Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistonga 4R156 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Toshsoqa — Amudaryo — A380 avtomobil yo‘li"ni rekonstruksiya qilish uchun 238 million dollargacha miqdorda suveren kredit ajratdi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Tegishli kelishuv Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolandi.

Xorazm viloyatida 81 kilometrga yaqin yo‘l rekonstruksiya qilinib, Amudaryo ustidan ko‘prik qurilishi kutilmoqda.

“Bu strategik muhim yo‘l Urganchni Qozog‘istonga A380 yo‘li bilan bog‘lovchi transport tarmog‘ining bir qismi va Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligining 2-yo‘lagi hisoblanadi”, — deyiladi YTTB tomonidan e’lon qilingan press-relizda.

Qurilish ishlari tugallangach, hozirgi bir qatorli 2-toifali yo‘l ikki qatorli 1-toifali avtomobil yo‘liga aylanadi. Shuningdek, bank mablag‘lari 4R156 yo‘li bo‘ylab yordamchi infratuzilmani modernizatsiya qilishga yordam beradi.

“Loyiha yangi yo‘lning o‘tkazuvchanligini sezilarli darajada yaxshilaydi, shu orqali Xorazm viloyatida savdo va turizmni rag‘batlantiradi”, — deya ta’kidlanadi YTTB xabarida.

O‘zbekistonda bo‘lib turgan YTTB prezidenti Odil Reno-Basso shunday dedi: “Biz ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki u O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi strategik maqsadlarimizga javob beradi. Bu, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi bilan qamrab olingan global transport va logistika infratuzilmasi yechimlarining bir qismidir”.

2024-yil yanvar oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan YI-Markaziy Osiyo transport sohasi investorlari forumida YTTB kelgusi ikki-uch yil ichida Transkaspiy yo‘lagi infratuzilmasi va tegishli transport yechimlariga 1,5 milliard yevro sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgandi.