Komil Allamjonov Uzmetronom.com asoschisi Sergey Yejkov ustidan arz qildi

Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Uzmetronom.com sayti asoschisi Sergey Yejkov ustidan huquq-tartibot organlariga arz qildi. Bunga Komil Allamjonov himoyasi ostida O‘zbekistonga 4,2 mln dollarlik tilla va brilliant taqinchoqlar noqonuniy olib kirilgani aytilgan «Brilliant bola» nomli maqola sabab bo‘ldi. Mazkur axborotning birinchi manbasi esa Eltuz resursi hisoblanadi.

Energetika vaziri Alisher Sultanov lavozimidan ozod etildi

2019 yildan beri energetika vaziri sifatida ishlab kelayotgan Alisher Sultanov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Bosh prokuratura yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifatini nazorat qiladi

Prezident joriy yilda viloyatlarda jami 2300 km, poytaxtda 250 km sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish hajmi shu yili 18 mln tonnaga yetkaziladi. Bosh prokuratura mazkur yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi. Import qilinadigan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi.

OTB Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga kredit ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki Surxondaryo (111 km) va Buxoro (87 km) viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 273,8 mln dollar miqdorida qarz mablag‘larini ajratmoqda.

Antimonopoliya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov lavozimidan ozod etildi. U UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi chiqqan edi va haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markazi ishga tushgandan keyin davlat imtihon markazlari yopilgani noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan edi.

2022 yil O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sekinlashib, 4% ni tashkil qiladi — OTB

OTB prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi sekinlashib, 4% ni tashkil etishi kutilmoqda. O‘sish sur’atining sekinlashishi mamlakatda xususiy iste’molning qisqarishi va natijada sanoat hamda xizmatlar sohasi kengayishining cheklanishi bilan izohlangan. Bank mamlakatga «yashil o‘sish» va xususiy sektorning rivojlanishi yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan.

Bobir Islamov bosh vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

Prezident qarori bilan yangi tashkil etilgan bosh vazir maslahatchisi — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi lavozimiga Bobir Islamov tayinlandi. U 2017 yildan beri qo‘mita raisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston sudi raisi etib saylandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sessiyasida Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston sudi raisi lavozimiga saylandi. U mazkur lavozimda Gulnara Bazarbayevaning o‘rnini egalladi.

Andijonda bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimi hibsga olindi

«Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimi qo‘lga olindi, ular post orqali 5,5 mlrd so‘mlik yukni noqonuniy tarzda olib o‘tilishiga yordam bermoqchi bo‘lgan.

Chinozda bank xodimi fuqarolar nomiga ruxsatsiz kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlandi

Chinoz tumanida bank xodimi «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida fuqarolarga ajratilgan 2 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini turmush o‘rtog‘i va yaqinlarining nomlariga ochilgan dehqon xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazib, pullarni naqdlashtirib kelganlikda gumon qilinmoqda. U, shuningdek, 10 nafar fuqaroga ularning xabarisiz kredit ajratib, pullarni o‘zlashtirgani ma’lum qilindi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar va fotoreportajlar

Kosmonavtlar maydoni rekonstruksiyasi: nima noto‘g‘ri qilindi?

Toshkentda Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Bu yerdagi granit plitalar almashtirildi va yangi o‘simliklar ekildi. Biroq, san’at va arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich «rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», deb hisoblaydi. U shu kabi ishlarni qilishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Shuhrat G‘aniyevning yopiq bayonnomasi klaster va fermerlarda savollarni tug‘dirmoqda

Namangan viloyatining Norin tumanida mahalliy hokimiyat Iftihor Kiyim Sanoat klasterini boshqa bir klaster — Uztex Uchkurgan bilan uch yildan buyon ishlab kelayotgan fermer xo‘jaliklariga biriktirmoqchi bo‘lmoqda. Klasterlarni o‘zgartirish bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev tomonidan imzolangan yig‘ilish yopiq bayonnomasida ko‘zda tutilgan. Uztex 2022 yil uchun fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarning bir qismini moliyalashtirgani, biroq viloyat hokimi yon berishni istamaganini ma’lum qildi. Fermerlarning aytishicha, ular joriy klasterdan mamnun. Iftihor Kiyim Sanoat esa «bu yerlarni so‘ramaganliklarini» bildirdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mart oyidagi yog‘ingarchilikning hosilga ta’sirini baholadi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari mart oyidagi noqulay ob-havo sharoitining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sirini o‘rgandi. Sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlari zarar ko‘rmagan.

Prezident SHHT sammiti o‘tadigan Samarqand turizm markazini qurishni tezlashtirishga ko‘rsatma berdi

Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni SHHT sammiti o‘tkaziladigan Samarqand turizm markazini qurishni tezlashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berdi. Loyihaga ko‘ra, ushbu majmuada kongress xoll, «Abadiy shahar» karvon saroyi, 8 ta mehmonxona qurish ko‘zda tutilgandi. Hozirgi kunga kelib, mehmonxonalar, qadimiy shaharchalar, yo‘l va ko‘priklarni qurish ishlari olib borilmoqda (foto).

Foto: Orol dengizining XKSdan ko‘rinishi

XKS kosmonavti Oleg Artemev internet foydalanuvchilari iltimosiga ko‘ra Orol dengizi suratlarini e’lon qildi. Suratda O‘zbekistondagi G‘arbiy va Sharqiy Orolning bir-biri bilan ingichka suv yo‘li bilan tutashgani hamda Qozog‘istondagi Kichik Orolning zumrad oynadek turgani aks etgan.

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uylar, mehmonxona, kinoteatr va restoranlar quriladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab 610 gektar maydonda quriladigan binolar loyihalari bilan tanishdi. Uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar to‘rt qavatli va to‘rt xil dizaynga ega bo‘ladi. Shuningdek, piyoda va velosiped yo‘laklari, yerosti va yerusti yo‘llari barpo etiladi. Bundan tashqari, prezident Olimpiya shaharchasi loyihasini tasdiqladi.