O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonning Norin daryosida amalga oshirilayotgan Qambarota GES-1 investitsiya loyihasini “O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi. U bu haqda 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi taqdimotda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, yashil elektrostansiyalarni yaratish mamlakat oldidagi ustuvor vazifa hisoblanadi. So‘nggi yillarda 2 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 1,6 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh va shamol elektrostansiyasi tarmoqqa ulangan. Buning natijasida 1,5 mlrd kv/soat yashil energiya ishlab chiqarilgan.

“Ayni vaqtda xorijiy hamkorlarimiz bilan 14 mlrd dollarlik 12 GVt li 31 ta yashil generatsiya quvvatlari barpo etilmoqda. 3 ta quyosh elektrostansiyasi doirasida 300 Mvt quvvatlar tarmoqqa ulandi. Joriy yil yakuniga qadar yana 2 GVt dan ortiq yashil enegriya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada joriy yil yakuniga qadar yashil energiya quvvatlari ulushini hozirgi 18 foizdan 30 foizga yetkazishimiz kutilyapti. Umuman, 2030-yilgacha yurtimizda ishlab chiqariladigan jami elektr energiyasining 40 foizi yashil energiya hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda”, — dedi Abdulla Aripov.

Uning ta’kidlashicha, gidroenergetika yashil energiyaning muhim yo‘nalishi va ajralmas qismi hisoblanadi.

“Bu yo‘nalishda nafaqat yurtimizda, balki qardosh qo‘shnilarimiz bilan hamkorlikda umumiy qiymati 3,4 mlrd dollariga teng ikkita yirik loyihani amalga oshirishga bel bog‘ladik. Birinchisi — Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda qiymati 2,9 mlrd dollar bo‘lgan 1860 Mvt quvvatli Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Mazkur loyiha Qirg‘iz Respublikasi hududida — Norin daryosida barpo etilib, yiliga 5,6 mlrd kv/soat ekologik toza energiyani ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu loyiha O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga egadir. Bunda nafaqat ekologik toza enegriya ishlab chiqariladi, balki mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish imkoniyati ham yaratiladi”, — dedi O‘zbekiston hukumati rahbari.

Aripov Jahon banki ushbu loyihani amalga oshirishni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagani va ayni paytda faol ishtirok etayotganini “quvonarli” deb atadi va bank va uning rahbariyatiga mintaqadagi muammolarni hal etishga qaratilgan ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqishga grant mablag‘larini ajratgani uchun O‘zbekiston hukumati nomidan minnatdorlik bildirdi.

“Fursatdan foydalanib, boshqa xalqaro moliya institutlarini ham ushbu loyihada faol ishtirok etishga taklif qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.

“Biz, o‘z navbatida, qisqa muddatda uch tomonlama hukumatlararo bitimni imzolab, amaliy ishlarni boshlash uchun qo‘shma korxona tashkil etish niyatidamiz. Stansiya tomonidan ishlab chiqarilgan yashil energiyaning Qirg‘iz Respublikasi ehtiyojidan ortgan qismini O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan kafolatli sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolaymiz”, — deya ma’lum qildi Abdulla Aripov.

2-may kuni, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi — Prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovni qabul qildi va ular ham Qambarota GES-1 loyihasining amaliy jihatlariga e’tibor qaratdi.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha qo‘shma kompaniya tuzishi, unda Qirg‘iziston ulushi 34 foiz, Qozog‘istonniki 33 foiz va O‘zbekistonniki 33 foiz bo‘lishi haqida xabar bergandik. Har bir tomon kompaniya ta’sischisini mustaqil ravishda belgilaydi. Tomonlarning ulushlari o‘zgarishsiz qoladi, ularni birlashtirish, boshqaga o‘tkazish va sotish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika vazirlari Qambarota-1 GES qurilishi loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Samarqandda 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muzokaralar chog‘ida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li va Qambarota-1 GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratgandi.

Undan avval ham “Qirg‘izistonda Qambarota-1 GES qurilishi” sarmoyaviy loyihasini birgalikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitim va elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha protokol imzolangan.