Yevropa sudi kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning o‘ziga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi apellyatsiyasini rad etdi. 7-fevraldagi qaror sud saytida e’lon qilindi.

Usmonov 2022-yilning fevralida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyingi dastlabki kunlarda Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan edi. YI uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “juda yaqin aloqaga ega” va “Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlashuvga mas’ul bo‘lgan rossiyalik shaxslarga moddiy yoki moliyaviy yordam ko‘rsatgan” oligarx sifatida tan olgan.

Milliarderning o‘zi esa Putin bilan aloqalari tufayli emas, balki shuhrati va boyligi tufayli YI sanksiyalari uchun qulay nishon bo‘lganini ta’kidladi, deb yozadi Bloomberg.

Usmonov tomoni sanksiya qo‘llash uchun sabab yetarli emasligi, asoslar juda noaniq ekanini ta’kidladi. Biroq sud sanksiya dalillarini yetarli deb topdi va Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni rad etdi.

Yevropa sudi YIning so‘nggi instansiya sudi bo‘lib, uning qarorlari ustidan shikoyat qilish mumkin emas.

  • 2022-yil noyabrida Financial Times O‘zbekiston hukumati milliarderga tegishli boylikning bir qismini mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya qilish imkoniyatini cheklab qo‘ygani uchun YIdan Usmonovga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilishni so‘raganini yozgan.
  • AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Ukraina ham milliarderga qarshi sanksiyalar kiritgan. Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova ham unga tegishli ayrim mol-mulklarning qonuniy egasi ekani sababli sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.