Uzbekistan Airports (mamlakat aeroportlari operatori) boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva misolida O‘zbekistonda davlat tashkiloti rahbarining ishdan bo‘shatilishi shuncha afsus va hissiyotlarni keltirib chiqarishi nihoyatda kam uchraydigan holat. Uning ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabardan keyin ikki yarim yil ichida amalga oshirilgan islohotlari sababli qo‘llab-quvvatlangan va minnatdorchilik bildirilgan ko‘plab mulohazalar e’lon qilindi.

Ushbu masalada davlat idoralari tomonidan hech qanday tushuntirishlar berilmagani ayrim savollarni tug‘diradi va turli taxminlarni keltirib chiqaradi. Ra’no Jo‘rayeva ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabardan bir necha soat oldin Transport vazirligi mamlakat aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi, O‘zbekistonga uchuvchi aviakompaniyalar soni va shunga mos ravishda birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan reyslar soni oshgani haqida xabar bergan edi. Uning ortidan esa “aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, kompaniya boshqaruv tizimini takomillashtirish va moliyaviy-xo‘jalik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shgan” Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining yaqinda xalqaro uchib kelish zaliga faqat Uzbekistan Airports yagona taksi xizmati (taksi operatori auksion orqali tanlangan, tanlov shartlarida xavfsizlik talablari hisobga olingan) avtomobillari kirishi mumkinligi haqidagi bayonoti Uzbekistan Airports rahbariyatiga nisbatan jamoatchilik norozilik bildirgan yagona signal edi.

Bundan tashqari, qo‘mita xalqaro aeroport yaqinidagi avtoturargohlarda to‘xtash uchun belgilangan to‘lov miqdorini “raqobatni cheklash” deb atadi, vaholanki bir soatlik to‘xtash narxi (terminal yaqinidagi to‘xtash joylarida 10 ming so‘m, uzoqroqdagi to‘xtash joylarida esa 5 ming so‘m) poytaxt bozorlaridagi avtoturargohlar narxlariga to‘liq mos keladi va barcha avtomobillar uchun ilk 10 daqiqa bepul.

“Gazeta.uz” o‘z manbalariga tayanib, bir kun avval hukumatda Ra’no Jo‘rayevani ishdan bo‘shatish rejasi muhokama qilingani haqida xabar bergan edi. Bunday rejalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avval ham paydo bo‘lgan, ammo shu safar ular amalga oshgan. Bir yilcha muqaddam — 2022-yilning kuzida Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uch yilga uzaytirilgandi. Shunday qilib, uning birinchi o‘rinbosari Javlonbek Umarxo‘jayev kompaniya rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

“Gazeta.uz” Ra’no Jo‘rayevaning Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi lavozimidagi faoliyatini tahlil qilib, uning ishdan bo‘shatilishiga nima sabab bo‘lishi mumkinligini aniqlashga urindi.

Ra’no Jo‘rayeva kim?

Ra’no Jo‘rayeva va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Uzbekistan Airports hamda Singapurning Changi Airports kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolash marosimida. 2023-yil may. Foto: “Gazeta.uz”.Ra’no Jo‘rayeva va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Uzbekistan Airports hamda Singapurning Changi Airports kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolash marosimida. 2023-yil may. Foto: “Gazeta.uz”.

Ra’noxon Frunzevna Jo‘rayeva 1957-yil 7-martda tug‘ilgan. Moskva aviatsiya instituti va aspiranturani tamomlaganidan so‘ng 1986-yilda uchuvchisiz uchish apparatlarining parvoz dinamikasini hisoblash bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Butunrossiya tashqi savdo akademiyasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha tahsil olgan. Garvard biznes maktabida esa moliyaviy menejment strategiyalarini o‘rgangan.

RBKning yozishicha, 1995-yilda o‘sha paytda Domodedovo aeroportining yuk terminalini o‘z nazoratiga olgan rossiyalik milliarder Dmitriy Kamenik Ra’no Jo‘rayevani biznesga taklif qilgan. Aeroport yiliga bor-yo‘g‘i 2 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatardi. Ammo 2005-yilda Domodedovoni tark etayotganida esa aeroport allaqachon 14 mln ga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatayotgandi.

