Jinoyat ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudining 2024-yil 2-aprelida turmush o‘rtog‘ini o‘ldirgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 1952-yilda tug‘ilgan A.X. shifokor bo‘lib ishlab, 2011-yilda pensiyaga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i ham tibbiyot sohasida faoliyat yuritgan. 1974-yilda turmush qurgan er-xotinning 6 nafar farzandi bo‘lgan.

Gumonlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2023-yilning 16-dekabr kuni A.X. yarim tunda uyg‘onib ketgan va avvaliga turmush o‘rtog‘idan qon bosimini tushiruvchi dori berishni so‘ragan. Turmush o‘rtog‘i u so‘ragan dorilarni topib berib, ukol ham qilgan. Shunda A.X. sehr-jodu qilingani sabab kechalari uxlay olmayotganini aytib, janjal chiqargan. So‘ngra jahl ustida isitish pechi yonida turgan boltani olib, turmush o‘rtog‘ining bosh qismiga 17 bor zarba bergan. Buning oqibatida ayol og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

A.X. boltani joyiga qo‘yib, qo‘shni xonaga chiqib yotgan. Birozdan so‘ng o‘zini o‘ldirish maqsadida oshxona pichog‘i bilan yurak qismiga sanchgan, lekin pichoq kiyimlarini teshib o‘tmagan.

Ertalab farzandlari va IIB xodimlari yetib kelgan. Bundan xabar topgan A.X. xona eshigini ichkaridan qulflab, tashqariga chiqmagan. IIB xodimlari eshikni ochishni so‘raganida esa lezviya bilan tomirlarini kesib, o‘z joniga suiqasd qilishga uringan. Biroq IIB xodimlari xona ichiga kirib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga ulgurgan.

Sud hukmiga ko‘ra, A.X. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (Qasddan odam o‘ldirish) jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ayblanuvchi jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilandi.