Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi munosabati bilan yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda. Reuters insayderlariga ko‘ra, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari qora ro‘yxatga kiritilishi mumkin.
YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan O‘zbekiston va Yevroittifoq mamlakat hududidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish, xususan, ikki maqsadli tovarlarni qayta eksport qilish uchun foydalanilmasligini ta’minlash borasida qanday ishlar olib borayotgani haqida ma’lumot berdi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va biznes subyektlari uchun sanksiyalar bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bundan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish maqsad qilingan.
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishda tavsiyalar berib, shubhali o‘tkazmalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi. Tovarlarni qator davlatlar, xususan, O‘zbekiston orqali yetkazish, xaridorning mahsulotdan yakuniy foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim qilmasligi va boshqalar sanab o‘tilgan.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi. Financial Times’ning yozishicha, O‘zbekiston tomoni bu iltimosni amaldagi cheklovlar milliarderning mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritishiga xalal berayotgani bilan izohlagan.
O‘zbekiston rasmiylari Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilish istagi borligini va ularni chetlab o‘tuvchi davlatga aylanish niyatida emasligini tasdiqladi, dedi AQShning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati AQSh bilan sanksiyalar rejimi bo‘yicha maslahatlashgan.
Alisher Usmonovning jiyanlari Buyuk Britaniya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ular Londonning ikkita elit hududida uylarga ega. Ularning aktivlari muzlatilgan.
Ukrainada urush harakatlari boshlangach, YeI va AQSh Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Forbes milliarderning asosiy e’tiborini O‘zbekistonga qaratayotganligi va mamlakatga kiritayotgan sarmoyalar hissasini ikki karra oshirgani haqida yozmoqda.
AQSh Davlat departamenti Rossiya korxonalariga qarshi sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonning Promcomplektlogistic kompaniyasiga nisbatan cheklovlarni joriy qildi. U boshqa kompaniyalar qatorida «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash» da gumon qilinib, «qora ro‘yxat» ga kiritilgan.
Yevropa Ittifoqi Rossiyadan oltin import qilish bo‘yicha cheklovlarga qo‘shilish masalasini o‘rganmoqda. Avvalroq G7 davlatlari Rossiya oltinini yetkazib berishni taqiqlagandi.
O‘zbekistonda banklar qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan olingan kreditlarni ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalarini jalb qilmoqda, deya xabar qildi MB.
O‘zbekistonda banklar o‘z mijozlariga pul mablag‘larining istalmagan tarzda bloklanmasligi uchun xorijiy hamkorlari bilan xalqaro hisob-kitoblarni sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklaridan boshqa banklarga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.
Buyuk Britaniyaning yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan uch ayol, jumladan Alisher Usmonovning ikki singlisi ham kiritildi. Ularning aktivlari muzlatiladi.
AQSh navbatdagi sanksiyalar doirasida Rossiyaga dollar banknotalarini yetkazib berishni taqiqladi. Qolaversa, avtomobil, kiyim-kechak va zargarlik buyumlari eksporti cheklandi. Bundan tashqari, Rossiyadan ikra, dengiz mahsulotlari va spirtli ichimliklar, shuningdek, brilliant va olmoslar importiga ham taqiq qo‘yildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir importi taqiqlanganini ma’lum qildi. Uran importi esa davom etadi. Shuningdek, Britaniya ham 2022 yil oxiriga borib Rossiya neftini import qilishni to‘xtatadi. Ushbu qarorlar ortidan dunyoda energotashuvchilar narxlarida jiddiy o‘sishlar kuzatildi.
Rossiya Markaziy banki 9 sentabrga qadar fuqarolarga naqd valyuta sotishni taqiqladi. Rossiyaliklar banklardagi hisob-raqamlaridan 6 oy davomida 10 ming dollardan ortiq valyuta yecha olishmaydi. Undan ortig‘i faqat rublda beriladi.
Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishlarini e’lon qildi. Agar ushbu tizimlarning kartalari Rossiyada chiqarilgan bo‘lsa, ular faqatgina mamlakat hududida ishlaydi. Biroq boshqa mamlakatlarda va xorijiy onlayn do‘konlarda ishlamaydi. Shuningdek, Rossiyadan tashqaridagi banklar chiqargan kartalar ushbu mamlakatda qabul qilinmaydi.
AQShning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni istisno qildi. OFAC hujjatiga ko‘ra, sanksiyalar tadbirkor 50 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qiladigan kompaniyalarga qo‘llanilamaydi. Ushbu istisno ilgari boshqa sabablarga ko‘ra cheklangan Alisher Usmonovga tegishli aktivlari yoki kompaniyalarning moliyaviy operatsiyalariga taalluqli emasligi aytildi.
Yevroittifoqning rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan joriy etgan sanksiyalari USM xoldingi aktivlariga dahl qilmaydi, deya ma’lumot berdi kompaniya.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan qiymati 10 ming dollardan ortiq xorijiy valyutani olib chiqishni taqiqlovchi farmonni imzoladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting