Gulnora Karimovaga Shveysariya bankidagi muzlatib qo‘yilgan $70 mlnlik aktivlari qaytarib beriladi

Shveysariyaning federal jinoyat sudi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan Takilant kompaniyasining muzlatilgan 350 mln dollar ko‘proq mablag‘ning 293 mln dollarini musodara qildi. Taxminan 70 mln dollar esa jinoyat natijasiga qo‘lga kiritilgani aniqlanmagani uchun kompaniyaga qaytariladi. Shu bilan sud Karimova bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida yana bir bobni yopdi. Adliya vazirligi 293 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarishga umid qilmoqda.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga yangi magistral yo‘l quriladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 280 kilometrlik yangi avtomobil va temir yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur yo‘lning Markaziy Osiyo davlatlarini Qozog‘istonning janubiy, markaziy va shimoliy hududlari orqali Rossiya bilan birlashtirishi kutilmoqda.

Foto: Qoraqalpog‘istonda qor yog‘di

Juma kuni Nukus shahri va Qoraqalpog‘istonning bir qancha tumanlarida qor yog‘di. Buning oqibatida jamoat transporti sifatida foydalanilgan 1400 dan ortiq «Damas» mashinalari qatnovdan olingan, tumanlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobus va mikroavtobuslar harakati esa vaqtincha to‘xtatilgan. Qoraqalpog‘istonlik sinoptikning fikricha, shanba kuni tushki vaqtgacha qor yog‘ishda davom etadi va sovuq havo 3−4 kun davomida saqlanib qoladi.

Go‘sht, baliq, kartoshka, o‘simlik yog‘i uchun QQS imtiyozlari yana 4 oyga uzaytirilishi mumkin

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlar, jumladan, o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, go‘sht, tirik hayvonlar, baliq va kartoshka importi va realizatsiyasi uchun QQS berilgan imtiyozlar muddati 2022 yilning 30 apreligacha uzaytirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Samarqand va Surxondaryoda noqonuniy yer sotishga uringan shaxslar ushlandi

Samarqandda o‘zganing fermer xo‘jaligi yeridan 10 gektarni sotmoqchi bo‘lgan ayol, Surxondaryoda esa uy qurish uchun fermer xo‘jalik yerini sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.

UzAuto Motors yozda o‘z Tracker avtomobilini ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda

2022 yil yozi o‘rtalarida UzAuto Motors yangi Tracker avtomobilining kichik uzelli yig‘ishni boshlashni rejalashtirmoqda. Mahalliylashtirish darajasining eng kamida 50 foizni tashkil etishi hamda yiliga 80 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Dam olish kunlari qor yog‘ishi kutilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab havo sovishi, kechalari temperatura -8 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Shanba kuni yomg‘ir yog‘adi, yakshanba kuni esa yomg‘ir qorga aylanadi.

Akademik Temurbek Usmonov vafot etdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, fizik olim Temurbek Usmonov 79 yoshida vafot etdi. U dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorug‘likning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishgan edi.

Sardobada zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini ta’mirlashga 4,4 mlrd so‘m ajratildi

Sirdaryo viloyati hokimi farmoyishiga ko‘ra, Sardoba toshqini oqibatiida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, ta’mirlash ishlari uchun respublika budjetidan 4,4 mlrd so‘m ajratildi.

O‘zbekiston ipoteka krediti olish bo‘yicha MDHda oxirgi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston ipoteka kreditlarini olish bo‘yicha reytingda 111 davlat ichida 104-o‘rinni, MDHda esa oxirgi pog‘onani egalladi.

Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi pora bilan qo‘lga tushdi

Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi maktabdagi ta’mirlash ishlarini bajarilgani haqidagi dalolatnomani tasdiqlatib berish evaziga tadbirkordan 2000 dollar olganida ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

MDH davlatlari prezidentlari Sankt-Peterburgda uchrashadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlari rahbarlarining an’anaviy norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.

DXX Andijonda 12 nafar diniy tashkilot tarafdorini qo‘lga oldi

DXX Andijon viloyatida avval «Hizb ut-Tahrir» tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan, biroq, ozodlikka chiqqach ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilishda davom etgan 12 nafar shaxsni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yoshlar forumi doirasida 40 ta eng istiqbolli startap loyihaga 50 mln so‘mdan berildi

«O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida respublika bo‘ylab tanlab olingan 40 ta eng istiqbolli startap loyihalari g‘oliblariga «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasidan 1 mlrd so‘m, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qo‘shma loyihasi tomonidan esa 100 ming dollar grant mablag‘lari ajratildi.

Buyuk Britaniya kompaniyasi Namanganda 90 mln dollarga kanalizatsiya tizimini quradi

Buyuk Britaniyaning Metito Utilities Limited kompaniyasi Namangan shahrida oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Loyiha qiymati 90 mln dollarga baholanmoqda. obyektdan erkin foydalanish uchun davlat yiliga 9 mln dollar to‘laydi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Yangi yilga viloyatlararo taksi narxlari qancha bo‘ladi?

Turli hududlardan Toshkentda tahsil oluvchi talabalar Yangi yil ta’tilidan oldin uylariga samolyot, poyezd, avtobus va yengil mashinalarda yetib olishadi. «Gazeta.uz» Toshkentdan O‘zbekistonning olis hududlaridan bo‘lmish Nukus, Urganch, Qarshi, Termiz, Buxoro va Farg‘ona shaharlariga qaysi transport turlariga chiptalar qolganligi va taksilar narxi qanchagacha oshishi mumiknligini o‘rgandi.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi noto‘g‘ri belgilar, veloyo‘lak ustidagi bekat va ta’mirtalab bo‘lib qolgan yangi yo‘llar — foto, video

Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi rekonstruksiya ishlari 2020 yilning oxirigacha bitirilishi kutilgan edi. Lekin belgilangan muddatdan bir yil o‘tib ham bu yerdagi qurilish ishlari to‘xtagani yo‘q. Bundan tashqari, ko‘chadagi yangi yo‘l belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilgan, veloyo‘lak ustida bekat qad ko‘targan, yangi yo‘llarning ba’zi qismlari allaqachon ta’mirtalab bo‘lib qolgan. «Gazeta.uz» Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi muammolar haqida reportaj tayyorladi.

Dunyo mamlakatlari konstitutsiyalariga qanday o‘zgarishlar kiritilgan?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda mamlakat Konstitutsiyasining yangi loyihasi tayyorlanishini ma’lum qildi. Yangi konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi aks ettirilib, ekologiyaga oid maxsus bob kiritiladi. «Gazeta.uz» AQSh, Fransiya, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari konstitutsiyalariga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlar haqida maqola tayyorladi.