O‘zbekistonda Xitoy tajribasiga tayanib, ipak olishning muqobil usullari yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha 10-may kuni Shavkat Mirziyoyev charm va ipak sanoati mavzusiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga topshiriq berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda pillaning xarid narxi past, shu sababli pillakorlarda manfaatdorlik kam. Shuning uchun pilla xarid narxini 25 foizga oshirish bo‘yicha farmon chiqarildi. Unga ko‘ra, pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10 foizi to‘lanadi.

Bundan tashqari, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yo‘lga qo‘yilgan. Davlat rahbari bu yo‘nalishni O‘zbekistonning iqlim sharoitidan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligini aytdi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinov ishlarini boshlaydi.

Shuningdek, hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etib, hosilni yo‘qotishsiz yig‘ib olinishni ta’minlash topshirildi. Qolaversa, yangi tutzorlar tashkil qilsa bo‘ladigan 105 ming gektar yerni ajratish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksionda beriladi, uning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanadi.