O‘zbekistondagi rasmiy manbalar 1 hafta mobaynida odamlar o‘limi bilan bog‘liq 11 ta YTH yuz bergani haqida ma’lumot berdi. Yuz bergan hodisalar sabab 22 nafar odam, jumladan, 3 nafar bola vafot etdi.

YTHlarning 3 tasi Surxondaryoda (1, 2, 3), Samarqandda 3 ta (1, 2, 3) qolganlari Toshkent, Jizzax, Farg‘ona, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan.

Surxondaryoda sodir bo‘lgan YTHlar oqibatida 4 nafar, Samarqandda 7 nafar, Qashqadaryoda 4 nafar, Jizzaxda 2 nafar, Toshkentda 2 nafar, Farg‘ona va Qoraqalpog‘istonda 1 nafardan odam halok bo‘ldi.

Halok bo‘lganlarning 10 nafari piyoda, 11 nafari esa mashina ichidagilar bo‘lgan.

Yuz bergan YTHlarning 5 tasi 4 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Unda 10 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, IIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda o‘limlar bilan bog‘liq YTHlar sonini 5 yilda kamida 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

2022 yil fevral oyida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va bog‘chalar oldida transport tezligi 30 km/soatdan oshmasligini aytgandi. Shuningdek, u Toshkent markazida transport tezligi 50−60 km/soat dan oshmasligi, umuman, respublikaning aholi gavjum hududlaridagi gavjum ko‘chalarda tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish kerakligini ta’kidlagandi.

Bu bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilgan. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hisoblanadi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlangan.

Olim Saidov «Gazeta.uz»ga hududlarda ruxsat etilgan harakatlanish tezligini pasaytirish masalasi dekabr oyida uzil-kesil hal bo‘lishini ma’lum qilgandi. Biroq, Respublika komissiyasining hududlarda tezlikni kamaytirish yuzasidan yakuniy qarori hali e’lon qilinmadi.