12-mart kuni Yevropa parlamenti (YP) Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o‘tganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonunni ma’qulladi. Tashabbusni 543 deputat qo‘llab-quvvatladi, 45 nafari qarshi ovoz berdi, yana 27 nafari betaraf qoldi, deyiladi YP saytida.

Hujjat ittifoqqa a’zo barcha davlatlarda YI sanksiyalarini qo‘llashni “uyg‘unlashtirish” uchun qabul qilingan. Endi qonun Yevropa kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Keyin YeI mamlakatlariga uni amalda qo‘llash uchun bir yil vaqt beriladi.

“Yangi qonun qonunbuzarliklarning izchil ta’riflarini o‘rnatadi, bu, jumladan, mablag‘larni muzlatib qo‘ymaslik, sayohat taqiqlari yoki qurol-yarog‘ embargosiga rioya qilmaslik, sanksiyalangan shaxslarga pul mablag‘larini o‘tkazish yoki sanksiyalangan mamlakatlarning davlat korxonalari bilan biznes yuritishni o‘z ichiga oladi. Sanksiyalarni buzgan holda moliyaviy xizmatlar yoki yuridik maslahatlar ko‘rsatish ham jazoga tortiladigan jinoyatga aylanadi”, — deyiladi xabarda.

Jismoniy shaxslar sanksiyalarni buzgani yo chetlab o‘tgani uchun YIning barcha mamlakatlarida besh yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. Kompaniyalarga esa jarima qo‘llanadi.

“Rossiya bosqinidan Yevropadagi qonunbuzar jinoyatchilar foyda ko‘radi…Bizga bu qonun kerak, chunki turli milliy yondashuvlar zaiflik va bo‘shliqlar yaratdi”, — dedi Yevroparlamentning maxsus ma’ruzachisi Sofi in’t Veld.

Qonun, shuningdek, Rossiyaning muzlatilgan xususiy aktivlarini sud qarori bilan musodara qilishga ruxsat berishi kutilmoqda.

Fevral boshida YeI Ukrainaga bosqinning ikki yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini tasdiqlagan edi.