Rossiya Ukrainaga qarshi urushda qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalangan texnologiyalarni qo‘lga kiritishini to‘xtatish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari yetarlicha harakat qilmayapti, deb yozmoqda Bloomberg. 2023-yilning yanvar-sentabr oylarida YeIdan Rossiyaga 450 mln yevrolik yuqori ustuvorlikka ega tovarlar yetib borgan.

Nashrning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, tovarlarning chorak qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ittifoq hududidan jo‘natilgan, qolgan qismini esa Rossiya asosan uchinchi davlatlar orqali import qilgan.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tayotgan savdoda ishtirok etayotgan davlatlar qatorida Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Serbiya va Xitoy kabi mamlakatlardan tashqari Rossiyaga yaqin joylashgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston ham borligi aytilgan. Ittifoqning Rossiya bilan yuqori ustuvorlikka ega tovarlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy savdosi urush boshlanganidan keyin to‘xtatilgan. Lekin bu tovarlarning YeIdan uchinchi mamlakatlarga eksporti ularning o‘rnini to‘ldirmoqda.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi va uning hamkorlari so‘nggi oylarda sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘p ishlarini “umumiy yuqori ustuvorlikka ega tovarlar” ro‘yxatiga qaratgan. Bu ro‘yxatga Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi qo‘llangan raketalar va boshqa harbiy tizimlarda topilgan yoki ularni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yarimo‘tkazgichlar va elektronikalar kabi o‘nlab butlovchi qismlar hamda ilg‘or texnologiyalar kiradi.

Kiyev iqtisodiyot maktabining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2023-yilning yanvar-oktabr oylari orasida 8,77 mlrd dollarlik jangovar tovarlarni import qilgan — bu tovarlar ro‘yxati YeIning yuqori ustuvorlikka ega tovarlar ro‘yxatining analogi hisoblanadi.

Bloomberg avvalroq ushbu savdoning aksar qismi Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi minglab kichik kompaniyalar tarmog‘i orqali amalga oshirilishini, ularning aksariyati Xitoyda joylashganini va ko‘pincha turli yurisdiksiyalarda bir necha bosqichlar orqali faoliyat yuritishini ma’lum qilgandi.

“Yevropa Ittifoqining ichki baholash hisobotlariga ko‘ra, savdoning bir qismi blokning o‘zidan amalga oshirilganini ko‘rsatmoqda, sanksiyalarni qo‘llash uchun mas’ul bo‘lgan a’zo davlatlar va kompaniyalar bilib yoki bilmagan holda buni to‘xtatish uchun juda kam harakat qilmoqda”, — degan rasmiylardan biri nashrga.

Shuningdek, yana bir rasmiy nashrga Yevropa firmalarining chet elda faoliyat yuritayotgan filiallari sanksiyalangan mahsulotlarni ishlab chiqarib, ularni o‘rtadagi mamlakatlardagi vositachilar orqali Rossiyaga eksport qilayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sky News Britaniya korxonalari O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya va Armanistonga keyinchalik Rossiyaga ketadigan tovarlar, jumladan, dron va og‘ir texnika uchun uskunalar jo‘natatayotgani haqida yozgandi. 2022-yildan beri Britaniyadan ushbu 4 davlatga “yuqori ustuvorlikka ega tovarlar” eksporti 500 foizdan ko‘proqqa oshgan.