— Siz bilan urush boshlanganiga bir yil to‘lishi arafasida suhbatlashyapmiz. Mamlakatingiz bu sanaga qanday kirib kelmoqda?

— Tuzatish kiritishni istardim: urush boshlanganiga endi bir yil bo‘layotgani yo‘q. Ukraina to‘qqiz yildan buyon, Rossiya Qrimni anneksiya qilishga uringan, Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarini bosib olgan 2014 yildan beri urush ichida. Rossiya Federatsiyasi «ular „rus dunyosi“ va o‘z davlat tuzilmalarini tashkil etishga tayyor fuqarolarning qadriyatlarini himoya qilish maqsadida kelmoqda», deya yollanma jangchilarning guruhlarini shakllantirib, ularni va qurol-yarog‘larni Ukraina hududiga yuborganining o‘ziyoq Ukrainaga qarshi urush edi. Bu muntazam badnom qiluvchi va sillani qurituvchi urush edi.

Ukraina rahbariyati bu urushni to‘xtatish uchun ko‘p ishlar qildi. Normand formatidagi muzokara jarayoni yo‘lga qo‘yildi, Minskda uch tomonlama muloqot guruhi ish olib borayotgandi, BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Yevropa Kengashi maydonlarida hisobsiz maslahatlashuvlar o‘tkazildi… Rossiyaliklar bizni har doim nimanidir rad etayotganlikda, yon berishni xohlamayotganlikda va hokazolarda ayblab keldi. Vaholanki, bu ayblovlar asossiz edi.

2019 yili prezident etib saylangach, Vladimir Zelenskiy ushbu harbiy nizoni tartibga solish dasturini taklif qildi. Parijda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan reja kelishilgandi, Donetsk va Lugansk viloyatlarining okkupatsiya qilingan hududlari bilan o‘tkazish joylarini ochish, urushni tugatish uchun shart-sharoit yaratish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingandi.

Ukraina tomoni o‘zining barcha majburiyatlarini bajardi, ammo bunga javoban biror bir yon beruvchi qadamni ko‘rmadik. Moskvadan haqiqiy amaliy harakatlar bo‘lmadi. Shunga qaramay, prezident Zelenskiy ushbu masalalarni muhokama qilish, o‘zaro anglashuvga erishish va urushni tugatish uchun bir necha bor Rossiya prezidenti bilan yuzma-yuzma uchrashishni taklif qildi.

Keyin bo‘lsa Rossiya to‘liq miqyosli bosqinga tayyorlanayotgani haqida axborot paydo bo‘ldi va faol muhokama qilina boshladi. Vaholanki, rossiyalik siyosatchilar: «Yo‘q, yo‘q, yo‘q, biz Ukrainaga qarshi urushmaymiz», deb buning aksiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Oxiri bu ishontirishlar Ukraina hududiga makkorona hujum bilan tugadi. Bu Ukraina hududini o‘ziga bo‘ysundirishga qaratilgan, hech bir sababsiz, hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan urush.

So‘nggi bir yil davomida yuz bergan voqealar, o‘ylaymanki, butun dunyoga ma’lum. Ular Ukraina faqat uch kungacha turib bera oladi, deb kutishgandi. Ammo hozir jahondagi barcha hamkorlar Ukrainaning tez orada qayd etilajak g‘alabasi haqida gapirmoqda hamda Ukraina o‘z hududlarini ozod qilib, Yevropaning jug‘rofiy markazida boshlangan qonli urushni tugatishini bashorat qilmoqda. Ukraina o‘tgan bir yil davomida nafaqat o‘zining doimiy hamkorlarini, balki hatto Rossiyaning ehtimoliy hamkorlarini ham ozodlik, demokratiya va o‘z hududlari himoyasi uchun jang qilayotganiga ishontira oldi.

1991 yili Sovet Ittifoqi parchalangach, postsovet makonida, jumladan, Ukraina va O‘zbekiston singari yangi davlatlar paydo bo‘ldi. Biz tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishni istagandik. Ukraina Rossiya bilan do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar, chegara to‘g‘risida bitim, iqtisodiy kelishuvlar va boshqa hujjatlarni imzolagan.

