Rossiyaning “Gazprom” kopmaniyasi uchun gaz savdosini urushgacha bo‘lgan hajmga qaytarishga kamida o‘n yil kerak bo‘ladi, deb yozdi Financial Times kompaniya rahbariyati uchun tayyorlangan hisobot ma’lumotlariga tayanib.

“„Gazprom“ va yoqilg‘i-energetika kompleksi uchun sanksiyalarning asosiy oqibatlari eksport hajmining qisqarishi bo‘lib, u 2035-yilgacha 2020-yilgi darajasiga chiqa олмайди”, — deyiladi hisobotda. Shu bilan birga, hujjatda 2035-yilga borib kompaniyaning Yevropaga gaz eksporti yiliga o‘rtacha 50−75 mlrd kub metrni tashkil etishi, ya’ni urushdan oldingi darajadan uch baravar kamroq bo‘lishi prognozi mavjud.

Financial Times`ning yozishicha, 2023-yil yakunida kompaniya rahbariyatiga taqdim etilgan 151 sahifali hisobot Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban kiritilgan G‘arb sanksiyalari “Gazprom” va butun Rossiya energetika sektoriga qanday zarar yetkazgani haqidagi eng ochiq e’tiroflardan biri hisoblanadi.

Hujjatda aytilishicha, sanksiyalar Rossiya energetika sanoatini gazni quvurlar orqali tashish uchun zarur bo‘lgan turbinalar va ularni ta’mirlash uchun zaruriy ehtiyot qismlar kabi muhim texnologiyalardan mahrum qilgan.

Shuningdek, Rossiya energoresurslar eksportidagi “Gazprom” ulushi qisqarayotgani aytilgan. Suyultirilgan gaz eksportidan farqli o‘laroq, quvurlar orqali gaz yetkazib berish G‘arb sanksiyalaridan qattiq zarar ko‘rgani ta’kidlangan. Hujjat mualliflari kompaniyaga gazga yangi bozorlarni topishida davlat tomonidan sezilarli yordam ko‘rsatilmasa, o‘sishga qaytish qiyin bo‘lishini aytgan.

Ushbu bozorlardan biri Xitoy bo‘lishi mumkin, biroq o‘tgan haftada Moskva va Pekin o‘rtasida “Sibir kuchi-2” yangi quvur liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani xabar qilingandi. Ma’lum bo‘lishicha, Xitoy tomoni gazni ularga ham Rossiya federal hukumati tomonidan subsidiya qilinadigan ichki bozor narxlariga yaqin narxlarda sotishni talab qilgan. Shu bilan birga, Pekin ushbu quvur quvvatining ma’lum qismi miqdoridagi gazni sotib olmoqchi, xolos (quvurning o‘tkazuvchanlik quvvati yiliga 50 mlrd kub metrni tashkil etadi).