Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari, mart oyi oxirida “O‘zatom”ga direktor etib tayinlangan Azim Axmedxadjayev “Gazeta.uz” muxbirining O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar qaysi bosqichda ekani haqidagi savoliga javob berdi.

So‘nggi bor bu mavzuda mart oyi so‘ngida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘ribosari Kirill Komarov gapirgandi va AES qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar “ancha muvaffaqiyatli” kechayotganini ta’kidlagandi.

Korporatsiya rasmiysi mutaxassislar allaqachon AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonni batafsil o‘rganib chiqqani va eng maqbul texnologik yechimlarni aniqlaganini aytgan. Komarov “Rosatom” istalgan vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishishga tayyorligini qo‘shimcha qilgandi.

“Gazeta.uz” muxbiri Rossiya rasmiylari loyihaga kirishishga tayyorligi haqida bayonotlar berayotgani haqida eslatdi.

“Biz hozir faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti, hech narsaning anig‘i yo‘q. Rossiya tomoni ham sal umumiyroq aytmoqda, lekin buni qandaydir qo‘shimcha qo‘shib, boshqa hikoyaga olib chiqishyapti. Lekin, umuman olganda, hozir hech narsa yo‘q. Faqat umumiy gap. Ular bilan faqat qaysi yo‘nalishlarda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar faqat energetika yo‘nalishi bo‘yicha gaplashmayapti.

“Chunki atom faqat energetika emas. Meditsina ham bor, qishloq xo‘jaligi ham bor, suv tozalash ham bor va hokazo. Hozir shu kabi boshqa yo‘nalishlarni o‘rganib chiqyapmiz. Shundan keyin qaysi soha bizga yaqinroq ekani va qaysi sohani birinchi bo‘lib rivojlantirishimiz kerakligini aniq tushunamiz”, — deya ta’kidladi “O‘zatom” direktori.

Azim Axmedxadjayev, shuningdek, atom energiyasi bo‘yicha boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borilmayotganini aytdi.

“Hech qaysi davlat bilan aniq muzokaralar bo‘layotgani yo‘q. Boshqa davlatlardan har xil takliflar kelib tushmoqda. Masalan, Amerikadan yoki Koreyadan. Har xil takliflar bor, ularni ish tartibida ko‘rib chiqamiz”, — dedi Axmedxadjayev.

Avvalroq O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Daryo”ga bergan intervyusida O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha loyihaning holatiga izoh bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Rosatom” agentligi bilan uchrashuv va muzokaralar davom etmoqda.

“Bizda MAGATEning talablariga asosan protseduralar amalga oshirilyapti. Ya’ni maydonni litsenziyalash, me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonlari ketmoqda. So‘nggi paytlarda kichik modulli reaktorlar bo‘yicha texnologiyalar rivojlanyapti. Kelishuvga asosan shuni ham parallel ravishda tahlil qilyapmiz. Katta stansiya qurish kerakmi yoki kichik quvvatli stansiyalar qurish bo‘yicha hozir tahlillar olib borilyapti. Nafaqat Rossiya, boshqa xorijiy davlatlar tajribasi, texnologiyasi o‘rganilyapti. Shuning uchun bu borada ishni to‘xtatganimiz yo‘q”, — degan vazir.

“Juda katta strategik loyiha bo‘lgani uchun shoshilmasdan, barcha narsani o‘lchab, yetti marta emas, yetmish yetti marta o‘lchab, hamma narsasining hisob-kitobini, tahlilini qilgan holda prezidentimizga hisobot kirita olamiz”, — dedi Mirzamahmudov.

“Daryo” intervyusi 2023-yil 23-noyabr kuni e’lon qilingandi. Shu bilan birga, Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev 27−28-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Primakovskiye chteniya” forumida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv ishlari yakuniy bosqichda ekanini ta’kidlagan.

“Bizning tushunishimiz bo‘yicha, 2019-yilda barcha asosiy qarorlarga erishdik. Pandemiya ko‘plab jarayonlarni to‘xtatdi, biroq men o‘zbek loyihasini to‘xtatilgan loyiha deb atay olmayman. Atom elektr stansiyasi qurilishi yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda”, — degandi “Rosatom” rahbari va u loyihani ishlab chiqish davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

“Biz, jumladan, kam quvvat, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar berdik. Shartnoma ustida ishlash yetarlicha intensiv davom etmoqda va, menimcha, umuman olganda, biz shartnoma imzolashdan yiroqda emasmiz”, — deya Lixachevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “TASS”.

2023-yil may oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasi qurish masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, shuningdek, bir vaqtning o‘zida kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganayotganini ta’kidlagandi. “Atom elektr stansiyasini qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir… Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi u.

2022-yil yozida Energetika vazirligi rahbarining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish xarajatlarini kamaytirish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi. “AESda ishlab chiqarilgan energiya bizga qanchaga tushadi? Boshqa manbalarga nisbatan raqobatbardosh bo‘ladimi? Iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lmasa, ma’no yo‘q”, — degandi u.