Boz ustiga, Ukraina 1994 yili Rossiyaning qistovi bilan yadroviy qurolning eng katta potensiallaridan birini xavfsizlik kafolati evaziga topshirgan edi. Yevropada tinchlikka erishish uchun shunday qilish zarurligiga bizni ishontirishgan va biz bu talabga ko‘ngan edik. BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari, eng avvalo, Rossiya Budapeshtda Ukrainaga hujum qilmaslik, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligi kafili sifatida memorandum imzolagan edi. Oradan 20 yil o‘tib, Rossiya urush boshladi.

Xalqaro munosabatlarda bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi: bu nafaqat alohida davlatlarning xavfsizligiga tahdid soladi, balki umuman dunyo tartibini ham izdan chiqaradi. Bunday sharoitda hech bir mamlakat o‘zini xavfsiz his qila olmaydi.

Ammo bekorga «o‘ldirmaydigan narsa seni kuchli qiladi», deyishmaydi. O‘tgan bir yil davomida biz kurashishni, omon qolishni, xalqaro koalitsiyalar tuzishni va, nima bo‘lishidan qat’i nazar, g‘alaba sari olg‘a qadam bosishni o‘rgandik. 2022 yilning fevralida sanoqli davlatlargina bizga qurol bilan yordam berishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa, Ramshtayn guruhining to‘qqizinchi majlisida jahonning 54 ta mamlakati urushni to‘xtatish, buning uchun Ukrainaga zarur barcha vositalarni taqdim etish uchun yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Biz bugun nafaqat ukrain jamiyatining jipslashuviga — ukrain jamiyati ushbu agressiya boshidanoq o‘z hududlari himoyasi yo‘lida birdam edi — balki Ukraina o‘z ozodligi uchun kurashib, o‘z hududlarini himoya qilayotganini ko‘rib turgan G7, Yevropa Ittifoqi va jahon davlatlarining jipslashuviga guvoh bo‘lib turibmiz. Misol tariqasida bir faktni keltiraman: 143 mamlakat BMT Bosh assambleyasining Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyasini ma’qullab ovoz berdi. Bu bizning global darajada qanchalik qo‘llab-quvvatlanayotganimizni ko‘rsatib beruvchi jihatdir.

интервью, николай дорoshенко, россия, ukrainа, ukrainадаги urush, urush

Bugun urush amalda onlayn rejimda olib borilyapti va biz kunda-kunora yoki deyarli har haftalik Ukrainaning tinch aholisiga, savdo markazlari, turar joy binolariga muntazam raketa zarbalari berilayotganini ko‘rib turibmiz. Rossiya qo‘shinlari 10 oktabrdan buyon Ukrainani «Kalibr», «S-300» raketalari bilan bomdardimon qilmoqda, tinch aholi va ijtimoiy infratuzilma yo‘q qilinmoqda — bularning bari odamlar hukumatdan Rossiya shartlariga ko‘ngan holda tinchlik sulhini imzolashini talab qilishi uchun amalga oshirilmoqda. Muammo shundaki, ukrainlar bilan bunday yondashuv ish bermaydi. Bizga shunchaki «zo‘rlik» qilib bo‘lmaydi. O‘qqa tutishlar va qurbonlarga qaramay, mamlakatning 89 foiz aholisi Ukrainani bosqinchidan ozod qilish va demokratik davlat qurishni yoqlamoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi ko‘plab yo‘qotishlarga, xususan, insoniy yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi — minglab tinch aholi halok bo‘ldi! 60 mingdan ziyod uy va 700 dan ortiq o‘quv muassasalari yo‘q qilindi. Mamlakatning deyarli barcha hududlarida energetika infratuzilmalari bombardimon qilindi. Shu sababli biz Ukrainaning iqtisodiy imkoniyatlari pasayib borayotganini ko‘ryapmiz. Ukraina yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi taxminan 30 foizga qisqardi, chunki ko‘plab korxonalar odatdagi tartibda ishlay olmayapti.

Ammo aholimiz va rasmiylarimiz birlashib, moslashishga muvaffaq bo‘ldi: armiya frontda jang qilmoqda, biznes iqtisodiyotni maromda ushlab turibdi, odamlar ishlayapti, bolalar maktabga qatnayapti. Shifokorlar, o‘qituvchilar, energetiklar o‘z hissasini qo‘shyapti. Davlat apparati inqirozli vaziyatlarga og‘ishmay e’tibor qaratyapti, tizimni nafaqat boshqarsa bo‘lyapti, balki u oydan-oyga mustahkamlanib bormoqda.

Birgina misol keltiraman: 2022 yilning 1 yanvarida Ukrainaning valyuta zaxiralari salkam 31 mlrd dollar edi. Iyulga kelib ular 22,8 mlrd dollargacha kamaydi, ammo 2022 yilning dekabrida 28 mlrd dollargacha oshdi. Ko‘rib turganingizdek, farq unchalik ham katta emas. Ya’ni, moslashish jarayoni kechmoqda. Biz dekabrga kelib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini o‘tgan yilgi darajagacha qayta tikladik va o‘tgan yili 26,6 mln tonna g‘alla hosili ko‘tardik. Bu juda yuqori ko‘rsatkich. O‘tgan yilning yakuniga biz shunday ko‘rsatkichlar bilan keldik va, umid qilamizki, urush bu yil tugaydi. Bizning g‘alabamiz bilan tugaydi.

— 2022 yilning 24 fevralini vataningizdan uzoqda qanday kutib olganingiz haqida gapirib bersangiz, o‘shanda nimalarni his qilgandingiz? Yil davomida uyga borib-keldingizmi va bizning mamlakatimiz sizda qanday taassurot qoldirdi?

— Bu hamma uchun shok bo‘lgandi. Bunday hujumning o‘zi shokka tushirgani yo‘q, chunki hujum haqidagi gaplar anchadan beri bor edi. Hujumning ko‘lami, miqyosi shokka tushirdi. Biz voqealar shunday rivojlanishi mumkinligini bilardik, lekin buning ehtimoli kam, deb hisoblagandik. Bunday hujum harbiy nuqtai nazardan ma’nosiz ekani biz uchun o‘shandayoq ochiq ko‘rinib turgandi va kelgusi oylarda yuz bergan voqealar bizning tahlillarimizni tasdiqladi. Ayni damda, chegaralarimizga joylashtirilgan qo‘shin soni va Rossiya propagandasining junbushga kelish darajasidan kelib chiqib, eskalatsiya yuz berishi aniqligini tushunib turgandik.

Bizning nuqtai nazarimizni yetkazish uchun men 2022 yilning 16 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashdim. Uchrashuv vaqtida, ma’lumotlarimizga ko‘ra, harbiy hujum yoki Ukrainaga qarshi urush kutilayotganini ma’lum qildim. Bunga hech kimning ishongisi kelmadi, suhbatdoshlarim bularning bari bema’nigarchilik ekani va hech kimning bunga haddi sig‘masligi, chunki oqibati qanday falokatli bo‘lishini hamma ham tushunishi haqida gapirishdi. Bizning ham yaxshilikdan umid qilgimiz kelardi, ammo Rossiya bu urushga so‘nggi sakkiz yil davomida tayyorgarlik ko‘rganini bilardik, shuning uchun biz ham tayyorlandik — mudofaaga.

Elchixonamiz uchun bu haqiqiy kurash bo‘ldi. Bizdan urushning ekstremal sharoiotlarida ishlash talab qilindi: O‘zbekiston tomoniga zudlik bilan axborot yetkazish, yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlarimizni aniq-tiniq ifodalash, O‘zbekiston nafaqat betaraflikni saqlab qolishi, balki ushbu qurolli nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun xalqaro maydondagi nufuzidan foydalanishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ishga solishimiz kerak bo‘ldi.

Va bizni eshitishdi. 2022 yilning martida (o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri — tahr.) janob [Abdulaziz] Komilov O‘zbekistonning pozitsiyasini ochiq e’lon qilganidan juda xursandman. Mamlakatingizning ushbu muammoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish bo‘yicha pozitsiyasi — juda muhim.

Hissiyotlarga kelsak, ular juda murakkab. Qotilliklar, qonli zo‘ravonliklar, shaharlarni bombardimon, bolalar uylarining yo‘q qilinishi, ukrain fuqarolarining deportatsiya qilinishi, ukrain oilalarini, bolalarini ajratish haqidagi xabarlarni ko‘rgandagi his-tuyg‘ular haqida gapirish og‘ir.

Rossiya bizni muntazam va mutlaqo asossiz ravishda natsizmda ayblayapti, o‘zini «denatsifikatsiya»ga mas’ul deb o‘ylayapti, Rossiyaga Ukraina tomonidan yuz berishi mumkin bo‘lgan qandaydir xayoliy harbiy tahdid haqida ta’kidlayapti… Bularning bari oqlov va bahona. Ukrainadan Rossiyaga bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona xavf — bu bizning potensial ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotimiz edi.

Ukraina — bu inson kapitali manbasi, texnoloik taraqqiyot markazi, madaniyat beshigi, san’atning kreativ harakatlantiruvchisi. Va biz o‘z ozodligimiz, demokratiyamiz va mustaqilligimizni Rossiya qayta tiklamoqchi bo‘layotgan saltanat mehrobiga topshirishga rozi emasmiz. Biz ukrainaliklarning kelajak avlodini raqobatbardosh bo‘lmagan davlat shaklida ma’nisiz hayot kechirishga mahkum qilishga ham rozi emasmiz.

Aslida bu an’anaviy hudud uchun bo‘layotgan urush emas, bu kelajak uchun, jahondagi kelgusi o‘rin uchun, farzandlarimizga qoldiradigan qadriyat va prinsiplar uchun, ular bu dunyoni qanday ko‘rishlari va o‘zarini bu dunyoda qanday ko‘rishlari uchun bo‘layotgan urushdir. Bu ekzistensial urush. Biz unda mag‘lub bo‘la olmaymiz, aks holda bizni dunyo xaritasidan supurib tashlashadi. Ukrainaliklar buni tushunib turibdi.

интервью, николай дорoshенко, россия, ukrainа, ukrainадаги urush, urush

Men o‘tgan yil dekabrida uyda bo‘ldim, elchilar konferensiyasida qatnashdim. Tadbirning o‘zi Kiyevda bo‘ldi, ammo biz uchun Ukraina janubidagi, Rossiya qo‘shinlari yarim yilda ham egallay olmagan Nikolayev shahriga safar uyushtirildi. Bizni bir necha marta raketa zarbasi berilgan Kemasozlik universitetiga olib borishdi. Shu vaqt havo trevogasi yangray boshladi va biz pastga, yerto‘laga tushdik. Nimaga guvohi bo‘lganimizni bilasizmi? Men urushga ko‘nikib qolish mumkin, deb ayta olmayman. Urush — bu dahshat, ayniqsa yosh yigitlar halok bo‘larkan, bu butun millat uchun fojia, zotan ular mamlakatimizning faol quruvchilariga aylanishi mumkin edi.

Biz odamlarda hafsalasizlik yo‘qligini, qo‘rquv yo‘qligini ko‘rdik. Ular havo trevogalari vaqtida bombapanohlarda 10 soatlab o‘tirishadi, u yerdan chiqib, yana ishlarini davom ettirishadi. Startaplar ishga tushirishyapti. Bombardimon ostida mahsulot ishlab chiqara olmayotganlar o‘z ishlab chiqarishlarini boshqa mamlakatlarga ko‘chirib, mahsulotlarini sotish uchun Ukrainaga ham yuboryapti. O‘qituvchilar masofadan turib talabalarga ma’ruzalar o‘qiyapti.

Shu bois, o‘zimda kechayotgan hissiyotlar haqida gapiradigan bo‘lsam, bu — eng avvalo, o‘z xalqim, prezidentim, Qurolli Kuchlarimdan g‘urur hissi. Ular katta qurbonliklar berishmoqda va urush hali tugamaganini, bizni oldinda yana yo‘qotishlar kutayotganini bilamiz. Ammo ozodlik, erkinlik bebaho, u mana shunday qurbonliklarga arziydi. Biz davlatni qayta tiklaymiz — farovon, yevropacha, har doim Ukrainani ifodalovchi qadriyatlar bilan birga qayta tiklaymiz.

— Ukraina O‘zbekistondan qanday yordam olyapti?

— O‘zbekiston bizga gumanitar yordam ko‘rsatdi va biz bu yordam ko‘rsatilgani uchun O‘zbekiston hukumatidan minnatdormiz. Afsuski, yordamning so‘nggi partiyasini biz o‘tgan yilning aprel oyida olgandik. Biz energetika sohasida, gumanitar sohada yordam ko‘rsatishni so‘rab muntazam so‘rov yo‘llayapmiz. So‘rovlarimizga ijobiy javob berilib, mamlakatingiz bizga nafaqat yordam taklif qilishidan, balki taqdim etiladigan va biz hozir muhtoj bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini ham kengaytirishidan juda umidvorman.

Ukraina elchisi sifatida O‘zbekistonda o‘tkazgan yillarim o‘zbekistonliklarni befarq odamlar, deb bo‘lmasligini tasdiqlaydi. Shu sababli ham men Ukraina uchun hozirgidek og‘ir damlarda o‘zbek xalqi tomonidan yordam ko‘rsatilishiga bo‘lgan umidimni so‘ndirmayman.

O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligiga sodiqligini tasdiqlaganini qadrlaymiz. Ushbu muhim nuqtai nazar tinchlikni qayta tiklashning asosi hisoblanadi. Agar siz Ukrainaning hududiy yaxlitligi tarafdori va urushga qarshi bo‘lsangiz, u holda biz umuminsoniy qadriyatlar uchun kurashayotgan frontda siz bilan birgamiz. Bu juda muhim.

— Elchixonaning o‘zi ham gumanitar yordam to‘playaptimi?

— Ha, biz Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun hisob-raqam ochgandik va unga tushgan mablag‘lar faqat va faqat ijtimoiy loyihalarga sarflanishiga e’tiborni qaratgandik. Uch oy davomida uncha katta bo‘lmagan ma’lum bir summa yig‘ildi. Lekin, mening bilishimcha, O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari, tadbirkorlari o‘zlari biladigan, hamkorlik qiladigan do‘stlari, hamkorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatmoqda. Hisob-raqam ochiq, hali ham ishlayapti.

Bundan tashqari, Ukrainada UNITED24 platformasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, unda birgina klik bilan mamlakatga moddiy yordam yuborish mumkin. Ko‘pchilik bu imkoniyatdan ham foydalayotganini bilaman. Umumiy jamg‘armaga borib tushadigan bu pullar Ukrainani, xususan, infratuzilma obyektlari, ayniqsa, shifoxonalar, maktablar, bolalar uylari, oliy ta’lim muassasalarini qayta tiklash uchun sarflanadi.

— Aftidan, hozir O‘zbekiston va Ukraina munosabatlarining asosiy yo‘nalishi iqtisodiyot hisoblanadi. Logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, biz mahsulot ayirboshlashning yangi yo‘llarini izlayapmiz. Hozir bizning iqtisodiy munosabatlarimiz umuman olganda qanday ahvolda? Urushgacha nima bilan savdo qilayotgandigu, hozir, Ukrainaning hamma ishlab chiqarishlari ham ishlamayotgan vaqtda nima bilan oldi-berdi qilyapmiz?

— O‘zbekistonga yuborilgan ko‘plab tovar guruhlari hali ham yetkazib berilyapti va ular agrar soha mahsulotlaridir, birinchi galda bu — yog‘, shakar (uning yetkazib berilishini keyinchalik Rossiya to‘xtatib qo‘ydi), pivo, suv ishlab chiqarish uchun, meva, sabzavot, sutni qayta ishlash uchun uskunalar, oziq-ovqat sanoati uchun uncha katta bo‘lmagan mobil zavodlardir. Masalan, Pure Milky kompaniyasi Ukrainada ishlab chiqarilgan uskunalardan foydalanadi.

Albatta, qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Qora metallar eksporti to‘xtab qolgan, temiryo‘l uchun uskunalar eksporti to‘xtagan, chunki Zaporojedagi shunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi bir necha korxonalar bombardimon qilindi. Ammo aksariyat savdo aloqalari qayta tiklangan va faol ishlamoqda.

