18-may kuni Toshkent botanika bog‘ida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligiga bag‘ishlangan festival va konsert bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi.

Yevroittifoq festivali, YeI tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar ko‘rgazmasi va gala-konsert yubileyni nishonlash uchun 2024-yilga rejalashtirilgan bir qator tadbirlarning boshlanishi hisoblanadi.

“Bizning uzoq muddatli hamkorligimiz umumiy qadriyatlar va maqsadlarga asoslanadi. YeI O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi va uning xalqi uchun yaxshi kelajakni qo‘llab-quvvatlashda qat’iydir”, — dedi tashkilotning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Interfaol platforma orqali yoshlar, talabalar va barcha xohlovchilar savdo va bandlik, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati, ta’lim va ko‘nikmalar, ekologik barqarorlik, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va meros va boshqa sohalarda YeI tomonidan moliyalashtirilgan 40 dan ortiq loyihalarni o‘rganishi mumkin.

Bundan tashqari, festival dasturidan quyidagilar o‘rin olgan:

  • “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” loyihasi doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha interaktiv o‘yin;
  • “O‘zbekiston qishloq joylarida bandlik ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida viktorinalar va savol-javoblar;
  • YeS-AGRIN loyihalari mahsulotlari taqdim etiladigan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” mahsulotlarini degustatsiya qilish;
  • Erasmus+ Milliy ofisi tomonidan tashkil etilgan ta’lim viktorinalari;
  • Finlyandiya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar va boshqalar.

Oilalar, bolalar va yoshlar uchun turli zonalarda — “Aqliy makon”, “Sport”, “Raqs” va “San'at” zonalarida Yevropa mavzularida viktorinalar, jamoaviy o‘yinlar, rasm chizish va raqs sessiyalari o‘tkaziladi. Bular YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy sheriklikning ramzi bo‘lib, almashinuv va intellektual hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Gala-konsert doirasida Sahar, Marokand, Hooligans guruhlari, Vasilisa Naypak, Elyorbek Meliboyev, Sabina Mustayeva va didjey King Macarella chiqish qiladi.

Festivalga kirish barcha uchun bepul.