AQSh Moliya vazirligining (OFAC) Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Polarstar Logistics kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda boshqarma saytida xabar berildi.

AQShning yangi sanksiyalari Rossiyaning Ukrainaga bosqini ikki yilligi munosabati bilan, shuningdek, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limiga javoban kiritildi. Cheklovlar Rossiya va uchinchi davlatlar, jumladan, Yevropa, Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi 500 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli.

OFAC Polarstar Logistics kompaniyasining Rossiya bilan qanday aloqasi borligiga aniqlik kiritmadi. Kompaniya saytidagi ma’lumotlardan ma’lumki, u turli murakkablikdagi yuklarni tashish bilan shug‘ullanadi — avtomobillardan tortib tez buziladigan mahsulotlargacha. Kompaniyaning Dubayda (BAA) ham ofisi bor.

Sanksiyalarga Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan Da Group 22 va Elem Group kompaniyalari, shuningdek, Qirg‘izistonning Ukon kompaniyasi ham kirdi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukon Rossiyaga Amerikada ishlab chiqarilgan samolyot komponentlari va qismlarini yuborgan. Da Group 22 va Elem Group elektron va telekommunikatsiya uskunalari hamda ehtiyot qismlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi, deb yozadi Qozog‘iston OAVlari.

Bu Markaziy Osiyo kompaniyalarining AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Bundan avval AQSh O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston korxonalariga Rossiya Federatsiyasiga sanksiyalangan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar joriy qilgan edi.