Munosabatlarimiz faqat iqtisodiyot bilan cheklanib qoladi, demagan bo‘lardim. Bu yil O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan bir necha bor uchrashdim. Biz ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining muhim masalalarini muhokama qilamiz. Xalqaro maydonchalardagi hamkorligimiz ham dolzarb, faol bo‘lib qolayotgani ham muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri, O‘zbekistonning ma’lum bir pozitsiyasi bor va biz bunga ham tushunish bilan yondashamiz.

Hozir biz BMT Bosh assambleyasining 11-favqulodda sessiyasini kutyapmiz, unda Ukraina prezidentining «tinchlik formulasi» bo‘yicha rezolyutsiyasi ko‘rib chiqiladi. Biz O‘zbekiston tomoniga, sizlar uning biror bir bandiga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqa olishingiz uchun, ushbu formula mazmunini yetkazdik. U yerda ko‘plab masalalar qamrab olingan, ular energetika, oziq-ovqat, ekologik xavfsizlikka daxldor.

Avvalroq Ukraina prezidenti tomonidan Global janub mamlakatlari uchun Grain from Ukraine («Ukrainadan g‘alla») dasturi taklif qilingan edi. Biz O‘zbekistonga ushbu dastur ishtirokchisiga aylanib, O‘zbekiston muntazam ravishda gumanitar yordam ko‘rsatib keladigan Afg‘oniston uchun g‘alla sotib olishni taklif qilgandik.

Umid qilamanki, BMT Bosh assambleyasining favqulodda sessiyasi vaqtida O‘zbekiston ham Ukrainaning tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Yoki, hech bo‘lmasa, ularga qarshi chiqmaydi.

Biz 2021 yilda Toshkentda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazgandik, juda muvaffaqiyatli, juda samarali bo‘lgandi, ketidan biznes-forum bo‘lgandi. Rejalarimiz katta edi va ular hamon dolzarb, biz ularni albatta ro‘yobga chiqaramiz. 2021 yilda mahsulot ayirboshlash hajmini 439 mln dollardan 704 mln dollargacha oshirdik. Qanday o‘sish bo‘lganini tasavvur qilyapsizmi? Urush boshlanishi bilan, tabiiyki, mahsulot ayirboshlash hajmi tushib ketdi — 306 mln dollargacha pasaydi, unda Ukrainaning ijobiy saldosi 226 mln dollarni tashkil etadi, hozirgi sharoitda bu kam emas.

Endi siyosiy maslahatlashuvlarga o‘zbekistonlik hamkorlarni taklif qilish navbati Kiyevda va urush tugasa, biz buni albatta amalga oshiramiz.

интервью, николай дорoshенко, россия, ukrainа, ukrainадаги urush, urush

O‘shanda bizda parlamentlar darajasida do‘stlik guruhi tashkil etilgandi, O‘zbekiston Senati va Ukraina Oliy Radasi o‘rtasida ma’lum bir aloqalar bor.

Bularning barchasi ijobiy belgilar, shu bois men optimist sifatida hamkorlik uchun katta istiqbolni ko‘raman. Men O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirayotganimda o‘z prezidentim tomonimdan oldimga qo‘yilgan vazifa — mahsulot ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga chiqarish topshirig‘i bor edi. Xuddi shunday vazifani sizning prezidentingiz O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov oldiga ham qo‘ygan. Bizda tovar ayirboshlashni to‘ldirish imkoni bor.

Hatto urush sharoitida va iqtisodiyotdagi qiyinchiliklarga qaramay, men O‘zbekiston biznesini faol bo‘lishga 2022 yil iyulida Shveysariyaning Lugano shahridagi anjumanida taqdimoti o‘tkazilgan Ukrainani qayta tiklash dasturini amalga oshirishda qatnashishga chaqiraman.

— Sizning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi so‘nggi uchrashuvlaringizdan biri har ikkala mamlakat biznesiga o‘zaro imtiyozlar taqdim etishga bag‘ishlangan edi. Bunda gap qanday imtiyozlar haqida boryapti va ular tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qanday yordam beradi? Bu yo‘nalishda qandaydir ijobiy o‘zgarishlar bormi?

— Imtiyozlarga kelsak, bizda Ukraina hududiga elektr uskunalarni import qilish yoki olib kirish uchun soliqlar bekor qilingan. Hozir bizga, masalan, generatorlar juda ham zarur. Sizlarda esa oziq-ovqat mahsulotlari — g‘alla, yog‘ va boshqalarni olib kirish uchun soliqlar bekor qilingan. Biz ham aynan shu imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilgandik.

Biz, shuningdek, o‘ziga xos kollaboratsiyalarni, qo‘shma korxonalar yoki qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni ham taklif etyapmiz. Ikki hafta avval O‘zbekistonga ukrainalik bir tadbirkor keldi, u bir vaqtning o‘zida Ukraina infratuzilma vazirining maslahatchisi ham hisoblanadi. U tibbiyot biznesi bilan shug‘ullanadi, bizda O‘zbekiston tez tibbiy yordam avtomobillarini eng zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash dasturi bo‘yicha kelishuv bor.

Shuningdek, tibbiyot sohasida va kardiojarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish uchun ukrainalik shifokorlarni jalb etish bo‘yicha ham hamkorlik mavjud. Mazkur hamkorlik urushdan avval boshlangan edi, masalan, ukrainalik kardiojarroh Boris Todurov kelib, fuqarolaringiz uchun bepul ko‘rik va operatsiyalar o‘tkazib ketgan edi. Bu hamkorlik ham saqlanib qoladi.

O‘zbekiston-Ukraina ishbilarmonlik kengashi tashkil etilganini ham eslatib o‘tishim joiz. O‘zbekiston tomondan unga nufuzli va mashhur tadbirkor Zafar Hoshimov, biz tarafdan esa Oleg Ribachuk boshchilik qiladi. Biznes elchixona bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Avvalgi yillarda menda shunday bir amaliyot bor edi — O‘zbekiston viloyatlariga yo‘l olarkanman, har doim o‘zim bilan ukrainalik biznesmenlarni hamroh qilib olardim, men bilan birga 8−12 tadbirkor o‘z loyihalari bilan borar, o‘zbek biznesi bilan aloqa o‘rnatar, o‘zaro taklif almashardi.

G‘unajin (hali buzoq bermagan yosh sigirlar — tahr.) yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Dairy Global Experts kompaniyasi shunday loyihalardan birini amalga oshirgan. Ular kuniga 30 litrgacha sut beradigan zotli sigirlarni olib kelib, shu yerda, Toshkent yaqinida ulkan sut majmuasini qurgan.

Afsuski, qiyinchiliklar ham yo‘q emas — urush sharoitida Ukrainada 60 yoshdan kichik erkaklarning xorijga chiqishi taqiqlangan. Ammo biz masofadan turib ishlashni davom ettiryapmiz va g‘alabadan so‘ng ishni yanada kuchaytiramiz.

— Siz va avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri tilga olgan Ukraina tovarlarining O‘zbekistonga va O‘zbekiston tovarlarining Ukrainaga Rossiya orqali tranziti taqiqlanishi nimani anglatadi, shu haqda gapirib bersangiz.

— Rossiya hududi orqali tranzitni amalga oshirishni taqiqlashga doir birinchi hujjat Rossiya hukumati tomonidan 2016 yilda chiqarilgan. U fitosanitariya cheklovlari qo‘llangan bir qator mahsulotlarga taalluqli edi. Keyinchalik ushbu hujjatni yangilab, tovarlar nomenklaturasini ko‘paytirishdi.

2020 yil sentabrida chorvachilik mahsulotlarini Rossiya hududi orqali tashishni taqiqlash to‘g‘risidagi qaror chiqdi. Xuddi shu vaqtda Dairy Global Experts O‘zbekistonga g‘unajinlarni yuborgan edi. Yarim tunda chegarani yopishgan va sigirlarni odatiy yo‘l bilan olib chiqib ketish imkonsiz bo‘lib qolgandi. Ayni vaqtda, faqatgina shu yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ayirboshlash hajmi 12−15 mln dollarni tashkil etardi.

Hozir bu kompaniyalar baribir ishlayapti, mahsulotlarni Qozog‘iston orqali, Kaspiy dengizi orqali olib kiryapti, lekin u yerda ham ma’lum bir qiyinchiliklar mavjud.

интервью, николай дорoshенко, россия, ukrainа, ukrainадаги urush, urush

Sizning mamlakatingiz uchun yangi logistika yo‘nalishini ochish masalasi muhokama qilinganidan xabarim bor. Bu muhim, chunki O‘zbekiston Yevropaga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirmoqchi. Ukraina esa aynan Yevropa darvozasidir. Bilaman, hozir O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini Polsha yoki Boltiq mamlakatlari orqali tashiyapti. Bunda ham baribir Rossiya hududi orqali. O‘zbekiston tomonida imzolangan shartnomalar bo‘lsa va kompaniyalar Rossiyadan ushbu mahsulotlarni Ukrainaga yetkazib berishni so‘rasa, ularga ruxsatnoma berilmayapti. Muammo shu yerda. Agar shunday muammolar bo‘lmaganida edi, tasdiqlashim mumkin, biz O‘zbekiston bilan bir yillik tovar ayirboshlash hajmini allaqachon 1 mlrd va hatto undan ham ko‘proqqa oshirib bo‘lgan bo‘lardik.

Umid qilamanki, kelgusida biz logistikani ham, mahsulot yetkazib berishimizni ham qayta tiklaymiz, hamkorlik qilishda va bunyodkorlikda davom etamiz. Hozir O‘zbekistonda bizning intellektual mahsulotlarimizdan foydalanilmoqda, ukrainlar sizlarning kompaniyalaringiz bilan faol ishlamoqda, bu yerda ko‘plab ekspatlarimiz shartnoma asosida ishlayapti, ular yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etyapti. Bularning hammasi foyda.

— Siz ekspatlarni tilga oldingiz. O‘zbekistonda ukrainalik qochqinlar bormi?

— O‘zbekiston hukumati ko‘chirilgan shaxslar biror bir imtiyozlar taqdim etmagan, ammo O‘zbekistonga kelish istagini bildirgan ukrainaliklarning mamlakatga kirishiga ham taqiq qo‘ymagan. Bizda 180 kunlik vizasiz tartib bor.

O‘tgan yili Ukrainadan 4800 kishi, jumladan, O‘zbekistonda oila a’zolari, qarindoshlari va tanishlari bor odamlar ular yuborgan taklifnomalar asosida O‘zbekistonga keldi. Kelganlarning bari ish izlab, ishga joylashdi, chunki ularga hech qanday ijtimoiy yordam ko‘zda tutilmagan.

Bunda O‘zbekistondagi jamoatchilik guruhlari, faol biznesmenlar ko‘mak ko‘rsatdi, ular boshida bu yerga kelgan ukrainaliklarga ish va uy topishda yordam berdi.

— Ukrainada hali ham O‘zbekiston fuqarolari bormi, sizda bu haqda ma’lumot bormi?

— Bu savol sizning Kiyevdagi elchixonangizga berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, ularda o‘z fuqarolari orqali to‘plangan axborot bor. Men elchi Kurmanov bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turaman, juda professional inson, muammoni har tomonlama biladi.

Bilishimcha, elchixonangiz apreldayoq barcha talabalaringizni olib chiqib ketgan edi. Lekin ko‘plab o‘zbekistonliklar Ukrainada oila qurgan, o‘sha yerda yashab, ishlaydi. Masalan, 20 yildan beri Xarkovda yashab, urush boshlangach, har kuni hovlida osh pishirib, odamlarga tarqatgan o‘zbekistonlik kabi. Afsuski, u yashagan uy bombardimon qilindi, uning o‘zi halok bo‘ldi.

Urush vaqti qancha o‘zbekistonlik Ukrainada qolishga qaror qilganiga baho berish men uchun biroz murakkab. Lekin ular bizni qo‘llab-quvvatlayotganliklarini aniq bilaman. Biz bunday ko‘makni yuksak qadrlaymiz.