2024-yilning yanvar-mart oylarida 1 mln 519,3 ming nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Statistika agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 31,7 ming nafarga yoki 2,1 foizga yuqori.

Yilning dastlabki 3 oyida eng ko‘p Tojikiston (536,5 ming), Qirg‘iziston (442 ming) va Qozog‘iston (262,6 ming)dan sayyohlar tashrif buyurdi.

Shuningdek, mamlakatga Rossiyadan 134,2 ming, Turkmanistondan 31 ming, Turkiyadan 21,5 ming, Hindistondan 11,6 ming, Xitoydan 10 ming, Janubiy Koreyadan 7,6 ming, Germaniyadan esa 3,8 ming turist keldi.

Boshqa davlatlar hissasiga 58,5 ming nafar sayyoh to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonga 6,5 mln nafardan ortiq chet el fuqarosi turistik maqsadlarda kelgan.