Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketi bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar qildi Belgiyaning YeI Kengashidagi vakolatxonasi.

“Bu YeI tomonidan tasdiqlangan eng keng qamrovli paketlardan biridir”, — deya aniqlik kiritdi vakolatxona. Paket 24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqini ikki yilligi munosabati bilan rasman tasdiqlanadi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning ta’kidlashicha, YeI sanksiyalar ro‘yxatiga 200 nafar jismoniy va yuridik shaxslarni kiritadi. “Ushbu paket bilan biz mudofaa va harbiy sohalarda sanksiyalardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga nisbatan ko‘proq chora ko‘ramiz”, — dedi u.

Reuters agentligi manbalarga tayanib yozishicha, sanksiyalar Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga kiruvchi hamda ukrainalik bolalarni o‘g‘irlashda ishtirok etgan kompaniyalar va shaxslarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, agentlikning ta’kidlashicha, paketda yangi tarmoq chora-tadbirlari mavjud emas.

Sanksiyalar, shuningdek, Rossiya armiyasi uchun xaridlar tarmog‘iga, xususan, dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetkazib berish tizimiga ham ta’sir qiladi, deya aniqlik kiritdi Reuters. Ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasi kompaniyalaridan tashqari, Xitoyning uchta, Gonkongning bitta kompaniyasi ham kiritildi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen erishilgan kelishuvni izohlar ekan, “Biz Putinning urush mashinasini zaiflashtirishda davom etishimiz kerak”, — deb yozdi.

YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 12-paketi 2023-yil dekabrida qabul qilingan edi. U Rossiyadan zargarlik buyumlari olmoslarini olib kirish, shuningdek, o‘ta nozik tovarlar va texnologiyalarni reeksport qilishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan.