Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Isroilga qarshi sanksiyalar va ularning oqibatlari birinchi marta “jiddiy muhokama qilindi”. Bu haqda jurnalistlarga yig‘ilishdan so‘ng Irlandiya tashqi ishlar vaziri Mixol Martin ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 26−27-may kunlari Isroil Rafahdagi chodirlar lagerlarga havo hujumi uyushtirgandi. G‘azoning HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, yana yuzlab odamlar kuyish, sinish kabi hamda bomba parchalaridan jarohat olgan.

Irlandiya tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, Isroilga qarshi sanksiyalar bo‘yicha muhokama ishtirokchilari bir to‘xtamga kelishdan uzoq bo‘lib turibdi. Biroq ularning barchasi Xalqaro sud [BMT] qaror qabul qilgani va Yevropa Ittifoqi har doim bu sudning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagani, uning qarorlariga rioya qilishi kerakligi sharoitida yuz bergan vaziyatdan xavotirda.

Muhokamada Isroil sud buyrug‘ini bajarishi — Rafahdagi harbiy operatsiyani to‘xtatishi va chegara punktini ochishi to‘g‘risida “juda aniq fikr” bildirilgan.

Isroil rasmiylari, o‘z navbatida, Politico nashriga Martinning bayonotlariga izoh bera olmasliklarini va Isroil mudofaasining o‘zi tinch aholi o‘limi bo‘yicha tergov olib borayotgani va “jangovar amaliyotlarda ishtirok etmagan tinch aholiga yetkazilgan har qanday zarardan afsusda ekanliklarini” ma’lum qilgan.

Avvalroq Irlandiya Norvegiya va Ispaniya qatorida Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganini e’lon qilgandi.