10-may kuni ertalab Yerevanda fuqarolik itoatsizligi aksiyalari boshlandi, deb yozadi “News.am”. Namoyishchilar Ozarbayjonga hududiy yon berishlarga qarshi chiqishmoqda, shuningdek, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni iste’fosini talab qilmoqda. Norozilik namoyishlari mahalliy axborot portallarida onlayn translyatsiya qilinmoqda.

Aksiyalarning tashabbuskori Tavush yeparxiyasi rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan edi. U 4-may kuni chegaradagi Kirants qishlog‘ini tark etib, namoyishchilar boshlagan “Vatan uchun Tavush” norozilik marshini boshqardi. 9-mayga kelib ular Yerevanga yetib kelishdi, u yerda minglab odamlardan iborat miting bo‘lib o‘tdi. Deutsche Wellye nashrining yozishicha, Armanistonning postsovet tarixida birinchi marta norozilik aksiyasi cherkov tomonidan o‘tkazildi.

“Bizda norozilikni bildirishning boshqa iloji yo‘q. Va bu muammo nafaqat Tavushdagi kichik qishloqlarga, balki butun mamlakatimizga tegishli”, — dedi Galstanyan.

Namoyishchilarga mamlakatdagi bir qancha universitet talabalari ham qo‘shildi, Sitsian qismida Armaniston-Eron avtomobil yo‘lini yuk mashinasi bilan to‘sib qo‘yishdi.

Bi-bi-si rus xizmatining qayd etishicha, yurish boshlanishidan bir necha hafta oldin chegara qishloqlari aholisi mahalliy darajada norozilik bildirgan, ammo natija bo‘lmagan. Namoyishlarga Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. 19-aprel kuni Armaniston tashqi ishlar vazirligi mamlakatlar chegaraning kichik qismini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha avvalroq kelishib olganini ma’lum qildi. Hujjat chegaradagi to‘rtta qishloqni rasmiy Yerevandan Bokuga o‘tkazishni nazarda tutadi.

Kirants va boshqa yaqin aholi punktlari aholisi Ozarbayjon chegara yaqinidagi yerlarni nazorat ostiga olsa, uylarini tark etishga majbur bo‘lishidan xavotirda, deya aniqlik kiritadi BBC.

Payshanba kuni Yerevandagi Respublika maydonida o‘tkazilgan mitingda, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 31 mingdan 60 minggacha odam yig‘ilgan. Galstanyan yig‘ilganlar nomidan Pashinyanga ishonchsizlik votumini Milliy Assambleyada (Armaniston parlamentida) so‘rashlarini bildirdi.

“Vatan, davlatchilik, marhum o‘g‘lonlarimizning qoni va hayoti qadriga yetsangiz [mitingga chiqing]. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, keyingi 2−3 kun ichida g‘alabamizni qiyinchilikda qo‘lga kiritishimiz uchun bu azoblarni boshdan kechirishimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q”, — dedi u namoyishchilarga.

Muxolifatdagi parlament kuchlari bosh vazirga ishonchsizlik votumi jarayonini boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar, biroq ular hukmron “Fuqarolik kelishuvi” partiyasining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj ekanini ta’kidladilar. Partiya vakillari esa, ularning fikricha, yetakchilari Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan ta’sirida harakat qilayotgan norozilik harakati bilan muzokaralar olib borishdan ma’no ko‘rmasligini allaqachon ma’lum qilgan.