1-iyundan tadbirkorlarga alohida imtiyozlar taqdim etadigan dastur amalga oshiriladi

O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi. Dasturga 2023−2024-yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Unda ishtirok etadigan tadbirkorlarga alohida imtiyozlar beriladi.

Qoraqalpog‘iston maktablarida yegulik ichidan tabletka chiqqani haqidagi xabarlar uyushtirilgani ma’lum qilindi

Aprel oyida Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga bepul beriladigan yeguliklar ichidan tabletka chiqqani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Qoraqalpog‘iston prokuraturasi bu kabi xabarlar keytering firmalarining raqobatchilari tomonidan qasddan tarqatilganini ma’lum qildi.

Toshkentda 12 yoshli qizning o‘ldirilishiga oid sud ishi yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqiladi

Oliy sud yanvar oyida Toshkentda 12 yoshli qizning o‘ldirilishi bo‘yicha ish yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi va sudlanuvchi qanday moddalar bilan ayblanayotganini ma’lum qildi.

OTMlarga kirish imtihonlari yana yopiq binolarda o‘tkaziladi

O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi. Pandemiya tufayli jarayon 3 yildan buyon ochiq havoda tashkil etilayotgandi. May oyi boshida JSST koronavirus global favqulodda holat maqomini yo‘qotganini ma’lum qilgan.

DXX to‘rtta viloyatda noqonuniy yer sotishda gumonlanayotgan mansabdorlarni qo‘lga oldi

DXX o‘tkazgan tezkor tadbirlarda Namangan, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan shug‘ullangan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari ochildi.

Bag‘dod tumanida davlat xizmatchilari uyiga quyosh panellarini o‘rnatishga majburlangani rad etildi

Bag‘dod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari o‘z xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatishga majburlangani aytilgandi. Hokimlik va bo‘lim bunday topshiriq bo‘lmagani, hisobchi va kotibadan “noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun” tushuntirish xati olinganini ma’lum qildi.

2022-yilda 1 mln aholi kambag‘allikdan chiqarildi — prezident

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda o‘tgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qildi.

MSK 5 ta partiyaning saylovda qatnashishiga ruxsat berdi

Dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi 5 ta siyosiy partiya — XDP, O‘zLiDeP, “Adolat”, Ekologik partiya va “Milliy tiklanish” partiyalariga 9-iyuldagi muddatidan avvalgi prezident saylovida qatnashishga ijozat berdi. Ular 1-iyungacha o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Toshkent viloyatida 19 yoshli Damas haydovchisi 2 o‘quvchini urib yubordi

Olmaliq shahrida qizil chiroqda harakatlangan 19 yoshli Damas haydovchisi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 2 o‘quvchi qizni urib yubordi. Shifoxonaga yetkazilgan qizlardan birining jarohati yengilligi aytilmoqda.

Litva Orol dengizi mintaqasiga 685 ming doza COVID-19 vaksinasini yubordi

Litva hukumati insonparvarlik yordami sifatida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumaniga 685 ming doza koronavirusga qarshi vaksina yubordi. Avvalroq JSST COVID-19 tarqalishi sog‘liqni saqlash sohasida global favqulodda holat maqomini yo‘qotganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston 2030-yilga borib suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolishi mumkin

MHTI ekspertlari O‘zbekistonda suv tanqisligini qurg‘oqchil hududlarning qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi. 2030-yilga borib mamlakatda 7 mlrd kub metr suv tanqisligi kuzatilishi mumkin. Natijada O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli bor.

Diyora Keldiyorova jahon chempionatida medal olgan ilk o‘zbekistonlik ayol dzyudochi bo‘ldi\

Diyora Keldiyorova Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritib, mamlakat tarixida sovrindor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol dzyudochiga aylandi. Terma jamoa jahon chempionatini umumiy hisobda ikkita kumush va ikkita bronza medali bilan yakunladi.

UniSat 2.0 dasturi ishtirokchilari Navoiyda 2 ta nanosun’iy yo‘ldoshni ishga tushirdi

UniSat 2.0 ta’lim dasturi ishtirokchilari Navoiy viloyatida biomateriallar, allergen zarrachalar va havo sifatini o‘rganish bo‘yicha tajribalar o‘tkazgan holda stratosferaga ikkita nanosun’iy yo‘ldoshni uchirishdi. Dastur doirasida birinchi nanosun’iy yo‘ldosh o‘tgan yili uchirilgandi.

O‘zbekistonda hafta o‘rtasida harorat pasayib, yomg‘ir yog‘adi

O‘zbekistonning aksariyat hududlarida hafta o‘rtasida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi +10 darajagacha, kunduzi +17 darajagacha pasayadi. Toshkentda chorshanba va payshanba kunlari momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi.

Mirziyoyev Erdog‘anni saylov “muvaffaqiyatli o‘tgani” bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘anni prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tgani bilan telefon orqali tabrikladi. 99,31 foiz ovozni sanab chiqish yakuniga ko‘ra, nomzodlarning hech biri kerakli 50 foizni to‘play olmadi, ovoz berishning ikkinchi turi o‘tkazilishi kutilmoqda.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqolalar:

Mayning 13 lahzasi. Andijonning 18 yil avvalgi va hozirgi manzaralari

2005-yilning 13-mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston tarixiga “Andijon voqealari” nomi bilan kirgan eng qonli hodisalardan biri boshlangan edi. “Gazeta.uz” ushbu hodisa oqibatlari aks etgan 13 manzarani tanlab olib, ularni 2023-yil may oyida yana o‘sha nuqtalarda olingan suratlar bilan taqqosladi.

Nima o‘qiymiz? Jurnalist Aziza Qurbonova tavsiya qiladi

“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Nima o‘qiymiz?” loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.

Tavalludiga 120 yil to‘lgan adib — G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga sayohat

Muqimiy teatri oldidan boshlanadigan Arpapoya ko‘chasi bo‘ylab biroz yursangiz, G‘afur G‘ulom yashagan ikki qavatli g‘ishtin binoga duch kelasiz. Xalq shoirining uyi 1983-yili xalqqa taqdim etilgan — muzeyga aylantirilgan.