Bolalar ombudsmani va Samarqand viloyati IIB 8-sinf o‘quvchisi ona bo‘lgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi. Xabarlarda qizning onasi ishlash uchun xorijga ketgani, bolaning otasi esa boshqa bir maktabning 10-sinf o‘quvchisi ekani aytiladi.

Aniqlanishicha, Toyloq tumanidagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi — 2009-yilda tug‘ilgan qiz 2023-yil avgust oyida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, 2006-yilda tug‘ilgan yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. 2024-yil 6-may kuni qiz shifoxonada chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Viloyat IIBga ko‘ra, 9-may kuni holat yuzasidan, voyaga yetmagan qizning yoshidan kelib chiqib, ariza bilan murojaat qilinmagan bo‘lsa-da, Toyloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani, o‘z navbatida, bunday toifadagi jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan jabrlanuvchi shaxsiga oid bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor qilish va tarqatish qonunan taqiqlangani hamda bola manfaatlariga zid ekanini eslatib o‘tdi.