Vladimir Putin Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Meduza” yozmoqda.

2008-yil may oyidan buyon Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egallab kelgan Nikolay Patrushev “boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan” lavozimidan ozod etildi. Kreml “yaqin bir necha kun ichida” Patrushev egallashi kerak bo‘lgan yangi lavozimni belgilash haqida ma’lum qildi.

Shoygu Xavfsizlik kengashiga o‘tgunga qadar Rossiya Mudofaa vazirligini 12 yil davomida boshqardi — 2012-yil 6-noyabrdan 2024-yil 12-maygacha.

Vladimir Putin Rossiya hukumati iste’foga chiqishidan oldin bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Andrey Belousovni yangi mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif qildi. Uning nomzodi 13−14-may kunlari Federatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Belousov 2013-yilda Rossiya prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ham ishlagan.

Andrey Belousov. Foto: government.ruAndrey Belousov. Foto: government.ru

Rossiya prezidentining matbuot kotibi harbiy idoradagi o‘zgarishlarni sharhlar ekan, jurnalistlarga Belousovning tayinlanishi “koordinatalar tizimini” o‘zgartirmasligini aytdi.

“Harbiy tuzilmaga kelsak, bu tayinlov amaldagi koordinatalar tizimini hech qanday tarzda o‘zgartirmaydi, harbiy komponent har doim bosh shtab boshlig‘ining vakolati bo‘lib kelgan, u o‘z faoliyatini davom ettiradi, bu borada hozircha hech qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmagan”, — deya Kreml vakilidan iqtibos keltiradi “Interfaks”.

Peskov, shuningdek, Shoygu Xavfsizlik kengashi kotibi sifatida bir vaqtning o‘zida Harbiy-sanoat komissiyasida prezident o‘rinbosari bo‘lishini, shuningdek, Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmatni boshqarib borishini aytdi. “Oldin ham xabar berilganidek, federal xizmat Mudofaa vazirligidan prezident huzuriga o‘tkazilmoqda. Uning ishiga ham Sergey Shoygu rahbar bo‘ladi va nazorat qiladi”, — deya tushuntirdi Kreml vakili.

Avvalroq Vladimir Putinning prezidentlik lavozimiga kirishishi munosabati bilan Rossiya hukumati iste’foga chiqqqani haqida yozgandik.