O‘zbekistonda 9 may kuniga siyosiy tus bermaslik so‘raldi

«Yuksalish» harakati O‘zbekistonda 9 may sanasini siyosiy tus bermasdan, vazmin hamda jamiyat qadriyatlaridan kelib chiqqan holda nishonlashni so‘radi. Harakat ushbu sana jamiyat uchun tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida qadriyatga aylanib qolganini eslatib o‘tdi.

Kuchli yomg‘ir tufayli Toshkent ko‘chalari yana suv ostida qoldi

Chorshanba kuni kechqurun kuchli yomg‘ir tufayli Toshkent shimoli-sharqida ko‘cha va hovlilarni suv bosdi. Ma’lum qilinishicha, poytaxt hokimi va boshqa mutasaddilar toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlarini kuzatgan.

Mahalliy turistlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlari uchun keshbekni qanday olishi mumkin?

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilgan mahalliy turistlar uchun keshbek Turizm vazirligining elektron platformasi orqali to‘lab beriladi. Bunda turistlardan safar davomida avia, temir yo‘l yoki avtomobil transporti va turar joy xizmatlaridan foydalanish, qolaversa, madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish talab etiladi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon mintaqadagi xavfsizlik masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqoti davomida bir-birini Ramazon hayiti bilan tabriklab, ikki tomonlama hamkorlik va Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif qildi.

Tez yordam xizmatining uchta «xo‘jayini» bor, yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan — prezident

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning o‘zida viloyatlardan tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha 50 mingdan ortiq shikoyat kelib tushganini tanqid qildi. «Sababi, sohada yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ya’ni tez tibbiy xizmatning uchta „xo‘jayini“ bor», — dedi prezident. Eng katta muammo — shoshilinch yordam bemorga yaqin shifoxonada emas, bakli faqatgina biriktirilgan shifoxonada ko‘rsatilishida ekanligi aytildi.

Toshkentda SHHT turizm forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonning 2022 yildagi SHHT sammitiga raisligi doirasida 19−20 may kunlari Toshkentda tashkilotga a’zo davlatlarning turizm sohasi mutasaddilari ishtirokida turistik forum bo‘lib o‘tadi.

Toshkent aeroportida bagaj bo‘linmasi ishini efirga uzatish boshlandi

«Toshkent» xalqaro aeroportiga yetib kelgan yo‘lovchilar o‘z yuklarini endi kameralar orqali kuzatishlari mumkin. Bu yukchilarni intizomga chaqirishi va kutish vaqtini qisqartirishga xizmat qilishi kerak. Ilgari yo‘lovchilar chamadonlarning shikastlangani haqida ko‘p shikoyat qilishardi.

Sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sudlanuvchilarga hukm o‘qildi

Qarshida sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. 26 nafar ayblanuvchi orasida uch nafar voyaga yetmagan bola va uch nafar ichki ishlar organlari xodimi ham bor. Ulardan 19 nafari 3 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ayblanuvchilar moddiy va ma’naviy zararni ham qoplashlari shart.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, imtihonlar aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladi.

Maynerlar uchun ro‘yxatdan o‘tish va energiya uchun oshirilgan tarif joriy etiladi

O‘zbekistonda maynerlar uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish, elektr energiyasiga oshirilgan tariflar va boshqa talablar joriy etilmoqda. Faqatgina kompaniyalar mayning bilan shug‘ullanishi mumkin. To‘lov vositasi sifatida kriptovalyutadan foydalanish taqiqlanadi.

Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari va ularning murabbiylari rag‘batlantiriladi

Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylar va boshqa mutaxassislar qo‘shimcha ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Nest One osmono‘par binosi qurilish maydonchasida yong‘in sodir bo‘ldi

Tashkent Sity`dagi Nest One osmono‘par binosi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi, jabrlanganlar yo‘q.

Andijonga Xitoydan 14 ta avtobus keltirildi

Andijonga Xitoydan konditsioner va kuzatuv kamerali 14 ta yangi avtobus keltirildi. Ular 70 yo‘lovchini tashish imkoniga ega.

Qibrayda qurilish boshlagan ikki kompaniya qishloq xo‘jaligi yerlariga 1,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi

Qibray tumanida ikki kompaniya sug‘oriladigan ikkita yer maydonida noqonuniy qurilish ishlari olib bordi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yetkazilgan zarar 1,8 mlrd so‘mdan ortiq deb baholandi.

Fuqaroni pul evaziga Shvetsiyaga ishga yuborishni va’da qilgan korxona rahbari ushlandi

Poytaxtning Chilonzor tumanida korxona rahbari fuqaroni 4 ming dollar evaziga Shvetsiya davlatiga ishga yuborishni va’da qilib, undan so‘ralgan summaning 2 mingini olgan vaqtida ushlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

«Bu Toshkentning brendi». Chorsudagi 7 ta kichik gumbaz ham madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritiladi

Madaniy meros agentligi Chorsu bozoridagi markaziy gumbazga hamohang tarzda qurilgan 7 ta kichik gumbaz davlat muhofazasiga olinganini ma’lum qildi. Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyevning so‘zlariga ko‘ra, gumbazlar Toshkentning yuzi hisoblanadi. Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimovning fikricha, Eski-Juva makonini arxeologik yodgorlik sifatida saqlab qolish kerak. Agentlik Chorsu bozorini Eski shaharning tarixiy hududi sifatida ro‘yxatga olishni rejalashtirayapti.

Teddi kostyumi Mikki Maus kostyumidan qulayroq. Ayiqvoylar niqoblari ortida kimlar yashirinadi?

Tug‘ruqxonalar oldida, istirohat bog‘larida va to‘y-bazmlarda Mikki Maus, Burunduq hamda boshqa mashhur multfilmlar qahramonlari kostyumlarini kiyib olgan odamlarni uchratish mumkin. Animatorlar niqoblari ortida kim yashirinadi, bu ish uchun qancha haq to‘lashadi va bunday kiyimning ichida bo‘lish qanchalik issiq — «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina A’zam ushbu savollarga javob izladi.

Kinologlar va xavfsizlik kuchlarining xizmat itlari «Dog biatlon»da bellashmoqda (+foto, video)

Chirchiqda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan «Dog biatlon» musobaqasi boshlandi. Unda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining otryadlari o‘z xizmat itlari bilan qatnashmoqda.