Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinadi

Prezident 2023 yildan boshlab texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishini ta’kidladi. OTMlardagi kamida 60 ta yo‘nalish texnikumlarga o‘tkaziladi. Shuningdek, 1 yanvardan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtiriladi.

Kasb-hunar maktablari va texnikumlarda ham dual ta’lim tizimi joriy qilinadi

Prezident 57 ta professional ta’lim muassasasida joriy etilgan dual ta’lim shakli o‘z samarasini bergani — pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun o‘qib, 4 kun bog‘chada amaliyot o‘tagani va oylik olganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba kasb-hunar maktablari va texnikumlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.

Yozda yong‘inlar konditsioner, muzlatkich va quruq o‘tlar sabab kelib chiqmoqda — FVV

Yil boshidan beri 3449 ta yong‘in sodir bo‘lib, unda 82 kishi jabrlangan, 48 kishi esa halok bo‘lgan. FVV yoz oyi boshlanishi bilan yong‘in bilan bog‘liq vaziyat ham faollashganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, aksariyat yong‘inlarga konditsioner, muzlatgich va quruq o‘tlar yoqilishi sabab bo‘lmoqda.

Diniy ta’lim muassasalari uchun qabul sanasi ma’lum qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari uchun qabul sanasi va abituriyentlardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini e’lon qildi.

«Toshkent — mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri» — Antikorrupsiya agentligi direktori

Antikorrupsiya agentligi rahbari Toshkent O‘zbekistondagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri ekanini aytdi. Poytaxtda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni yil davomida uch barobarga oshgan. Bundan tashqari, internetda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarning yarmi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi.

Toshkent shahridagi attraksionlarning 75 foizi nosozligi aniqlandi

O‘zbekistondagi barcha madaniyat va istirohat bog‘laridagi 1879 ta attraksionning 574 tasi texnik nosoz ekanligi aniqlandi. Shundan eng ko‘pi Qoraqalpog‘iston, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtda esa 52 dona attraksionning 39 tasi (75%) yaroqsizligi ma’lum bo‘ldi.

Toshkentda avtobus chiroq ustuniga urildi

Toshkentning Bunyodkor ko‘chasida 56-yo‘nalishdagi «Isuzu» avtobusi piyodalar o‘tish joyida to‘xtagan avtomobil bilan to‘qnashib ketishdan qochishga urinib, chiroq ustuniga urildi. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan va hech kim jarohat olmagan. Mazkur piyodalar o‘tish joyida YTH muntazam sodir bo‘ladi.

Qozog‘istondagi yirik avariyaga o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi sabab bo‘lgani aytilmoqda

Qozog‘istonda ichida 31 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus yonib ketishiga sababchi bo‘lgan yuk mashinasini O‘zbekiston fuqarosi boshqargani aytilmoqda. U yuk avtomobillari harakati taqiqlangan dovondan o‘tayotganda boshqaruvni yo‘qotgan va to‘xtab turgan 4 ta transport vositasiga urilgan.

Toshkentda juftlik kaltaklangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Prokuratura Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yigit va qiz kaltaklangan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Juftlik ularga tuman IIB xodimlari jarohat yetkazganini ta’kidlagandi.

Oliy ta’lim vazirligida yangi vazir o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi

Prezident Oliy ta’lim vazirligida yangi vazir o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani va unga Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlanganini ma’lum qildi. U kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish hamda metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Samarqandning ikki tumanida hokim almashdi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot hamda Ishtixon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.

Diyorbek Ermatov og‘ir atletika bo‘yicha JCHda uchta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Diyorbek Ermatov o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

«O‘zbekiston — mintaqada yetakchi, uning xavfsizligi — mintaqa xavfsizligidir» — AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari

AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari Maykl Kurilla O‘zbekistonga tashrifini har bir mamlakat to‘qnashayotgan xavf-xatarlar va hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari haqida suhbatlashishni ko‘zda tutgan «tinglash safari»ning bir qismiga qiyosladi. U maxsus kuchlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.

O‘zbekistonda Ochiqlik indeksi joriy etiladi

Prezident farmoni bilan Ochiqlik indeksi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 8 ta indekator bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan tashkilotlar rag‘batlantiriladi, salbiy ko‘rsatkich qayd etganlar esa javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, ochiqlikni ta’minlash borasida Antikorrupsiya agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

Qizaloq 10-qavatidan tushib ketgan uyning quruvchilari javobgarlikka tortiladi

Samarqandda qizaloq 10-qavatidan tushib ketgan uyning loyihachi va quruvchilari javobgarlikka tortiladi. Balkondagi panjaraning pastki ochiq qismi loyihaga qaraganda kattaroq ekanligi aniqlandi. «Gazeta.uz» ko‘p qavatli uylarning kamchiliklari haqida yozgandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Global beqarorlik sharoitida O‘zbekistonning JST va YeOIIga qo‘shilish bo‘yicha pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak?

JST yoki YeOIIdan istalgan bittasiga a’zo bo‘lish ikkinchisiga a’zo bo‘lishni osonlashtiradi va O‘zbekiston savdo siyosatini hozirgiga qaraganda sezilarli darajada erkinlashtiradi. Biroq, birinchi JSTga a’zo bo‘lish mamlakatga ustunroq mavqe berishi ehtimoli yuqori, deb yozadi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.