Ra’no Jo‘rayeva yer usti kosmik infratuzilma obyektlarini ekspluatatsiya qilish markazini (“Roskosmos” korxonasi) ham boshqargan. Bundan tashqari, 2019-yil 31-martdan 2020-yil martigacha “C7 kosmicheskiye transportnыye sistemы” MCHJ (S7 Space) bosh direktori lavozimida ishlagan.

Kompaniyada Ra’no Jo‘rayeva bilan ishlagan “Ist layn”ning sobiq xodimi uni ambitsiyali vazifalarni sevadigan “sobitqadam va avtoritar rahbar” deya ta’riflaydi.

Uzbekistan Airports xodimi ham uning “murakkab xarakterga ega” ekanligini tasdiqladi: “U juda murakkab odam. Murakkab xarakterga ega… Juda avtoritar. Bu ko‘pchilikka yoqmasdi. U stolga urib: „Shunday bo‘ladi! Va bu muhokama qilinmaydi“, — deya olardi. Va ko‘p hollarda u haq bo‘lib chiqardi, garchi birinchi qarashda ahmoqona tuyulgan bo‘lsa ham”.

Ra’no Jo‘rayeva “pora, otkat va hokazolarga qat’iy barham berdi”, — deydi ismi sir qolishini istagan xodim. — Hech kimga sir emas, ko‘pchilik o‘g‘irlik qilishga o‘rganib qolgan. Buni yo‘qotish qiyin. Salfetka va sovundan tortib aviayoqilg‘igacha o‘g‘irlashardi. Shunga qarshi kurashdi. Atayin oyliklarni ikki baravar oshirdi".

Uzbekistan Airports`ning tashkil etilishi

2018-yil noyabrida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, uning negizida alohida Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports AJlar tuzildi.

Prezident farmonida bir vaqtning o‘zida davlat tomonidan tartibga solish hamda tijorat faoliyatiga oid funksiyalarni mujassamlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof bo‘lmagan tizimi tarmoq korxonalarida menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini ta’minlash imkonini bermayotgani ta’kidlangandi.

Fuqaro aviatashishlarining, shu jumladan yerdagi infratuzilmadan foydalanishning haddan ziyod monopollashuvi ushbu sohada xizmatlar ko‘rsatishning jahon darajasidan ancha ortda qolib ketishiga, shuningdek mamlakatdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab bo‘ldi, deyiladi hujjatda.

Uzbekistan Airports oldiga aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan aeroportlarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik va yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish mexanizmlaridan foydalangan holda jalb qilish va boshqa vazirfalar qo‘yildi.

Uzbekistan Airports tashkil etilgan 2019-yil avgustida kompaniyaga Rovshan Ismailov rahbar bo‘ldi.

Uzbekistan Airports 2020-yil pandemiya yilini 4,3 mlrd so‘m zarar bilan yakunladi. Karantin cheklovlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports 122 mln dollar kredit muddatini kechiktirish imkoniyati va 60 mlrd so‘mdan ortiq soliq imtiyozlarini qo‘lga kiritdi.

Uzbekistan Airports`ga kelishi va yutuqlar

Ra’no Jo‘rayeva transport vaziri Ilhom Mahkamov (o‘sha paytda u Uzbekistan Airways rahbari ham edi) bilan prezident taqdimotida. 2021-yil aprel.Ra’no Jo‘rayeva transport vaziri Ilhom Mahkamov (o‘sha paytda u Uzbekistan Airways rahbari ham edi) bilan prezident taqdimotida. 2021-yil aprel.

Ra’no Jo‘rayeva 2021-yil fevral oyida Uzbekistan Airports kompaniyasiga rahbar bo‘ldi. Apreldayoq u prezidentga kompaniyani transformatsiya qilish rejasini taqdim etdi: xarajatlarni kamaytirish, xarajatlarni hisobga olishning “qozon” usulidan voz kechish, xaridlarni optimallashtirish, aeroport soliqlari va yerda xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish, Toshkent aerovokzalini rekonstruksiya qilish va boshqalar.

Shuningdek, 11 ta aeroportni yagona boshqaruv ostida birlashtirish taklif etildi. Natijada Uzbekistan Airports O‘zbekistondagi barcha aeroportlar boshqaruvchisiga aylandi.

2021-yil oktabr oyi oxirida Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Nandling sho‘ba xendling kompaniyasi tashkil etildi. Kompaniya yo‘lovchilarni samolyotga ro‘yxatdan o‘tkazish, yetkazib berish va qo‘ndirish, yukni qayta ishlash va yetkazib berish, samolyotga yer usti xizmat ko‘rsatish, samolyotga oziq-ovqat yuklash, shuningdek, aerovokzal kompleksining xizmatlari: ona va bola xonasi, tibbiy markaz va ma’lumotnoma xizmatlarini taqdim etadi.

2021-yilda Uzbekistan Airports tashkil etilganidan buyon birinchi marta foyda ko‘rdi va 103 mln so‘m daromad oldi. 2022-yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha sof foyda 316,1 mlrd so‘mga yetdi.

Ra’no Jo‘rayeva 2022-yil yozida Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, sohani transformatsiya qilish jarayonida “ko‘plab masalalar vazirlik va idoralarda ularni qanday amalga oshirish haqida tushuncha yo‘qligi sababli osilib turibdi”.

“[Aeroport] to‘lovlari stavkalari bilan bog‘liq muammolarni hal qildik. Ularni milliy aviatashuvchi, xorijiy kompaniyalar uchun qanday shakllantirish kerak, jahon amaliyoti qanday? Iqtisodiyotni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha transformatsiya qilish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni o‘rganib chiqdik. Hozirda o‘zgartirish kerak bo‘lgan juda ko‘p me’yoriy hujjatlar mavjud. Ular eskirgan, 90 yillarniki”, — dedi u.

Uning davrida Toshkent aeroportining xalqaro terminalini rekonstruksiya qilish boshlandi, yangi uchib ketish zali ochildi, aeroportlarga kirishni soddalashtirish maqsadlari e’lon qilindi — poytaxt xalqaro aeroportida vagonlarning estakadaga kirishi ochildi, bojxona nazorati soddalashtirildi, O‘zbekiston aeroportlarida aviaspotting nihoyat qonuniylashtirildi va boshqa ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Noqonuniy taksi haydovchilari Uzbekistan Airports bosh og‘rig‘i edi, shunday bo‘lib qolmoqda, bunga ko‘p yillardan buyon na Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (uning inspektorlari ham yo‘lda tartibsiz to‘xtashga ko‘z yumadi), na boshqa kuchlar qodir bo‘lganicha yo‘q. “Bu nafaqat mamlakatning salbiy imidji, balki yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid hamdir”, — degan edi Ra’no Jo‘rayeva. O‘tgan yilning kuzida “Toshkent” xalqaro aeroporti o‘zining qat’iy narxdagi taksi xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

Joriy yil bahorida Uzbekistan Airports tomonidan tashkil etilgan Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi parvozlarni amalga oshirishni boshladi. Uzoq yillar havo orqali bordi-keldi qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaharlar o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Uzbekistan Airports kompaniyani oyoqqa turg‘izib, kelajakda uni xususiy sektorga o‘tkazish niyatida edi.

Kuni kecha Uzbekistan Airports birinchi yarim yillikda jami foyda 30 foizga, soliq imtiyozlari esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47 foizga oshgani haqida xabar berdi. Mamlakat aeroportlarida yo‘lovchi tashish hajmi 35 foizga oshib, 4,7 mln kishini, Toshkent aeroportida esa 39 foizga oshib, 3 mln nafarni tashkil etdi. Yil oxirigacha 9,2 mln, poytaxt aeroportida esa 7 mln yaqin yo‘lovchi kutilmoqda.

Bugungi kunga qadar kompaniya tomonidan Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish konsepsiyasi hamda texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun taqdim etildi. Namangan aeroportining konsepsiya va texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqish bosqichida. Bundan tashqari, Singapurning Changi aeroporti maslahatchilari bilan birgalikda Toshkent aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Munosabatlar

Ra’no Jo‘rayeva va mutasaddilar Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi 2023-yil 24-apreldan parvozlar boshlanganini e’lon qilmoqda. Foto: “Gazeta.uz”.Ra’no Jo‘rayeva va mutasaddilar Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi 2023-yil 24-apreldan parvozlar boshlanganini e’lon qilmoqda. Foto: “Gazeta.uz”.

Davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert, Uzbekistan Airways kuzatuv kengashi a’zosi Aziza Umarova Ra’no Jo‘rayeva ishdan bo‘shatilishidan bir kun avval: “Jo‘rayeva singari yuksak darajali menejerning taklif etilishi prezidentning [aviatsiya sohasidagi] islohotlarning izchil amalga oshirilishini ta’minlashdagi eng muhim qarori bo‘lgandi”, — deb yozdi.

“O‘zida professionalizmni mujassam etgan, o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan barcha odamlardan bir bosh ustun inson. Bukilmas iroda va matonat”, — deya qayd etdi u.

Shartnoma bekor qilingani haqidagi xabar paydo bo‘lgandan so‘ng Aziza Umarova: “Uzbekistan Airways o‘rta bo‘g‘ini uning ketishi haqidagi xabarga tantanavor munosabat bildirganini mutlaqo tushunmayapman”, deb yozdi.

“Qimmat aviachiptalar, strategik parvozlar xaritasini ishlab chiqish o‘rniga sayyohlik agentliklari orqali BAA, Turkiya va Janubi-Sharqiy Osiyoga charterlar bo‘yicha marja — Uzbekistan Airports AJga hech qanday aloqasi yo‘q”, — deya qayd etdi u.

“Aeroportlar, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, yo‘lovchilarda ijobiy his-tuyg‘ular uyg‘otmoqda. Yangi terminal, tartib, ambitsiyali qarashlar va strategik rejalar. Parda ortidagi ishlar behad ulkan”, — deya ta’kidladi Aziza Umarova.

“Ra’no Jo‘rayeva aeroportlarning buxgalteriya bo‘limini tartibga solib, ularni daromad keltiradigan qildi. Keyin esa aeroportlarda bo‘lmagan maxsus jihozlarni sotib olishni boshladi… Ustomonlik bilan poytaxtning asosiy havo darvozalarining yangi terminali qurilishini yakunladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ekspertning ta’kidlashicha, Ra’no Jo‘rayeva birinchi marta O‘zbekistondagi barcha aeroportlarda tozalash inshootlari yo‘qligi masalasini ko‘targan. Natijada o‘tgan 30 yil davomida samolyotlarga parvozdan avval sepilgan muzlashga qarshi o‘ta zaharli vositalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy kanalizatsiyaga, undan esa dalalarga tushib turgan.

“Jo‘rayeva olti oy ichida boshqalar 30 yil davomida yarata olmagan kichik aviatsiyani barpo etdi”, — deya qayd etdi Aziza Umarova. 11-avgust kuni Toshkent aeroportida transfer yo‘lovchilari uchun kapsulali mehmonxona ochilishi rejalashtirilgan edi.

“Ra’no Frunzevnadan barchamizga professionalizm „plankasi“ qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib bergani uchun minnatdorman. Ko‘rinib turibdiki, bu yillar davomida o‘zini aviatsiya bo‘yicha buyuk mutaxassis deb bilgan odamlar uchun bu juda baland va erishib bo‘lmaydigan narsa”, — deya qayd etdi Aziza Umarova.

“Uning islohotlari ko‘plab odamlar uchun kislorodni to‘sib qo‘ygan edi”

“Gazeta.uz” rasman e’lon qilinishidan bir kun oldin hukumat Ra’no Jo‘rayevani ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Tahririyatning aviatsiya sohasidagi manbasining aytishicha, Uzbekistan Airports rahbariyatini o‘zgartirish haqidagi qaror Ra’no Jo‘rayeva uchun kutilmagan bo‘lgan.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, Ra’no Jo‘rayevaning ketishi e’lon qilingan yig‘ilishda unga soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirishgan, “tantanali ravishda chopon kiydirilib, zarhal hoshiyadagi surat taqdim etishgan”.

Bungacha Ra’no Jo‘rayevadan norozilik bildirilgan “kuchli” signal bahorda, Uzbekistan Airways rahbariyati o‘zgarganida berilgan. O‘shanda aeroportlarga yaxshi rahbar kerakligi aytilib, qattiq tanbeh berildi, degan edi o‘sha payt manbalar.

“Aslida nima bo‘lgan? Bu ikki yil davomida u o‘ziga juda ko‘p dushmanlar orttirdi. Uning islohotlari ko‘plarning kislorodini to‘sib qo‘ydi”. Samolyotlarga quyish uchun aviayoqilg‘i, parvozlarni tashkil qilishda o‘rtakashlik, aeroport yaqinidagi to‘xtash joylari va boshqalar oyog‘iga tushov bo‘ldi, dedi suhbatdosh.

uzbekistan airports, раъно жўраеva

“To‘xtash joyi — qaynar xumcha. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent aeroporti yaqinidagi barcha yettita avtoturargohdan olinadigan daromad oyiga 500 dan 800 ming dollargacha bo‘lishi mumkin”, — dedi manba. “Gazeta.uz” ushbu ma’lumotlarni tasdiqlay olmadi.

Qishda Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminali yaqinida ikkita kutib olish hududi qurish rejasini e’lon qildi, boisi 2018-yilda qurilgan uchib kelish zali xalqaro standartlarga javob bermaydi, u yerda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan. Odamlar issiqda ham, sovuqda ham tashqarida turishga majbur. Kutib oluvchilar turli ob-havo sharoitlarida panoh topgan terminal oldidagi soyabon demontaj qilinishi kerak edi, biroq tez orada ishlar to‘xtadi. Hech qanday tushuntirish berilmadi.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Ra’no Jo‘rayevaning ayrim rahbarlar bilan munosabatlari “taranglashgan”. “Bundan tashqari, u o‘zini mutlaqo o‘zbekchasiga tutmagani uchun ham. Javob qaytarishi, suhbatdoshidan ko‘proq narsani bilishini ko‘rsatishi mumkin edi”.

“Gazeta.uz” avvalroq aeroport sohasidagi barcha o‘zgarishlarga keng ko‘lamda “piar” qilish hammaga ham yoqmayotgani haqida eshitgan edi. Ammo yangiliklarni yoritishga mohirona yondashuv hamda rahbaridan boshlab kompaniyaning doimiy ravishda ochiqlikni namoyish qilgani haqiqatan ham aeroportlarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi.

Yuqorida tilga olingan Alter Ego loyihasiga berilgan interyuda Ra’no Jo‘rayeva bir yil avval bosimlar bo‘layotgani, ularni yengib o‘tishi kerakligini tan olgan edi. “Uni sezmaslikka harakat qilaman. O‘z ishimni qilyapman… Meni bosh vazir, prezident qo‘llab-quvvatlashi muhim”, — degan edi. U transport vaziri bilan eng ko‘proq aloqada bo‘lishi, “ukasidek barcha masalalarda yordam berishini” ta’kidlagandi. “Ko‘pgina vaziyatlar bo‘ladi, u bartaraf etadi, bu haqda bilmay ham qolaman hatto, u esa bartaraf etadi”, — degandi u.

“Gazeta.uz” suhbatdoshi mehnat shartnomasining bekor qilinishi bilan Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi aeroportda taksi xizmati faoliyatini tekshirishi o‘rtasida bog‘liqlik bor deb hisoblaydi. Biroq buni rasman tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

Ra’no Jo‘rayeva “lavozimni tark etmoqchi emasdi, uning ulkan rejalari bor edi”. “Deyarli barcha aeroportlarda qurilishlar ketmoqda, yangi jihozlar xarid qilinmoqda. Asosiy maqsadlar — Toshkentni avihabga aylantirish va mintaqaviy Silk Avia aviakompaniyasini daromadga chiqarish”, — dedi suhbatdosh.

“Gazeta.uz” hukumat, Transport vazirligi va boshqa idoralardan Ra’no Jo‘rayevaning ishdan bo‘shatilishining ehtimoliy sabablarini o‘rganishga harakat qildi, biroq suhbatdoshlarning hech biri bu borada batafsil ma’lumot bera olmadi.

Transport vazirligi matbuot xizmati, qonunchilikka ko‘ra, Uzbekistan Airports kabi aksionerlik jamiyatlarida tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, ijro etuvchi organni shakllantirish, rahbarni saylash yoki tayinlash hamda uning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish kabi masalalar aksionerlarning umumiy yig‘ilishi kompetensiyasiga kirishini ma’lum qildi.

Ra’no Jo‘rayevaning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusi