Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qildi

Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yilda mamlakatda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor o‘zbek paxtasiga 2009 yilda boykot e’lon qilingandi.

YeI va O‘zbekiston 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirishning yangi dasturini ishga tushirdi

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Ko‘p yillik indikativ dasturni ishga tushirdi. U uchta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, inklyuziv va raqamli yashil o‘sish hamda «aqlli» va ekologik toza qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirish. Dasturni moliyalashtirish uchun 83 mln yevro, jumladan, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratildi.

Alimentdan qarzi borlarga avtomobil haydash va uylanish taqiqlanishi mumkin

Prezident farmoni bilan aliment to‘lovchining qarzi va jarimalari aliment to‘lovlari to‘liq qoplangandan so‘ng undirilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga alimentdan qarzi mavjud shaxslarga avtomobil boshqarish, ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish va uylanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi yuklatildi.

14 ta hudud rahbarlariga xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahri hokimlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, qolaversa, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tayinlandi. Ularning barchasi xotin-qizlardan iborat.

AQSh O‘zbekistonga Ukraina va Afg‘onistonga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga «Ukraina va Afg‘oniston xalqlariga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami» uchun minnatdorchilik bildirdi. Abdulaziz Komilov bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va C5+1 formatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Moldovadagi o‘zbekistonliklarni Buxarest orqali evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda

Moldova hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini Ruminiya poytaxti Buxarest orqali evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Ukrainadan vatanga qaytarilganlar soni esa 5282 nafarga (+245) yetdi.

1 maydan «Avtomobil tarixi» xizmati yo‘lga qo‘yiladi

1 maydan O‘zbekistonda «Avtomobil tarixi» davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi. U avtomobilning agregat ma’lumotlari, bosib o‘tgan masofasi, YTH sodir etilganligi, taqiq bor-yo‘qligi va boshqa axborotlarni o‘z ichiga oladi. Xizmat narxi BHMning 10 foizini tashkil etadi.

O‘zbekiston 2021 yilda Rossiyaga gaz eksportini qisqa muddatga tiklagan

2021 yilda O‘zbekiston Rossiyaga gaz yetkazib berishni bir necha oyga tikladi. Eksport hajmi 76,6 mln dollarni tashkil etdi. Bu yil Rossiya bozoriga zangori olov yetkazib berilmadi.

Toshkentda IIB tergovchisi va profilaktika inspektori pora bilan qo‘lga tushdi

Poytaxtning Chilonzor tumani IIB tergovchisi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga chora ko‘rmaslik evaziga 5000 dollar talab qilib, shundan 1000 dollarni olganida ushlandi. Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori esa huquqbuzarlikni rasmiylashtirmaslik evaziga 500 dollarni olganida qo‘lga tushgani ma’lum qilindi. Ular hibsga olinib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Surxondaryoda hokim yordamchisi pora bilan ushlangani aytilmoqda

Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi fuqarodan 60 sotix yer maydonini olib berish evaziga 5,5 mln so‘m so‘ragani xabar qilindi. U pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qidiruvdagi shaxs Shimoliy Makedoniyaga ekstraditsiya qilindi

O‘zbekistonda Interpol tomonidan Yevropa mamlakatlarida o‘ta yirik hajmdagi o‘g‘riliklarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanib qidirilayotgan erkak qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida 9,1 kg «opiy»ni $54 mingga sotgan shaxslar ushlangani aytilmoqda

DXX Toshkent viloyatida 9,1 kg «opiy» ni 54 ming dollarga sotgan shaxslarni qo‘lga olgani aytilmoqda. Ular narkotikni xaridorga berib, undan olgan pullarini tojikistonlik narkosavdogarga yetkazishi kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida Qozog‘iston va Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Davlat organlarida rahbarning kamida bitta o‘rinbosari ayol kishi bo‘ladi

2024 yilgacha barcha davlat organlari va muassasalarida rahbarning kamida bitta o‘rinbosari ayol kishi bo‘ladi. Bu prezident farmonida nazarda tutilgan.

Otabek Fazilkarimov sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi

Moliya vazirligi departament direktori Otabek Fazilkarimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Chorshanba kuni 10 ta hududda koronavirus aniqlanmadi

Chorshanba kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida koronavirusni yuqtirib olish holatlari aniqlanmadi. Kun davomida Toshkent shahri, Surxondaryo, Andijon va Navoiyda jami 14 kishining PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi.

Moratoriyga qaramasdan Farg‘onada 3 tup chinor kesib ketildi

Moratoriy e’lon qilinganiga qaramay Qo‘qon shahrida fuqaro ruxsatsiz 3 tup chinor daraxtini kesib tashlagani aniqlandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi buning oqibatida tabiatga 103 mln so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekistonning Rossiya va Ukraina bilan savdo aloqalari qanday edi?

Rossiya 2021 yilda O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi maqomini qaytarib oldi. Bu mamlakatdan oziq-ovqat, neft mahsulotlari, yog‘och va boshqa tovarlar katta hajmda keltiriladi. Ukraina esa O‘zbekistonning dori vositalari, yarim tayyor metall buyumlari va boshqalarni eksport qiladigan to‘qqizinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. «Gazeta.uz» O‘zbekistonning ushbu ikki davlat bilan savdo-iqtisodiy munosabatlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, harbiy mojaro va sanksiyalar fonida qanday xavf-xatarlar borligini o‘rganib chiqdi.

Soliq imtiyozlari ichki bozorda go‘sht va kartoshka narxlariga qanday ta’sir qildi?

2021 yilning oktabr oyida prezident qarori bilan go‘sht va kartoshka mahsulotlari realizatsiyasi va importi QQSdan ozod qilingan edi. Ushbu soliq imtiyozlari natijasida qisqa muddatga savdoning erkinlashuvi ichki bozorda narx o‘sishining nisbatan sekinlashishiga xizmat qilgan. «Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev importga to‘siqlarning bekor qilinishi import xarajatlarini qisqartirishini va iste’molchilarni boyroq qilishini ta’kidlaydi.