O‘zbekistonga gaz yetkazishda kuzatilgan uzilishlar sabab «Turkmangaz»da bir necha kishi hibsga olingani aytilmoqda

Turkmanistondagi «Galkinish» konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda kuzatilgan uzilishlar sabab «Turkmangaz» konsernida bir necha kishi hibsga olingani xabar qilindi. O‘zbekiston Energetika vazirligi uzilish uchun Turkmanistondan kompensatsiya talab qilingani haqidagi xabarni rad etdi.

Bloger Abduqodir Mo‘minov jinoyat ishi doirasida hibsga olindi — IIV

Bloger Abduqodir Mo‘minovga nisbatan firibgarlik va tovlamachilik moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. IIV ma’lumotida uning bir shaxsdan 3800 dollar olgani, boshqa bir shaxsdan esa 70 000 dollar so‘ragani aytilmoqda. Bloger hibsga olindi.

OTMlarning o‘quv dasturiga inson huquqlari bo‘yicha kurslar kiritiladi

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi.

Markaziy va Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlariga yangi qo‘mondonlar tayinlandi

Prezident farmoyishi bilan general-mayor Aybek Saidov Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni va polkovnik Lutfullo Buzrukov Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekistonlik qutqaruvchilar Turkiyada 9 kishini vayronalar ostidan chiqarib oldi

Turkiyaga ketgan o‘zbekistonlik FVV xodimlari tonggacha vayronalar ostidan 21 kishini chiqarib oldi. Ularning 12 nafari vafot etgan. Qolganlari turli tan jarohatlari olgan.

O‘zbekistonliklar Turkiya elchixonasiga gullar olib bormoqda

O‘zbekiston aholisi Turkiyada sodir bo‘lgan yer silkinishlari ortidan halok bo‘lganlarning yaqinlari va qardosh mamlakatga hamdardlik bildirish maqsadida Toshkent shahridagi elchixona oldiga gullar olib bormoqda.

Qurilish vazirligi — uylarning zilzilabardoshliligiga kim javobgar ekani haqida

Qurilish vazirligi uylarning zilzilaga bardoshliligiga kim kafolat berishi haqida ma’lumot berdi. Ishlarning sifatiga kafolat berish va ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda, javobgar etib pudratchi belgilangan.

Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida transport oqimi 12 foizga kamayishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li yaqin oylarda ishga tushadi. Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Shuningdek, transport oqimi 12 foizga kamayishi kutilmoqda.

Toshkentning yangi hokimi dastlab qaysi muammolarni hal qilishi zarur? «Yuksalish» so‘rovi

«Yuksalish» harakati Toshkent shahrining yangi hokimi birinchi navbatda qaysi muammolarni hal qilishi zarurligi haqida so‘rovnoma o‘tkazdi. Javoblar orasida qurilishga moratoriy e’lon qilish, kommunal xo‘jalik xizmatlari va jamoat transportini yaxshilash hamda hokimni saylash amaliyotini joriy etish takliflari bor.

Xalq nazorati xizmati orqali yer va daraxtlardagi elektr kabellari haqida xabar berish mumkin

Daraxtlarga osilgan yoki yerda yotgan elektr kabellarini ko‘rgan Toshkent shahri aholisidan Xalq nazorati portali orqali xabar berishlari so‘ralmoqda. Hokimlik anomal sovuq paytida tezroq elektr uzatib berish uchun simlar shu tarzda o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘istonda 50 va 110 MVt kuchlanisha ega quyosh hamda shamol elektr stansiyasi quriladi

Qorao‘zak tumanida 161 million dollarlik yangi 2 katta investitsiyaviy loyiha, jumladan 50 MVt kuchlanishga ega quyosh elektr stansiyasi va 110 MVt kuchlanishga ega shamol elektr stansiyasi quriladi. Natijada 200 fuqaroning doimiy ravishda bandligi ta’minlanadi.

Qoraqalpog‘istondagi uyda gaz portlashi sabab bir kishi vafot etdi

Ellikqal’a tumanidagi xonadonda gaz portladi. Oqibatda bir ayol vafot etdi. Voqea bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlandi.

Samarqandda fuqaroni $15 ming evaziga AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Samarqandda fuqaroni 15 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. U puldan uch ming dollarini olayotgan paytda DXX va IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Turkmanistonga 20 ta Volkswagen Caddy «Tez yordam» mashinasi sovg‘a qildi

O‘z navbatida, Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasi yetib keldi va uni ehtiyojmand oilalar o‘rtasida taqsimlash rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda har oyda kamida bir marotaba «Hukumat kuni»ni o‘tkazish taklif qilinmoqda

2023 yilgi davlat dasturi loyihasida har oyda kamida bir marta barcha viloyat va hududlarda hukumat a’zolari ishtirokida «Hukumat kuni»ni o‘tkazib borish taklif qilinmoqda. Bunda hududlarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb muammolarning hukumat vakillariga yetib borishini ta’minlash maqsad qilingan.

Olmaliq KMKda 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Yoshlik» mis konini o‘zlashtirib, 3-misni boyitish fabrikasini ishga tushirish rejasi muhokamaga qo‘yildi. Shuningdek, Navoiydagi Pistali konida 4 mln tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasi qurilishini yakunlash reja qilinyapti.

«Bu yil qarzni jalb qilish qiyinlashadi, bu esa hukumatni xarajatlardan tiyib turishi mumkin» — MB

O‘zbekiston qarzni jalb qilish qimmatga tushishi sababli katta ehtimol bilan birinchi yarimyillikda yevroobligatsiyalar chiqarmaydi, dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev. Unga ko‘ra, qarz olish narxining oshishi hukumatni ortiqcha xarajatlardan qaytaruvchi omil bo‘lishi mumkin.

May oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining erkinlashtirilishi kutilmoqda — Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining erkinlashtirilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu chora bir necha yildan beri kechiktirib kelinadi.

«O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalariga 28,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi

2022 yilda «O‘zkimyosanoat» va tarmoqdagi korxonalarda korrupsion harakatlar, mablag‘larning talon-toroj qilinishi va qo‘shib yozishlar hisobiga 28,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi. 57 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlandi. Tizimdagi 28 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi, 25 nafari esa ishdan olindi.

Toshkentdagi otxonalarning birida 2 bosh jonivor ochlikdan nobud bo‘ldi

Tarmoqlarda «Toshkent otchopari» AJga tegishli otxonada hayvonlar ochlikdan o‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Veterinariya qo‘mitasi 2 bosh ot noto‘g‘ri oziqlantirish oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi. Holat bo‘yicha tergov oldidan tekshiruv tayinlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

«Hozir siz bilan gaplashyapman, yer esa qimirlayapti». Turkiyadagi zilzila guvohiga aylangan o‘zbekistonliklarning hikoyalari

Turkiyaning so‘nggi 100 yillik tarixidagi eng kuchli zilzila bu mamlakatda yashovchi o‘zbekistonliklar hayotiga ham ta’sir qildi. «Uyim ko‘z oldimda quladi», — deydi ulardan biri. «Uyda ovqatlanib, mashinada tunayapmiz», — deydi boshqa bir vatandosh. «Gazeta.uz» Turkiyadagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.