 100 dan ortiq harbiy texnika va Mudofaa vazirligining 2000 dan ortiq harbiy xizmatchilari, shuningdek, harbiy shifokorlar jalb qilingan”, — dedi Mudofaa vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xalilov.

“Har bir pod’ezdda 60−80 kishi yashaydi. Biz har bir uyga kirib chiqdik. Maqsad kimga tibbiy yoki boshqa yordamga muhtojligini bilish. Ularga kerakli dori-darmonlar berildi. Agar statsionar yordam zarur bo‘lsa, bizda tez yordam bor. Odamlarni marshrut bo‘ylab kasalxonalarga yuboramiz. Tibbiyot markazida pediatr, terapevt, jarroh va psixolog ishlaydi”, — deydi Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Rano Nosirova.

Birinchi axborot ertalab soat 5 da kelib tushdi, soat 6 atrofida biz voqea joyida edik va yordam bera boshladik. Tez yordam mashinasi oldinroq kelib bo‘lgandi, deya qo‘shimcha qildi u.

portlash, sergelidagi portlash

Omborxonadagi yong‘in ertalab soat 10:47 da o‘chirildi. Toshkent shahri hokimiyati poytaxtning 12 ta tuman hokimliklariga zarar ko‘rgan obyektlarni tiklash bo‘yicha vazifalarni taqsimladi.

Kvartiralari buzilgan ba’zi odamlar vaqtincha qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tdi. Kimdir mehmonxonaga joylashtirildi. Boshqalar uyda qolib, ramkalarni almashtirish uchun o‘z navbatini kutishmoqda. Bosh shtab 24 soat ishlab turibdi.

Bunday kuchli portlashga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Singan derazadan tashqariga qarab, odamlar bu boshqa takrorlanmasligiga umid qilmoqda.

O‘sha kuni manzildagi uylardan birida to‘y bo‘lishi rejalashtirilgandi. An’anaga ko‘ra, kirish eshigi bir kun avval gullar bilan bezatib ketilgan ekan. Garchi kvartiralarda gaz uzilishi tufayli tadbir ko‘lami biroz qisqarishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham to‘y egalari marosimni bekor qilmaslikka qaror qildi.

portlash, sergelidagi portlash